23:26 / 20.04.2020
11315
JSST bosh direktori Trampning tanqidiga javob berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga qarshi kurash borasida AQShdan va boshqa davlatlardan hech narsa yashirmayapti, AQShning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) mutaxassislari JSST bilan pandemiyaning ilk kunlaridan ishlashni boshlagan.

Tedros Adanom Gebreyyesus Foto: AFP

Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus matbuot anjumanida aytib o‘tdi. 

“CDC’dan ko‘plab mutaxassislar bizni qo‘llab-quvvatlashgan, ayniqsa pandemiya boshlangandan keyin. JSSTning CDC bilan hamkorligi uzoq tarixga ega va u pandemiyadan boshlanmagan. Bir tomondan, markazlar xodimlarining borligi yordam beradi. Ikkinchi tomondan, CDC’dan hech narsa yashirilmagan. Birinchi kundan boshlab. Chunki amerikaliklar biz bilan ishlagan va JSST ochiq-oydin bo‘lgan, biz hech narsa yashirmaymiz. Biz barcha davlatlar xabarlarni darhol olishlarini istaymiz. Chunki bu davlatlarga tayyorlanishga yordam beradi”, deb aytgan JSST rahbari.    

Gebreyyesusning ta'kidlashicha, tashkilotda sirlar yo‘q, chunki barcha masalalar sog‘liqni saqlash bilan bog‘langan va hayotlarni saqlab qolishga taalluqli. “Biz JSSTda axborot olganimizda, qancha odam kasallangani, qancha odam o‘lgani haqidagi raqamlarni olamiz. Biz ularda shunchaki raqamlarni emas, balki muayyan shaxsni ko‘ramiz. Shu sababli sirlar yo‘q. Axborot paydo bo‘lishi bilanoq u bilan bo‘lishamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Gebreyyesus.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp JSSTni pandemiyaga qarshi kurashda sustkashlikda ayblab, tashkilotning Vashington tomonidan moliyalashtirilishi to‘xtatilishini ma'lum qilgan. Trampning ta'kidlashicha, JSST koronavirus haqida ma'luotlarni o‘z vaqtida taqdim qilmagan va barcha haqiqatni jahon hamjamiyatiga yetkazmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top