19:16 / 20.04.2020
3545
Ispaniya hukumati maktab o‘quvchilariga imtihonsiz baho qo‘yib bermoqchi, ayrim provinsiyalar bunga qarshi

Ispaniyada karantin tufayli joriy o‘quv yili yakunida o‘quvchilarni baholashning noodatiy usuli taklif qilinmoqda: barcha o‘quvchilarga keyingi o‘quv yiliga o‘tish uchun yetarli ball berilishi mumkin.

Foto: AFP

15 aprel kuni Ispaniya ta'lim vazirligi va mahalliy hokimiyat vakillari o‘rtasida virtual muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda ta'lim vaziri Isabel Selaa boshlang‘ich, o‘rta ta'lim, majburiy o‘rta ta'lim va oliygohga tayyorlov bosqichi o‘quvchilariga keyingi o‘quv yiliga o‘tish uchun yetarli ballni berish taklifini ilgari surdi.

Foto: Eduardo Parra / Europa press
Ispaniya ta'lim vaziri Isabel Selaa

El Pais`ning yozishicha, vazir taklifiga asosan, joriy o‘quv yili oxirida barcha o‘quvchilarga avtomatik ravishda keyingi o‘quv yiliga o‘tish uchun yetarli ball qo‘yib beriladi.

O‘qituvchilar har bir o‘quvchining ballini o‘quv yilining dastlabki ikki chorakdagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi.

O‘quvchi ba'zi fanlar bo‘yicha yakuniy imtihonlardan o‘ta olmasa ham, bu ularning o‘qishdan qoldirilishiga asos bo‘la olmaydi. Qoniqarsiz natija ko‘rsatganlarga keyingi o‘quv yilining avvalida qayta imtihon topshirishlari uchun imkon beriladi.

Bunga sabab – masofaviy ta'limdagi muammolar

Hukumatning bunday taklif bilan chiqishiga masofaviy ta'limdan foydalanish imkoniyatlarining cheklangani sabab bo‘ldi.

Bir oydan ortiqroq vaqtdirki, pandemiya tufayli ispan o‘quvchilari uyda qolishga majbur bo‘lmoqda.

Maktablar onlayn o‘qitish vositalaridan foydalangan holda turli darajada masofaviy ta'limni tashkil etishga harakat qilishyapti. Ammo barcha maktablarda ham sifatli masofaviy ta'limni tashkil etish resurslarining yo‘qligi muammo bo‘lmoqda.

Shuningdek, ispan oilalarining hammasi ham zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, farzandlari uchun masofaviy ta'limga sharoit yaratish imkoniyatiga ega emas. Bu esa o‘quvchilarning ta'limdan orqada qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Universitetga kirish imtihonlari soddalashishi mumkin

Mamlakatda keyingi o‘quv yilida oliy ta'limga hujjat topshirishi kerak bo‘lganlar – bachilerato o‘quvchilari 8,2 mln nafarni tashkil etadi. Statistikaga ko‘ra, ularning 10 foizi ta'limni uyda masofaviy tarzda davom etish imkoniyatiga ega emas.

Shuni inobatga olgan holda, joriy yilda mahalliy universitetlarga kirish imtihonlarini imkon qadar soddalashtirish taklifi ilgari surilmoqda.

Maktablar yozda ham ishlashi mumkin

Ta'lim bo‘yicha ba'zi ekspertlar sog‘liqni saqlash tizimi izn bergan taqdirda maktablarning yozda ham o‘z faoliyatini davom ettirishini taklif qilishmoqda.

Bunda oilaviy sharoit sababli fanlarni uyda o‘zlashtira olmagan o‘quvchilar yozda maktabga kelib o‘qishlari, sport bilan shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi.

«Aksariyat oilalar farzandining masofaviy ta'limini tashkil etish uchun yetarli imkoniyatga ega emas. Farzandi bilan birga dars tayyorlash uchun ham ularda kerakli ko‘nikma va salohiyat bo‘lmasligi mumkin. Bu esa ba'zi o‘quvchilarning ta'limdan orqada qolishiga sabab bo‘ladi», deydi «Bolalarni qutqaring» notijorat guruhi tadqiqotchisi Alvaro Ferrer.

Foto: Santi Burgos/El Pais
Ispan o‘quvchilari mart oyining o‘rtasidan boshlab uyda onlayn ta'lim olmoqda

Ta'lim mutasaddilari ishtirokidagi virtual muloqotda o‘zlashtirishdan orqada qolgan o‘quvchilar uchun yozgi maktab tashkil etish yoki 2020/21 o‘quv yilida ular uchun qo‘shimcha ta'lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish fikrlari ham ilgari surilgan.

Ispaniyada bolalar uydan chiqa boshlashiga qachon ruxsat berilishi hali noma'lum. Bolalarni karantindan oddiy hayotga qaytarish ishlari bo‘yicha koorinator Xose Luis Pedreyraga ko‘ra, bu jarayon bosqichma-bosqich, aniq qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi zarur.

«Bolalar odatiy turmush tarziga qayta boshlaganlarida ijtimoiy masofalanishga rioya qilishi, ko‘cha anjomlariga qo‘l tekkizmasligi, uning uchun mas'uliyatni o‘z bo‘yniga oluvchi kattalar hamrohligida bo‘lishi kerak», deydi Pedreyra.

Hozircha yakdil kelishuv yo‘q

Dastavval ta'lim mutasaddilari yuqoridagi takliflar bo‘yicha yagona kelishuvga erishgan bo‘lsa ham, keyingi ma'lumotlarga ko‘ra, ba'zi provinsiyalar bu takliflarga norozilik bildirgan.

Xususan, Madrid, Andalusiya, Kastiliya-Leon va Basklar mamlakati markaziy hukumat taklif qilayotgan hujjatga qarshiligini bildirdi.

Mursiya bu hujjat shartlarini bajarsa-da, lekin qo‘llab-quvvatlamasligini ma'lum qilgan. Kataloniya esa hali o‘z pozitsiyasini bildirganicha yo‘q.

Poytaxt Madrid rasmiylari Ispaniyaning ta'lim to‘g‘risidagi LOMCE qonuniga asoslangan holda ish ko‘rishini bildirgan.

«Qonunga ko‘ra, bachileratoning birinchi bosqich o‘quvchilari ikkitadan ko‘p bo‘lmagan fanni qoldirsa, keyingi bosqichga o‘tishi mumkin. Bachilerato bitiruvchilari esa barcha fanlarni to‘liq topshira olsagina, o‘qishni tamomlagan hisoblanadi. Bir necha fanlarni qoldirgan o‘quvchilarga ham ta'limning keyingi bosqichiga o‘tish imkonini berish bo‘yicha taklifni qabul qila olmaymiz», deyiladi Madrid mahalliy hukumati axborotida.

Markaziy hukumat ayrim regionlar noroziligiga qaramay, barcha o‘quvchilarga o‘tish ballini berish haqidagi hujjatni tayyorlash fikridan qaytgan emas. Hujjat faqatgina uni qabul qilgan hududlarda amal qiladi.

O‘quv yilini tugatish borasida mamlakat bo‘yicha yakdil kelishuvning yo‘qligi turli hududlarda baholashning har xil shakllarini keltirib chiqarishi, ba'zi o‘quvchilarning oliy ta'limga kirish imkoniyatlari kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma'lumot uchun, Ispaniya – 17ta avtonom provinsiya va 2ta avtonom shahardan iborat. Qirollikdagi qaysidir millat yoki hududning mavqeyi boshqalardan ustun bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ana shunday konstitutsiyaviy tartib belgilangan. Davlat shakli rasman federatsiya deb emas, nomarkazlashgan unitar davlat deb yuritiladi.

Ispaniya ta'lim tizimi to‘rt asosiy bosqichdan iborat:

1. maktabgacha ta'lim;

2. boshlang‘ich ta'lim (6 yil);

3. o‘rta ta'lim:

majburiy o‘rta ta'lim – tabiiy, gumanitar, aniq fanlar va tillar bo‘yicha birdek tahsil beriladi (4 yil);

bachilerato – ixtiyoriy bo‘lib, muayyan sohaga ixtisoslashgan holda o‘qitiladi. Universitetda oliy ta'limni davom ettiruvchilar tayyorlov uchun hujjat topshiradi;

4. oliy ta'lim.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top