09:02 / 19.04.2020
29701
Zararlangan hujjat Afg‘oniston prezidenti saroyida koronavirus avj olishiga olib keldi

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani saroyida ishlovchi xodimlarning kamida 20 nafari koronavirusga chalindi. 

Foto: Wakil Kohsar, AFP

Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vazirligidagi yuqori lavozimli mansabdor shaxsning ma'lum qilishicha, bunga saroyga hukumatning boshqa bir idorasidan keltirilgan zararlangan hujjat sabab bo‘lgan.

“Ba'zi xodimlar testlar natijalari hali olinmaganda ham prezident ma'muriyati binosida ishlashda davom etganlar va shu sababli ularni hamda oila a'zolarini izolyatsiyalashga to‘g‘ri keldi. Taxminimizcha, kasallanganlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkin”, deb qo‘shimcha qilgan amaldor.

Ashraf G‘anining rasmiy vakili Sodiq Sodiqiyning ta'kidlashicha, Afg‘onistonning fuqarolik xizmati bo‘yicha komissiyasi davlat xizmatchilariga uyda qolishga ko‘rsatma bergan va mamlakatda avval kiritilgan cheklovlar yana 3 haftaga - may oyi o‘rtasigacha uzaytirilgan. 

O‘z ma'muriyatida koronavirusga chalinganlar borligi haqidagi ma'lumotdan keyin 70 yoshli G‘ani o‘z xodimlari bilan aloqani cheklashga va ularning katta qismi bilan raqamli aloqa vositalari orqali muloqot qilishga qaror qilgan. Ma'lum qilinishicha, sog‘lig‘ida ba'zi muammolarga ega G‘ani aksariyat uchrashuvlarni videoanjuman shaklida o‘tkazmoqda va o‘z atrofidagi sanoqli odamlar bilangina shaxsan uchrashmoqda.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top