17:12 / 20.04.2020
38872
Toshkent shahrida yana 23 bemor sog‘aydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida yana 23 nafar bemor sog‘aygani haqida ma'lumot berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 2 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlardan biri 19 yoshli qiz Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Ikkinchi bemor esa Rossiyadan charter reys orqali Toshkentga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. So‘nggi tekshiruvlar ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Mazkur klinikada shu paytga qadar 27 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 29 nafarga yetdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan 21 nafar bemor ham butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 13 nafari charter reys orqali Turkiyadan Toshkentga kelishgan bo‘lib, «Botanika» sanatoriysi hamda O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan edi. Ularda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanishni boshlashgan. Qolgan 8 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 5 nafari erkak, 16 nafari ayollardir. Ulardan 13 nafari Toshkentdan, 6 nafari Toshkent viloyatidan, Farg‘ona va Navoiy viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida shu paytga qadar 11 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 32  nafarga yetdi. 

«Ahamiyatli tomoni, nafaqat koronavirus infeksiyasiga chalinganlar, balki butun aholining umid ko‘zlari shifokorlarda. Shunday jiddiy mas'uliyatni zimmasiga olgan tibbiyot xodimlari esa jasorat va shiddat bilan qahramonlarcha koronavirus balosiga qarshi kurashishga kirishib, samarali natijalarga erishmoqdalar», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shu tariqa, bugun O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 36 nafarga yetib, jami 261 nafarni tashkil etmoqda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top