08:43 / 20.04.2020
40610
Koronavirus: O‘zbekiston prezidenti oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha yangi qaror imzolashi kutilyapti

Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari qabul qilinadi

Prezidentning “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yergeodezkadastr, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan foydalanilmayotgan yer maydonlarini o‘zlashtirish va ularni aholiga imtiyozli lizing shartlari asosida meva va sabzavot mahsulotlarini yetishtirish uchun berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Belgilanishicha:

a) foydalanilmayotgan va yer osti suvlari mavjud bo‘lgan yer maydonlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan foydalanishga kiritiladi va aholiga imtiyozli lizing shartlari asosida beriladi;

mazkur yer maydonlari meva, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish, issiqxonalar barpo etish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan ajratiladi;

foydalanilmayotgan va yer osti suvlari zaxirasi mavjud bo‘lgan yer maydonlarini o‘zlashtirish uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Uzum yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga birinchi bosqichda 300 mlrd so‘m ajratiladi;

b) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zlashtirilgan yer maydonlarida meva, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish, issiqxonalar barpo etish quyidagi manbalar hisobiga moliyalashtiriladi:

tijorat banklarining oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, shu jumladan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratadigan kreditlari, xalqaro moliya institutlari, tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari, xorijiy investitsiyalar;

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Uzum yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

v) o‘zlashtirilgan yer maydonlarida meva, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish, issiqxonalar barpo etish uchun aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasida imtiyozli lizingga beriladi;

g) yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlariga bo‘lgan ijara huquqi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilikni rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan aniq oziq-ovqat turini yetishtirish sharti bilan 5-10 yilga sotiladi. Bunda ijara huquqini sotishdan tushgan mablag‘lar yangi yer maydonlarining foydalanishga kiritish uchun sarflanadi;

d) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Uzumchilikni rivojlantirish agentligiga foydalanilmayotgan hamda yer osti suvlari mavjud bo‘lgan yer maydonlarining ajratilishiga shaxsan mas'ul hisoblanadi.

Qayd etilishicha, o‘zlashtirilgan yer maydonlarida meva, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish, issiqxonalar barpo etganlarga prezidentning 2019 yil 11 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4549-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda asosiy maydonga ekinlarni 1 mayga qadar to‘liq ekish bo‘yicha kunlik grafiklarni tasdiqlab, har bir klaster va fermer kesimida kunlik monitoring yuritish tizimini yo‘lga qo‘yadi;

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yilda keltirilgan hududlarda quduq qazib, foydalanishga kiritish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

korxonalar va tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati uzluksizligini ta'minlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 2020 yilda ajratilishi rejalashtirilgan 30 trln so‘mlik revolver kreditlarning 2 trln so‘mi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga ajratish uchun yo‘naltiriladi;

eksport shartnomasi bo‘yicha kelgusidagi tushum ta'minoti asosida shaxsiy tomorqa egalari va xo‘jalik sub'yektlaridan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun bo‘nak ajratish maqsadlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchilar hamda eksportyorlarga qisqa muddatli kreditlar ajratiladi. Bunda kreditlar, yaxshi kredit tarixiga ega, kamida 2 yil davomida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faoliyati bilan shug‘ullangan, tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lmagan qayta ishlovchilar va eksportyorlarga ajratiladi;

yengil sanoat mahsulotlarini eksport qilishda temir yo‘l xizmatlari tariflari 2020 yilning 1 iyuliga qadar 50 foizga kamaytiriladi;

2020 yilning 1 dekabriga qadar mineral o‘g‘itlar importiga barcha cheklovlar bekor qilinadi;

2020 yilning 20 aprelidan boshlab qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarida ishtirok etadigan har bir oila parranda boqqan davri (40 kun) uchun, Jamoat ishlari jamg‘armasidan qo‘shimcha 500 ming so‘mdan rag‘batlantiriladi;

Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan pilla yetishtirishning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi mavsumlarida belgilangan hosilni olgan xonadonlarga har bir quti ipak qurti uchun to‘lanayotgan 1,2 million so‘mga qo‘shimcha 700 ming so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bunda, Jamoat ishlari jamg‘armasiga mablag‘lar Inqirozga qarshi kurashish dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan ajratiladi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

a) “O‘zbekchorvanasl” agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan holda 38 ming gektar lalmi va yaylov yerlarni to‘liq o‘zlashtirib, ozuqa ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi;

“O‘zbekchorvanasl” agentligi, tijorat banklari bilan birgalikda joriy yil 1 sentyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida chorvachilik yo‘nalishida 74 ta oilaviy kooperatsiya faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yadi;

joriy yil yakuniga qadar har bir viloyatda kamida 6 ming bosh naslli qoramol tayyorlash va sotishga mo‘ljallangan maxsus xo‘jaliklar tashkil etilishini ta'minlaydi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, tijorat banklari bilan birgalikda:

2020 yilda baliqchilikda intensiv usulni keng joriy qilgan holda, baliq ishlab chiqarish hajmini 350 ming tonnaga yetkazishning prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, tijorat banklari bilan birgalikda har bir hududda bitta tumanning baliqchilikka ixtisoslashgan namunali tumanga aylantirilishini ta'minlaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda joylarda pilla yetishtirish ishlarini muvofiqlashtirish va nazoratini amalga oshirish uchun malakali mutaxassislarni aniqlab, Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirish asosida 20 ming nafar fuqarolarni ishga yollash choralarini ko‘radi.

Davlat soliq qo‘mitasi sun'iy havzalardan foydalanish samaradorligiga qarab yer solig‘ining tabaqalashgan stavkalarini joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar o‘rmon xo‘jaliklarida 16,5 mingta, jumladan, Toshkent viloyatida 3 mingta, Qashqadaryoda 2,5 mingta, Buxoroda 2 mingta, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida 1,8 mingta yangi asalari uyalarini tashkil qilib, asal ishlab chiqarishni ko‘paytirish choralarini ko‘radi.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi Mikrokreditbank bilan birgalikda quyonchilikni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash hamda quyonlar bosh sonini 2 barobarga ko‘paytirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “bir xonadonga – bir quti ipak qurti” tamoyili asosida ipak qurti urug‘i tarqatilishini tashkil etadi;

aniq hisob-kitoblar asosida 2020 yilda 400 ming quti ipak qurti urug‘i boqish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tomorqa maydonlari chetlarida tutlar ekilishini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov) “O‘zpaxtasanoat” AJ tizimidagi korxonalarning ipak qurti boqish inshootlarini “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi tashkilotlarga to‘lovlarni yigirma yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bilan balans (qoldiq) qiymatda investitsiya kiritish sharti bilan sotish choralarini ko‘radi.

Markaziy bank “Aloqa bank” ATB, Asalarichilar uyushmasi bilan birgalikda asal ishlab chiqarishni 5 barobarga oshirish va har bir hududdagi bittadan tumanda asalarichilik klasterini tashkil qilish, 300 tadan 500 tagacha aholi xonadonlariga 20 tadan asalari uyalarini tarqatishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritadi.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Moliya vazirligi:

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan foydalanilmayotgan va yer osti suvlari mavjud bo‘lgan yer maydonlarini o‘zlashtirish uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga birinchi bosqichda 150 milliard so‘mdan jami 300 milliard so‘m ajratilishini ta'minlaydi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda o‘zlashtirilgan yerning ijara huquqini aniq oziq-ovqat turini yetishtirish sharti bilan 10 yilgacha sotish va tushgan mablag‘larni yangi yerlarni o‘zlashtirishga ishlatish tartibini ishlab chiqadi;

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi takliflari asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan davlat dasturi loyihasiga jun, paxta va ipak xomashyosidan gilam ishlab chiqarish yo‘nalishini alohida komponent sifatida kiritadi;

Davlat budjetidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga qo‘shimcha 50 milliard so‘m ajratadi;

tijorat banklari bilan birgalikda meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanma mablag‘ uchun zarur bo‘lgan 258 milliard so‘m kreditni ajratish choralarini ko‘radi.

Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

Transport vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda pandemiya sharoitida mahsulotlarni yuklash, chegaradan o‘tkazishga ko‘maklashuvchi doimiy shtab tashkil etadi;

Joriy yilning may oyiga qadar Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish” loyihasining 200 million AQSh dollarini hamda iyungacha Jahon bankining 500 million AQSh dollar kredit liniyalarini jalb qilish choralarini ko‘radi;

ushbu mablag‘lar hal qilinguniga qadar Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasidan zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratish yuzasidan taklif kiritadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlariga xaridor topish, ularni eksport qilishlarini viloyatlar, tumanlar, eksport qiluvchilar kesimida aniq hisob-kitob qilish ishlarini tizimli ravishda tashkil etadi;

meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarga avtotransport vositalari yuk tashish xarajatlarining 50 foizini Eksportga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan qoplab beradi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘.Barnoyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

ixtisoslashgan 55 ta tumanga biriktirilgan vazirliklar va idoralar rahbarlari bilan birga kredit, urug‘lik, o‘g‘it, suv, transport, eksport bilan bog‘liq masalalarni operativ hal etadi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, Bojxona qo‘mitasi, Transport vazirligi bilan birgalikda asosiy, bog‘ va tokzorlar qator oralariga hamda takroriy maydonlarga talab qilingan urug‘liklarni olib kelish hamda joylarga yetkazish choralarini ko‘radi;

har bir mahallada nooziq-ovqat mahsulotlari savdosi bo‘yicha ko‘chma do‘konlarni tashkil qiladi;

“O‘zkimyosanoat” AJ bilan birgalikda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda o‘zining maxsus o‘g‘it do‘konlarini tashkil etadi va mineral o‘g‘itlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdosini yo‘lga qo‘yadi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda keltirilgan tumanlar kesimida 124 ming gektar foydalanishdan chiqqan hamda yer osti suvlardan foydalangan holda 155 ming gektar yerlarni to‘liq o‘zlashtirilishi choralarini ko‘radi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda dala atrofidagi 95 million tup yakka qator tutlar joylashuvidan kelib chiqib, fermer xo‘jaliklari, paxta va g‘alla klasterlarini pilla boqishga jalb etish taqsimotini tasdiqlaydi.

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi (Aripov):

Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda karantin davrida barcha qoidalarga rioya qilgan holda tumanlar, shaharlar va viloyatlar orasida qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lgan avtotransport, fermerlar va ishchilarni erkin harakatlanishini ta'minlash choralarini ko‘radi;

pandemiya sharoitida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportini amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Oliy Majlis Senatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar xalq deputatlar kengashlari bilan birgalikda qarorda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan viloyat, tuman (shahar)lar hokimlarining hisobotlarini mahalliy kengashlarda eshitish va tegishli baho berib borish tavsiya etiladi.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top