08:15 / 20.04.2020
19716
«G‘alati, lekin ish beryapti» – Kolumbiya poytaxtida ayol va erkaklarning bir kunda ko‘chaga chiqishiga taqiq qo‘yildi

Lotin Amerikasiga koronavirusning kirib kelishi hududdagi davlatlarni turlicha usullar bilan virus tarqalishining oldini olishga undamoqda. Masalan, Kolumbiya poytaxti Bogotada ayol va erkaklarga boshqa-boshqa kunlarda ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmoqda.

Foto: Raul Arboleda/Agence France-Presse - Getty Images

Bogotadagi oziq-ovqat rastalarida, xiyobonlarda, mototsikllarda, xullas, hamma yerda faqat erkaklar, deya shahardagi vaziyatni tasvirlaydi The New York Times nashri.

«Bu cheklov g‘alati, lekin ish beryapti», – deydi o‘sha manzaradagi yolg‘iz ayol – hamshira Ardriana Perez.

Kolumbiyadan oldin Panama ham ko‘chaga chiquvchi odamlar sonini jinslar tamoyili asosida cheklashni joriy etgandi. Bunda haftaning toq kunlari faqat erkaklar, juft kunlari faqat ayollar uydan ko‘chaga chiqishi mumkin.

Qoidabuzarlar bir oylik o‘rtacha ish haqi miqdorida jarima to‘laydi

Foto: The New York Times

Bogotadagi kunlik navbat bilan ko‘chaga chiqish tartibi ba'zi odamlar uchun, masalan, oziq-ovqat sanoati va tibbiyot tizimida ishlaydiganlar uchun yoki ayrim zaruriy holatlarda istisno qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, uy hayvonlarini sayrga olib chiquvchi har qanday jins vakiliga ham kuniga 20 daqiqaga ko‘chaga chiqishga ruxsat etiladi. Bulardan tashqari, ruxsat etilmagan paytda ko‘chaga chiqib qoidani buzgan shaxsga 240 dollar jarima solinadi. Bu pul Kolumbiyadagi o‘rtacha bir oylik ish haqiga teng.

Bogota meri Klaudiya Lopezning aytishicha, aholini bu tarzda jinsiy ajratish – huquqbuzarlarni aniqlashda politsiya uchun eng qulay yo‘ldir.

Foto: The New York Times

Kolumbiya karantin davridagi bu ayirish tartibi Bogotaning juda yaxshi tanilgan yo‘l harakati tartibiga o‘xshab ketadi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Bogota – 8 million aholi yashaydigan, dunyodagi eng tirband yo‘l qatnoviga ega shaharlardan biri. Shuning uchun hukumat mashina avtoraqamlarining oxirgi sonlariga qarab, ularga belgilangan kunlarda ko‘chada harakatlanishga ruxsat beradi.

Karantin yuzaga chiqarayotgan iqtisodiy tanglik

Foto: The New York Times

Kolumbiyada karantin qoidalari joriy etilganiga 1 oy bo‘ldi. Harakatning cheklanishi, asosan, kunlik va haftalik ish bilan noqonuniy tarzda ishlab oilasini ta'minlayotganlar uchun qiyin bo‘lmoqda.

Masalan, Yesika Benavides ismli ayolning Bogota ko‘chalaridan birida erkaklar orasida shirinlik sotishga harakat qilayotgani kuzatildi. Uning qo‘lqopi ham, niqobi ham yo‘q edi. Chunki ayol o‘zida bor yolg‘iz niqobini o‘zi bilan ko‘chaga olib chiqqan 3 yoshli o‘g‘li Nikolga taqib qo‘ygan edi.

«Biz har kuni ko‘chaga chiqamiz. Agar chiqmasak, och qolamiz», – deydi Yesika.

Uning aytishiga qaraganda, yonidagi o‘g‘li Nikoldan tashqari yana 2 farzandi ijara xonada qolgan. Ijara uchun esa har kuni pul to‘lash kerak.

Yangi karantin tartiblari Bogotada tilanchilik holatlarini ham ko‘paytirmoqda.

Ayni paytga kelib, Kolumbiyada koronavirus yuqtirib olganlar soni 3600dan, qurbonlar 150 nafardan oshgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top