21:35 / 19.04.2020
31819

«Sheriklarim piyoda ketishgandi, endi bu yo‘l ham yo‘q» – Namanganlik asalarichilar muammoga duch kelishdi

Bugungi kunda karantin ta'sir qilmagan, tashvish tug‘dirmagan sohaning o‘zi qolmadi. Koronavirus pandemiyasi xavfi tufayli insonlar sog‘ligini himoya qilish uchun qabul qilingan qat'iy choralar doirasida shaxsiy transport vositalarida harakatlanish uchun maxsus ruxsatnoma (stiker) joriy qilindi. Natijada ma'lum xizmat turlarida ishlovchi kishilar harakati cheklandi.

Bu cheklovlar asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Asalarichilik sohasiga faqat asal ishlab chiqarish bilangina baho berib bo‘lmaydi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining changlanishida asalarilar muhim rol o‘ynaydi. Asalarilar yordami bilan hosildorlik oshishini bilgan dehqonlar, bog‘bonlar asalarichilikni yo‘lga qo‘yishga, shu soha vakillari do‘st bo‘lib ularga sharoit yaratib berishga urinadilar.

Namangan shahridan tahririyatga aloqaga chiqqan bir guruh murojaatchilar ularga ruxsatnoma berilmayotgani sababli, asalarilarni boqish uchun shaxsiy avtomobillarida tumanlarga, tumandan shaharga, umuman asalari boqiladigan joylarga borib-kelish masalasi muammoga aylanganini bildirishdi.    

«Kun.uz saytida Jizzaxga borib piyoz ekkan beshariqlik dehqonlar muammosini o‘qidik. Ayni paytda biz ham xuddi shunday muammolarga duch kelmoqdamiz. Kasbimiz asalarichilik. Namangan shahrida yashaymiz, arilarimizni yilning fevral oyidan dekabr oyigacha Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlaridagi bir necha hududlarda parvarish qilib boramiz. Asalarilarga fevral-dekabr oylarida doimiy qarov kerak. Aynan hozirgi vaqtda arilar tuxum qo‘yishlari uchun ozuqa berib, ramkalarga mum qo‘yadigan davr.

Ular vaqtida parvarish qilinmasa, tegishli tadbirlar o‘tkazilmasa, ari uyalari bo‘linib ketib, nobud bo‘ladi. Biz arilarimizni shahardan 78 km uzoqlikda bo‘lgan joylarda parvarish qilamiz. Ikki sherigim o‘sha hududga 2 kun oldin piyoda yo‘lga chiqib ketishgan. Namanganda karantin yanada qat'iylashib, endi piyoda yurish ham muammoga aylanib qoldi.

Shaxsiy avtomobillarimizda harakatlanishga ruxsat beruvchi stiker olish uchun adliya bo‘limlariga, viloyat hokimligi, Namangan davlat o‘rmon xo‘jaligiga bir necha bor murojaat qildik. Lekin, muammo hal bo‘lmadi.

Sizlarga ko‘plab asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan insonlar nomidan murojaat qilmoqdaman. Yetti nafar asalarichi nomidan turli mutasaddi tashkilotlarga yozgan murojaatlarimizni ham jo‘natyapmiz. Har birimizda 300 qutidan asalarilar bor. Namanganda bu soha bilan shug‘ullanuvchi kishilarning soni juda ko‘p. Muammolarimiz hal bo‘lishiga umid qilib qolamiz», deydi asalarichi Zayniddin Xolmirzayev.    

Karantin o‘z qoidalari bilan karantin. Albatta unga bo‘ysunmaslikning iloji yo‘q. Shunday bo‘lsa ham oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, qishloq xo‘jaligida  xodimlariga ularning texnikalariga harakatlanishlari uchun ma'lum imtiyozlar berildi. Asalarichilik ham oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi soha bo‘lishi bilan birgalikda ziroatchilik, bog‘dorchilikda, ekinlarni changlatishda muhim o‘ringa ega. Shuning uchun asalarichilikni qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarli darajada sharoit yaratib berish zarur.

Elmurod Ermatov

Top