14:09 / 20.04.2020
39689
Mamarizo Nurmuratov: Budjet xodimlarining oyligini qisqartirish – masalaning yechimi emas

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov budjet xodimlarining oyliklarni qisqartirish yechim emasligi, O‘zbekiston boshqa davlatlardan farqli ravishda hozirgi choralarni krizisga qarshi jamg‘arma hisobidan amalga oshirayotgani haqida aytib o‘tdi. U hukumat ham bunday choralarni qo‘llashni rejalashtirmayotgani, oylik maoshlar to‘liq, qisqartirishlarsiz to‘lanishiga ishonch bildirgan.

Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Berdimuratovich Nurmuratov bilan koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror faoliyat yuritishi, banklar tomonidan iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda valuta kursi, inflatsiya ko‘rsatkichlari barqarorligi masalalarida suhbat uyushtirdi.

Bu savol mendan emas, ko‘p ming sonli bankirlar nomidan. Bilamiz, Markaziy bank budjet tashkiloti emas, qonunga ko‘ra regulyator barcha xarajat va daromadlarida mustaqil. Karantin vaqtida va undan keyin xarajatlarni optimallashtirishni maqsad qilib Markaziy bank xodimlari maoshlarini kamaytirish ko‘zda tutilmayaptimi? Va umuman, sizningcha, bu borada, xususan Markaziy bank prudensial nazorati ostidagi tijorat tashkilotlariga maoshlarni kamaytirish borasida qandaydir og‘zaki, norasmiy yoki rasmiy topshiriq yoki bosim o‘tkazilmaydimi? Iqtisodchi sifatida ham fikringizni bilmoqchiman, maoshlarni yoppasiga kamaytirish iqtisodiyotga foyda beradimi yoki ziyon?

— Yo‘q, budjet xodimlarining oyligini qisqartirish – masalaning yechimi emas. E'tibor bergan bo‘lsangiz, boshqa davlatlardan farqli o‘laroq inqirozga qarshi kurashish bizda budjetdan tashqari inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilyapti.  O‘z-o‘zidan budjetga ta'siri bo‘lmaydi, budjetga og‘irligi yo‘q. Ya'ni qilinadigan barcha qo‘shimcha xarajatlar jamg‘armadan qilinadi. Dasturimiz shunisi bilan boshqa davlatlardagi dasturlardan nisbatan farq qiladi.

Ya'ni agar biz hozir budjetdagi bor daromadni favqulodda paydo bo‘ladigan xarajatlarga sarflaydigan bo‘lsak, unda qaysidir xarajatni qisqartirish masalasi qo‘yilishi mumkin. 

Lekin, menimcha, hukumat ham bu narsaga borayotgani yo‘q. Oyliklar qanday bo‘lsa, shundayligicha to‘liq saqlanib qoladi. 

Bu suhbatimiz boshida aytib o‘tganimizdek, talabni belgilovchi omil. Odamlar o‘zi qiynalyapti, majburiy ta'tilda o‘tirib, faoliyatini cheklab. Shunday sharoitda hukumat bunday chora qo‘llash niyati ham yo‘q, xayolida ham yo‘q.

Endi bevosita bank tizimiga keladigan bo‘lsak, bank tizimini muvofiqlashtiruvchi organ sifatida, xodimlarning oyliklari nuqtayi nazaridan emas, xarajatlari nuqtayi nazaridan qaraymiz. Agar oladigan daromadlari kelgusida oladigan daromadlarini hisobga olgan taqdirda ham xarajatlarini qoplamaydigan bo‘lsa, zararga ketadigan bo‘lsa, bank kengashiga xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berishimiz mumkin. Bunda biz oylikmi yoki boshqa xarajatlarni qisqartirishni bankning o‘zi hal qiladi. Biz umumiy xarajatlarni nazarda tutamiz. Bank faoliyati uning kapitalini kamaytirishga, ya'ni zararini kapitali hisobidan qoplashga olib kelmasligi kerak.

Hozir biz barcha tijorat banklariga o‘tgan yilgi daromad bo‘yicha hisoblangan dividendlarni vaqtincha to‘lamay turishni maslahat qilganmiz. Ular har yili aprel oyida to‘langan bo‘lsa, buni sentyabrgacha kechiktirish bo‘yicha maslahat berdik. Ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz.

Hozir eng og‘ir vaziyat bank tizimida. Chunki 20 trillionlik kreditlarni kechiktirdik. Biz ham tashqi mijozlar, ham ichki mijozlar oldidagi majburiyatlarni bajaryapmiz.

Oylikni cheklash haqida gap yo‘q. Agar bank zarariga kirib ketadigan bo‘lsa, xarajatlarni optimallashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma berishimiz mumkin. Buni qanday qilishni bankning o‘zi hal qiladi.

Maoshlarni kamaytirish haqida birinchi marta Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Kun.uzʼga bergan intervyusida gapirib o‘tgandi.

«Xalqaro valuta jamg‘armasi mutaxassisi budjet va davlat sektorida oylik-maoshlarni vaqtincha qisqartirish kerakligi haqida tavsiya berdi. Masalan, 4 mln so‘mdan yuqori hamma oyliklar qisqartirilishi lozim. Iqtisod qilingan pulni hammaga bo‘lib berish, buni jamoatchilik ko‘tarib chiqishi kerak, birdamlik lozimligi aytildi. Shunda jami millat inqirozdan chiqib ketadi. Bu inqiroz hukumatning aybi bilan yuzaga kelmadi. Bu XVJ xodimining gaplari», degandi hukumat vakili.

Keyinroq blogerlar Otabek Bakirov va Qobil Xidirov maosh kamaytirilishi g‘oyasini tanqid qilib chiqishdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top