19:10 / 19.04.2020
27268
O‘zbekistonda yaqin vaqt ichida 400 mingga yaqin kishini koronavirusga tekshirish rejalashtirilmoqda

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibulla Oqilov ma'lum qildi.

«Ayni paytgacha 100 mingdan ortiq inson koronavirus bo‘yicha testdan o‘tkazildi. Yaqin vaqt ichida ushbu raqamlar yarim millionga yetkazilishi rejalashtirilgan», – dedi Habibulla Oqilov 19 aprel kuni AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Eslatib o‘tamiz, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari Bahrom Almatov 17 aprelga qadar O‘zbekistonda 136 ming kishi koronavirusga tekshirilganini ma'lum qilgandi.

Undan oldin esa koronavirus yuqtirishi ehtimoli yuqori bo‘lgan kasb egalaridan test olina boshlanishi mumkinligi aytilgan edi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bugungi brifingda Habibulla Oqilovning boshqa savollarga bergan javoblarini ham keltirib o‘tdi.

Virusning yengil yoki og‘ir kechishi qondagi rezus-faktorga bog‘liqmi?

Yo‘q, qon guruhi va rezus-faktorga kasallik kechishining aloqasi yo‘q.

Vrach akusher-ginekologman. 18 aprelda mutaxasisligim bo‘yicha attestatsiyadan 5 yil o‘tgani tufayli qayta o‘tishim kerak edi. Karantin tufayli Toshkentga bora olmayman. Buxgalteriya toifa muddati tugashi haqida xabar qilyapti. Bu qanday bo‘ladi?

Karantin davrida barcha toifalar muddati uzaytiriladi va toifaga bog‘liq bo‘lgan to‘lovlar to‘lanishi davom etaveradi. Toifaga attestatsiya karantindan so‘ng topshiriladi.

Yetkazib berish xizmatida haydovchiman. Har gal «GAI» xodimlari to‘xtatganda hujjatlarni qo‘liga olib tekshiradi. Birida qo‘lqop bor, birida yo‘q. Koronavirus qog‘oz va plastikda bir necha kun yashashi to‘g‘risida ma'lumotlar bor. YPX xodimlari o‘zi tarqatuvchi bo‘lib qolmaydimi?

Siz YPX xodimlariga hujjatlaringizni ochiq ravishda, qo‘liga bermasdan ko‘rsatishingiz mumkin. Har gal hujjatlarni qo‘lga olgandan so‘ng qo‘llaringizni tarkibida spirt bo‘lgan dezinfeksiya vositalari bilan ishlov bering.

27 martda karantinga olingan edik. Bizning hududda bir kishidan koronavirus aniqlandi. Karantin muddati uzaytiriladimi?

Karantin qoidalariga ko‘ra, aloqada bo‘lganlar orasida infeksiya yuqtirgan bemor aniqlansa, qolganlar uchun ham karantin uzaytiriladi.

Shahar ichkarisidagi xususiy mehmonxonalarda koronavirusga gumonlanuvchilarni karantinga joylashtirish epidemiologik va huquqiy jihatdan to‘g‘rimi?

Darhaqiqat, shahar ichidagi ayrim xususiy mehmonxonalarda yashash uchun karantin hududi tashkil etilgan. Biroq bu gumon qilinganlar uchun emas, balki ishlashda davom etayotgan tashkilot va idora xodimlari uchun. Ular uchun alohida transport yo‘lga qo‘yilgan. mehmonxona atrofi maxsus qo‘riqlanadi va bu jarayon, masofa saqlanganida, qo‘shnilar uchun xavf tug‘dirmaydi

Xalqaro yo‘nalishdagi xorijdan qaytgan haydovchilar uchun koronavirusga tahlil topshirishni qanday tashkillashtirish mumkin?

Koronavirusga tahlilni kasallik alomatlari bo‘lganda topshirish zarur. Alomatlar bo‘lmaganda shart emas.

Hozirgi vaqtda maxsus komissiya tomonidan tahlil o‘tkazish huquqini xususiy klinikalarga ham berish masalasi o‘rganilmoqda. Shundan so‘ng istagan kishi tahlil topshirishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top