21:17 / 19.04.2020
23102

Qirg‘izistonda kelayotgan hafta koronavirus avj olishining eng yuqori darajasi kutilmoqda 

Qirg‘izistonda kelayotgan haftadayoq koronavirusga chalinishlar sonining keskin oshishi kutilmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Nurbolot Usenbayev ma'lum qildi.   

Foto: Getty Images

“Dastlabki ma'lumotlarimizga ko‘ra, keyingi haftada, ehtimol, kasallikning eng yuqori darajasi kuzatilishi mumkin. Ehtimol, bu vaziyatda kattaroq raqamlar qayd qilishimiz mumkin. Biroq kasallanish cho‘qqisidan keyin kasallanishlar soni kamayib boradi”, deb aytgan Usenbayev.

“Biz bunday xulosaga pandemiya boshqa davlatlarda qanday kechgani haqidagi ma'lumotlarni tahlil qilish jarayonida keldik. Virusning tarqalishi va faolligi sur'ati ko‘p jihatdan bir-biriga o‘xshash. Kasallanishning eng yuqori darajasidan keyin barqarorlashuv, so‘ngra esa kasallanganlar soni kamayishi kutiladi. Biz choralar ishlab chiqdik va yangi holatlarga qarshi tayyormiz. Biroq bir narsani aniq aytishim mumkin, biz vaziyatni nazorat ostida ushlash uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiramiz. Bizda buning uchun barcha zarur vositalar mavjud. Agar kerak bo‘lsa, mavjud zaxiralarni jalb qilamiz. Yana bir bor fuqarolarga murojaat qilib, ulardan uyda qolishlarini so‘rab qolaman. Agar o‘zingizni betob his qilayotgan bo‘lsangiz shifokorlarga  murojaat qiling va yaqin odamlar hamda tanishlar bilan muloqotni cheklashga harakat qiling. Shuningdek, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirishingizni so‘rayman. Bularning barchasi sizning foydangiz uchun”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis.

Uning ma'lum qilishicha, respublikaning barcha chegara postlarida shifokorlar mamlakatga kirayotgan yuk mashinalari haydovchilarining sog‘lig‘ini tekshirish maqsadida koronavirusni aniqlovchi ekspress-testlar qo‘llashni boshlashgan. 

19 aprel holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda koronavirusga chalinganlar soni 554 nafarni, undan vafot etganlar soni 5 nafarni tashkil qilmoqda. Kasallanganlardan 134 nafari shifokorlar va kichik tibbiy xodimlardan iborat. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top