12:23 / 20.04.2020
8201
FIFA sobiq prezidenti: «JCh-2022 mezbonligini Qatar emas, AQSh olishi kerak edi»

FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatter JCh-2022 mezbonligi Qatarga emas, balki AQShga berilishi kutilganini, ammo Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi hammasini barbod qilganini aytdi.

Foto: FIFA

Yozef Blatter — dunyo futboli tarixidagi eng mashhur va nufuzli mulozimlardan biri. 1981-1998 yillarda shveysariyalik FIFA bosh kotibi, 1998-2015 yillarda prezidenti bo‘lib ishlagan. Uning rahbarligida 5ta jahon chempionati o‘tkazildi.

2015 yilda Yozef Blatter JCh-2018 mezbonligini Rossiyaga, JCh-2022 mezbonligini Qatarga berilishidagi korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar tufayli futboldagi faoliyatdan 6 yilga chetlatilgan edi. Rossiyaning «Izvestiya» nashri 84 yoshli sobiq mulozim bilan suhbatlashib, bu haqdagi fikrlari bilan qiziqdi.

— O‘zingizni karantinda qanday his qilyapsiz?

— O‘zimni yaxshi his qilyapman, hamma qatori karantinda o‘tiribman. Har doim uyimdaman. Do‘stlarim men haqimda qayg‘urmoqdalar. Hech kim meni tark etmagan.

— Koronavirusning qattiq zarbasi futbolni butunlay to‘xtatishi va bu sport turi odatdagi ko‘rinishidan ajralishi mumkinmi?

— Aslo. Futbolni to‘xtatib bo‘lmaydi. Futbolning asosida insonning instinkt harakatlari – oyoq bilan tepsinish yotadi. Bola ham ona qornida tepsinadi. Hamma shu harakatlarni qiladi. Shular asosida futbol paydo bo‘lib, jamiyatning bir qismiga aylangan. Qoidalar haqida bir narsa deyolmayman, ammo 100 yildan keyin ham odamlar futbol o‘ynashadi.

— UYeFA barcha ligalardan mavsumni yakunlab olishni talab qilmoqda. Bunga nima deysiz?

— Menimcha, bu hozirgi vaziyatda o‘rinli va muhim talab. Hozir xalqaro emas, balki, ichki musobaqalar muhim. UYeFA milliy chempionatlarni yakunlab olish bo‘yicha to‘g‘ri talab qo‘ymoqda. Hatto muxlislarsiz bo‘lsa-da, ichki chempionatlarni yakunlab olish kerak.

— Pandemiya tugagach, zamonaviy futbolda nimalar o‘zgaradi?

— Ishonchim komil, pandemiya FIFA prezidenti Janni Infantinoning jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48taga yetkazish haqidagi g‘oyasiga e'tiborni jalb qiladi. Hozir unda 32ta jamoa ishtirok etmoqda. Menimcha, jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirmaslik kerak.

— Bu inqirozdan chiqish uchun FIFA va UYeFAga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Futbol yakka holda inqirozdan chiqolmaydi. Demak, u dunyo hukumatlari qarorlarini hurmat qilishi, ularga moslashib olishi kerak. Chunki biz jamiyatning bir qismiga aylanganmiz. UYeFA bu borada to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti – avvalo milliy chempionatlar haqida qayg‘urmoqda. FIFA esa yuqorida aytganimdek, voqelikka qaytishi kerak.

— O‘yinlarni muxlislarsiz o‘tkazish shartmi?

— Bunga qarshi emasman. Chunki futbolni o‘ynash kerak. Yana bir jihati – futbol professional sportga aylangan. Futbolchilar ishlashi kerak, o‘z vazifasini bajarishi kerak. Ikkinchidan, futbol TV translatsiyalaridan olinadigan daromadlarga bog‘lanib qolgan. Agar daromadingiz bo‘lmasa, moliyaviy muammolarga duch kelasiz. Shu tufayli, bo‘sh tribunalar ostida o‘ynalsa ham, TV translatsiyalar huquqini sotib, ligalar va klublar «jon saqlab qolishi» mumkin.

— Janni Infantinoning FIFA prezidenti lavozimidagi ishiga qanday baho berasiz?

— Men uning jahon chempionati ishtirokchilari sonini ko‘paytirish haqidagi taklifiga qarshiman. Bu futbolning rivojlanishiga salbiy ta'sir qiladi. U men bilan aloqalarni uzgan. FIFA bilan fikrimiz bir joydan chiqmayapti. Bu tashkilotdagilar o‘zining sobiq rahbariga hurmatni yo‘qotgan.

— AQSh hozirgi murakkab sharoitda JCh-2018 va JCh-2022 mezbonligi huquqini qo‘lga kiritishda pora berilgani haqidagi mavzuni ko‘tarayotganiga qanday munosabat bildirasiz? 

— Bu masala bo‘yicha o‘tkazilgan sudlarda guvoh sifatida ishtirok etganman. Rossiyadagi jahon chempionati 2018 yilda o‘tkazildi. Tugab bo‘lgan chempionatga hujum qilish nimaga kerak? Hozir buning vaqti emas-ku? Qayd qilishim joizki, ular aynan Rossiyadagi jahon chempionatiga qarshi bo‘lishdi va Qatardagi jahon chempionatiga unchalik e'tibor berishmadi. Ular 2014-2015 yillardan boshlab bunga faol qarshilik qilishni boshlashdi. Hammasi Tsyurixdagi FIFA kongressidan boshlandi. AQSh xatti-harakatlari meni hayron qoldirmayapti.

— Rossiya Futbol Ittifoqi faxriy prezidenti Vyacheslav Koloskov bayonotiga ko‘ra, siz Rossiyaga qarshi bormaganingiz uchun futboldan chetlatilibsiz. Bunga nima deysiz?

— Do‘stim Vyacheslavga aytishim mumkinki, mutlaqo unday emas. Men Rossiya tufayli futboldan chetlatilmadim. Biz FIFA prezidenti bo‘lishga intilayotgan Platinini to‘xtatmoqchi edik. Men 2019 yilgacha bu lavozimga saylanib qo‘ygan edim, shu tufayli unga intilmadim. Rossiyaning bunga hech qanday aloqasi yo‘q.

— FIFA JCh-2018 mezbonini tanlab adashmaganini qachon tushunib yetdingiz?

— Buni shu zahoti tushunganman, chunki o‘zim tanlaganman. 2010 yilda Tsyurixda bu masala bo‘yicha uchrashdik va kelishib oldik. 2018 yilgi jahon chempionati Rossiyada, 2022 yilgisi AQShda o‘tkazilishi lozim edi. Dunyodagi ikkita katta kuch mundialni o‘tkazib, bir-biri bilan do‘stona kelishib olishiga umid qilgandim. Ammo so‘nggi pallada Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bu ishga aralashib, hammasini barbod qildi. U vatandoshi, UYeFA prezidenti Mishel Platinini AQSh nomzodini emas, Qatar nomzodini yoqlashga ko‘ndirdi. Natijada, AQSh saylovda 4ta ovozni yo‘qotdi. Shu ish yuz bermaganida 2022 yilgi jahon chempionati AQShda o‘tkazilardi, bu katta muammolar esa yuz bermasdi.

— Hakamning video-yordamchisi tizimiga (VAR) qanday munosabat bildirasiz. Uning joriy qilinishi bilan futbol jiddiy o‘zgardimi?

— Futbol, hakamlar va o‘yin nazorati ham o‘zgardi. Bu tizimning ba'zi ijobiy tomonlari bor, ammo uning vaqti yetib kelmadi deb hisoblayman. Hatto hozir ham u yetarli darajada sinovdan o‘tkazilmadi. Vaziyatlar turlicha talqin qilinmoqda va ligalardagi muammolar hali ham mavjud. Shunigdek, muxlislar ham VAR orqali qabul qilinayotgan qarorlarni tushunishmayapti. Hali ko‘p narsalarni sozlab olish kerak, ayniqsa muxlislarni bu haqda xabardor qilish masalasini. Biz televideniye bilan futbolni jahonga yoyish maqsadida hamkorlik qilyapmiz. Ammo hech qachon televideniyedan futbolga hakam bo‘lishni so‘ramaganmiz.

Birinchi Yevropa chempionatining o‘tkazilishiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan «Izvestiya» Yozef Blatterdan eng yaxshi futbolchilardan iborat ramziy jamoani tuzishni so‘radi.

FIFA sobiq prezidentining tanlovi quyidagicha bo‘ldi:

Darvozabon: Lev Yashin (Rossiya).

Himoyachilar: Paolo Maldini (Italiya), Frans Bekkenbauer (Germaniya), Jyerar Pike (Ispaniya).

Yarimhimoyachilar: Yohan Kroyf (Niderlandiya), Bobbi Mur (Angliya), Zinedin Zidan (Fransiya), Ferens Pushkash (Vengriya).

Hujumchilar: Krishtianu Ronaldu (Portugaliya), Uve Zeyeler (Germaniya), Marko van Basten (Niderlandiya).

Murabbiy: Visente del Boske (Ispaniya).

Top