20:51 / 21.04.2020
24017
Ilohiy muvozanatga daxl qilmaylik - pandemiya tug‘dirgan o‘ylar

To‘g‘risini aytganda, bugun dunyoda insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan holat yuzaga kelgan, deyishga barcha asoslar bor. Garchi hozirga qadar kechgan har bir asrning o‘latlar, urushlar, tabiiy ofatlar bilan bog‘liq o‘z falokatlari kuzatilgan bo‘lsa-da, biroq ular hech qachon butun dunyoni bugungi koronavirus pandemiyasi darajasida to‘la qamrab olmagan edi.

Foto: Athit Perawongmetha

Albattaki, bu yerda gap qurbonlar soni, yo‘qotishlar hajmi haqida emas, balki falokatning jug‘rofiy ko‘lami xususida bormoqda. Bu ko‘lam esa jamiki odamzodni – irqi, yoshi, jinsi, millati, mamlakati, dinidan qat'i nazar – barchani birdek qamrab oldi; inson zoti borki, hammaning aql-u shuuriga, ruhiyatiga, kayfiyat va dunyoqarashiga jiddiy ta'sirini o‘tkazmoqda.

Falokatning qachon tugashi, qanday tugashi, u ariganidan keyingi hayotning qanday tus olishini ham hozircha hech kim aniq aytib bera olmaydi. Odamzod eng yirik vulqonlarning otilishi, katta suv toshqinlari, ulkan yong‘inlar, okean va sahrolardan keladigan dovul va bo‘ronlar, hatto kuchli zilzilani ham ko‘rishi, kuzatishi, ulardan saqlanishning nedir tezkor chorasini topishi mumkin edi. Hozirgi yov esa unga mutlaqo ko‘rinmasligi, uzoqqina vaqt sezilmasligi, sezilganida esa dog‘da qoldira olishi bilan ham g‘oyat xavfli, o‘ta makkordir.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, butun odamzod bir jihatdan hatto kulgili holga tushgan: uning shuncha kuch-qudrati, qurol-yarog‘iyu boyliklari, ming xil ilmiy ishlanmalari, robotlari, son-sanoqsiz nou-xau va boshqa uskunalari ko‘zga ham ko‘rinmas jimitdekkina tanacha qarshisida ojiz-u lol qolgan.

Dunyoning haqiqiy, mumtoz adabiyoti va san'atining jamiki qahramonlarini bepisand chetga surishda bir-biridan o‘taman degan supermenlar ham, o‘rgimchak odamlar-u Betmenlar ham jim-jim, sayyoralararo urushlar qilib yurgan qahramonlar esa to‘rt metrli hovlisiga ham o‘ylab chiqadigan bo‘lib o‘tiribdi. Bir ekrandan soqollari tikandek o‘sib ketgan Terminator ushoqdekkina bo‘lib ojiz termulsa, boshqasidan qancha urushlarda o‘zi yakka yuzlab insonni tutdek to‘kkan Remboning ko‘zi ayb ish qilib qo‘ygan bolanikidek mo‘ltiraydi...

Xuddi real hayotda bo‘lgani singari, adabiyot va san'atda ham kimning kim ekanligi, insoniyatga beradigan ibrati va oqibati nechog‘li ekani ancha ravshanlashib qoldi. Zero, yuqorida tilga olganimiz sintetik «san'at qahramonlari»ga mahliyo bo‘lgan bugungi kun iste'molchisi, masalan. Alber Kamyu ogoh etgan «Vabo»dagi doktor Rieni, Chingiz og‘a dunyoga sog‘ingan Edigeyni deyarli tanimay qolgan edi...

Hozir dunyoning aksariyat millioner shaharlari, qishloq-ovullari, hatto ekin ekiladigan dalalari ham karantinda – odamsiz huvillagan. Odamlarni zeriktirmay olib o‘tirish uchun telekanallarda takror-takror namoyish etilayotgan hujjatli, badiiy filmlarni, lavhalardagi odamga liq to‘la ko‘chalarni, kishilarning o‘zaro qo‘l berib, quchoqlashib ko‘rishishlari, bemalol sayr-u sayohat etishlarini ko‘rib odam beixtiyor g‘alati holga tusha boshlaysan...

Bugun o‘sha odamning jism-u joni karantinga – uzlatga olingan. Biroq uning aqlini, tafakkurini karantin qilib bo‘lmaydi. Aksincha, ma'lum bo‘lmoqdaki, ayni shu sharoitda insonning tafakkur qilish, mulohazaga berilish, o‘z-o‘ziga razm solib ko‘rish imkoniyati ham, majburiyati ham jiddiy oshar ekan.

Avvallari hayot tarzi deyarli avtomatlashib qolgan, u yoxud bu vazifani xuddi zavoddagi robot singari mexanik holatda bajarib kunini o‘tkazgan kishilar ham o‘zida o‘yga berilish, bir masalaga chuqurroq nazar solish, atrofdagilarga qiziqish, hatto, o‘zini o‘zi kuzatish, o‘rganish degan xususiyatlar ham bor ekanini sezmoqdalar, ruhiyatida g‘alati siljishlar, o‘zgarishlarni his qilmoqdalar.

Bularning bari hozirga qadar bizni, hayot tarzimizni, dunyoqarash va mo‘ljallarimizni tutib turgan tushunchalar, qarashlar, mezonlarga qayta nazar solishga, ularni maydaroq ko‘zli elakdan o‘tkazishga undamoqda.

Xohlaymizmi-yo‘qmi, dastlab Xitoydagi bir shaharning bir xonadonida yuz ko‘rsatgan koronavirus infeksiyasining qandaydir ikki-uch oy ichida butun dunyoga tarqalib ketishida kimdir maqtab, kimdir tanqid qilib yotgan globallashuv muhiti muhim omil bo‘ldi. Insoniyatga shuncha imkoniyat, yengillik va huzur berayotgan globallashuv, o‘sha insoniyat so‘raydimi-yo‘qmi, unga bunday «xizmat ko‘rsatishi» ham mumkinligini indamay bildirib qo‘ydi.

Axir, o‘yin halol bo‘lishi kerak-da.

Afsuski, odamzod globallashuv muhiti o‘ziga imkoniyat, yengillik va huzur baxsh etar ekan, buning nimalar evaziga, nimalar hisobiga bo‘layotgani bilan astoydil qiziqmayotgan edi.

Tun-u kun yo‘lga otlanadigan yuz minglab havo va okean laynerlarining ulkan motorlaridan, bir daqiqa to‘xtamay ishlashi lozim bo‘lgan son-sanoqsiz issiqlik elektrostansiyalari, domna pechlar mo‘rilaridan chiqayotgan zaharli gazlar;

ulkan megapolislar iste'molining har kungi pirovard natijasi bo‘lgan millionlab tonna axlat-chiqindilarning aksariyat qismi tabiat qo‘yniga, okeanlarga, daryo va boshqa suv havzalariga tashlanishi, oqizilishi;

«tezroq, ko‘proq, arzonroq» shiori ostida quruqlik va suvdagi hayvon hamda parrandalar, o‘simlik va mevalar genida mutatsiyalar hosil qilinishi, ularning inson organizmida, immun tizimida ne o‘zgarishlar yasashi mumkinligini oxirigacha o‘ylamaslik;

chiroyli terisi qay bir multimillioner nikohsiz yetaklab yurgan xonimning yalang‘och yelkalarida selkillab turishi uchun Afrika dashtlarida jon holiga tushib qochmasin, baribir ushlangan, sanoqligina qolgan qoplonning o‘lim oldidagi dahshatga to‘liq ko‘zlariga mutlaqo bepisandlik;

o‘z ism-u sharifini to‘g‘ri yozish tugul, ruchkani eplab ushlashni bilmaydigan narkobaron barmoqlari bezalishi uchun mangu tog‘lar bag‘ri portlatilib, o‘yib-teshilib olmos-u javohirlar qidirilishi...               

Bir so‘z bilan aytganda, insoniyat olamdagi, ayniqsa, Yer yuzidagi BUYuK MUVOZANATga ortiq darajada, o‘ylamay-netmay daxl qilmoqdaki, buning natijasida shu muvozanat ortga qaytmas bo‘lib izdan chiqib ketishi, oqibatda, halokatli zanjirli reaksiya yuzaga kelishi mumkin.

Mana shu umumjahon, umuminsoniy talvasa holatini idrok etarkansan, iqtidorli adib Isajon Sultonning «Boqiy darbadar» romanidagi bir manzara kishi yodiga keladi: Tiyonshon bag‘ridagi g‘orda istiqomat qiluvchi keksa Avliyoning huzuriga mo‘jiza ko‘rsatishini talab qilib, agar mo‘jiza ko‘rsatmasa o‘ldirajagini aytib tahdid qilaroq bir zo‘ravon keladi. Avliyo bu dunyo zo‘ravoni talabiga javoban mana bu hikmatni aytadi:

«Qara, olamda hamma narsa mukammal bir tartib bilan harakatlanib turibdi. Bahorda bu yerdan turli-tuman nabotot unib chiqadi. Sanog‘ini Tangridan boshqa hech kim bilmaydi. Shuncha nabototning unishi uchun kerak bo‘lgan suvni tomchi-tomchisigacha o‘lchovi bilan bulutlar olib kelib yog‘dirsa, hatto sen qudratini ko‘rib hayratlanishing yoki eski tuproqlarning ichidagi bor-yo‘q jasadlari bilan yuvib, boshqa joylarga ozuqa bo‘lishi uchun olib ketadigan yoxud har ikkalasi uchun ham bo‘ronlar essa, sellar oqsa... Quyosh keragicha qizdirsa, dov-daraxtu o‘t-o‘lanning changlanishi uchun qancha asalari va hasharot kerak bo‘lsa, shunchasi yaratilsa-yu gullarni changlantirishidan tashqari yana bol ham to‘plasa va o‘zining mavjudligi va hayoti bilan yana uning qudratidan xabar berib tursa... Sen aytayotgan mo‘jiza mana shu nizomga qarshi ravishda, shu tartibni buzib paydo bo‘ladigan hodisadir. Ayt-chi, ey Tangrimning bandasi, birgina mening avliyo ekanimga ishonishing mana shu nizomning buzilishiga arziydimi?...»

Odamzod, bo‘lib ham uning omi, savodsiz qismi emas, balki nihoyatda aqlli, olim nomini olgan vakillari mana shu nizom – muvozanatga qarshi ravishda, shu tartibni buzib... inson zotining jinsini o‘zgartirishga, uni hayvon bilan chatishtirishga, bir jinsli nikohlarga kirishishga, jonivorlar genini duragaylashtirishga, sun'iy tuxum ko‘paytirishga, kanalizatsiya chiqindilarini sintez qilib olgan margarinni dunyo bozoriga chiqarishga... o‘zini haqdor sanamoqda.

Xudo ko‘rsatmasin-u, bu singari kirdikorlar oqibati o‘laroq yuzaga chiqajak kasalliklar ko‘lami, dahshati oldida koronavirus balosi ham hech gap bo‘lmay qolishi mumkin...

Holbuki, bugungi taraqqiyot uchun globallashuv shu qadar zarur ekan, butun insoniyat yaxlit tan-u jon – bir butun organizm bo‘lishi ham kerakmi yo‘qmi? Hozirgi holida Yer yuzidagi odamzodni shunday – bir-birovi bilan hamkor, hamnafas umrguzaronlik qilayotir, deb bo‘ladimi?

Afsuski, yo‘q!

Dunyoning bir burchida ortiq darajadagi to‘qlik tufayli yana qanday sho‘xlik o‘ylab topishdan boshqa tashvishi qolmagan lazzatparast, ishratparast, molparast kimsalar bu organizmni bulg‘ab yotgan bo‘lsalar, boshqa burchida och onasining sutsiz ko‘kragini tishlagancha o‘ziga qaratilgan kamera ekraniga jovdirab boqayotgan millionlab norasidalarning malomatga to‘la nigohi sening – tomoshabinlikdan boshqa ish qo‘lingdan kelmasligini unsiz tan olgan insonning ko‘ksini o‘yadi.

Bir paytlar ertaklarga aylangan («Bog‘dodda hamma yoq tinch, hammayoq tinch!...»), dunyo tamadduniga onabag‘irlik qilgan latif shaharlarning bugun o‘liklarga to‘lib ketgan bag‘ridan qochib borarkan, nomardlarning ortidan otgan o‘qidan yuztuban yiqilgan bolajon: «Hammasini Yaratganga aytib beraman...» deya jon taslim qilayotgani... EVAZIGA xuddi shu dunyoning boshqa bir chetidagi aeroportning VIP yo‘lagida turgan, yagona nusxadagi shaxsiy samolyot bortiga biriga qimmatbaho frak va mo‘'jaz shlyapa, boshqasiga etagi va ko‘kraklariga brilliantlar qadalgan qirmizi ko‘ylakchalar kiydirilgan kuchuklarini qo‘shni shahardagi, itlar va itvachchalar uchun ochilgan maxsus restoranga kechki ovqatga olib ketayotgan xonimlar va janoblar navozish bilan chiqib boradilar...

Odam bular va shunga o‘xshash manzaralarga bot-bot guvoh bo‘lar ekansan, bugungi insoniyatning ko‘pchiligi o‘qimay qo‘ygan, o‘qishga qalb va sabr topa olmayotgan F.M.Dostoyevskiyning bir gapi ko‘nglingdan o‘tadi: «Agar uni saqlash uchun kishilarning terisini shilish zarur bo‘ladigan bo‘lsa, unday sivilizatsiyaning manfaatiga, hatto uning o‘ziga ham la'natlar bo‘lsin»...

Vijdonli bir kitobda o‘qigan edim: «Agar sen taqdirning kaftlarida rohatlanib yashayotgan bo‘lsang, uning oyoq barmoqlari orasidagilarni o‘zingdan juda uzoqda, deb o‘ylama!»

Darhaqiqat, Yer sayyorasining yaxlit, uzviy bir jism-u jon ekanini faqat «ma'lumot uchun» qabul qilmay, uning qay bir joyiga zaxa yetsa, buning zarari, ertadir-kechdir, albatta, boshqa joylarga ham ta'sir qilajagini chuqur idrok etmoq, hujayralar bilan his qilmoq, qalbdan sezmoq payti allaqachon kelgan. Koronavirus bizga buni yana bir bora yaqqol sezdirib, his qildirib qo‘ydiki, uning bu xizmatini ham e'tirof etmoqqa majburmiz.

Mana shu sezgi sabab bugun ko‘pchilik javobi noaniqligicha qolayotgan ushbu savol qarshisida o‘yga tolgan bo‘lsa, ajab emas:

Odamzod o‘ziga keladimi – nihoyat insondek yashash nizomiga o‘tadimi (qaytadimi emas, zero, hech qachon bu hol bo‘lmagan!) yoki yana shu taxlit davom etaveradimi?

Rahmon QO‘ChQOR,
TDYuU muallimi, adabiyotshunos

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top