20:06 / 21.04.2020
35014
Inqiroz davrida O‘zbekistonga G‘arb ham yordam berishi mumkinmi?

Koronavirus O‘zbekistonga mart oyining birinchi qismida kirib kelgan bo‘lsada mamlakat pandemiya zararlarini 30 martdan boshlab chinakamiga his eta boshladi. Shu kundan e'tiboran, hukumatning maxsus komissiyasi jamoat joyida harakatlanishga cheklov joriy etdi. Bemaqsad uydan chiqmaslik qat'iyan tavsiya etildi.

Foto: KUN.UZ

Mamlakat rahbariyati bir vaqtning o‘zida ham jamoat sog‘ligini saqlash, ham kutilayotgan inqirozning salbiy ta'sirlarini yumshatish ustida bosh qotirmoqda. Ammo ushbu masalalar O‘zbekiston xalqining yolg‘iz irodasi bilan amalga oshirilmaydi.

«Jyekson-Venik»  cheklovi

27 mart kuni AQSh rasmiy doiralari va biznes-uyushmalari bilan O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi va global inqirozning iqtisodiy sohalarga ta'sirini yumshatish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan choralar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensiya o‘tkazildi.

Muloqotda rasmiy Toshkent JSTga a'zo davlatlar bilan muzokaralarda imtiyozlarga ega bo‘lish uchun O‘zbekistonga rivojlanayotgan iqtisodiyot maqomini berishni, shuningdek, mamlakatni «Jyekson-Venik» tuzatishlarining ta'sirchan choralari ro‘yxatidan chiqarishni so‘radi.

Kongress tomonidan qabul qilingan «Savdo to‘g‘risida»gi qonunga 1974 yili kiritilgan tuzatish mualliflari, kongressmenlar Henri Jyekson va Charlz Venik fuqarolarning emigratsiyasiga to‘sqinlik qilayotgan, inson huquqlarini poymol etuvchi davlatlarga nisbatan iqtisodiy bosimni taklif qilishgandi. Ularning fikricha, AQSh shunday davlatlar bilan munosabatlarda savdo imtiyozlari, davlat va uning kafilligidagi kreditlarni ajratishni taqiqlashi lozim.

Ayni paytda bu qonunning ta'sirchan choralari ro‘yxatiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Turkmaniston, Tojikiston va Belarus ham kiritilgan.

Tanganing ikkinchi tomoniga qarasak, xalq orasida OVIR nomi bilan yaxshi tanish bo‘lgan, fuqarolarning chetga chiqishini cheklaydigan eski tizim bekor qilindi. AQSh elchisi Daniel Rozenblyum ham jurnalistlar bilan suhbatda «Savdo to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan tuzatish ma'nan eskirganini tan olgan.

Ammo AQSh qonunlarida yozilmagan tartibga muvofiq, «Jyekson-Venik» tuzatishlarining ta'siriga tushib qolgan davlat, avvalo, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi lozim.

JST — uzoq cho‘zilgan muzokaralar

JSTga a'zo bo‘lish — O‘zbekistonning tashkilotga a'zo davlatlar qatori spetsifik majburiyatlarni zimmasiga olishini anglatadi. Buning uchun uzoq muddatli muzokaralardan o‘tish, kelishuv va texnik reglamentlar shartlariga moslashish lozim.

Bundan tashqari, Cotton Campaign tuzilmasi doirasida o‘zbek paxtasini boykot qilish borasida targ‘ibot to‘xtamadi. Pandemiya va undan keyingi davrda kutilayotgan inqiroz vaziyatni yanada murakkablashtirib, O‘zbekiston hukumatining imkoniyatlarini tabiiy shartlar bilan chegaralab qo‘ymoqda.

O‘zbekiston plyus imtiyozlar bosh tizimi (GSP+) erishmay, Yevropa Ittifoqiga ko‘p mahsulotlarni bojsiz eksport qila olmaydi. Agar Toshkentga bir tomonlama tarif imtiyozlar  taqdim etilsa, 6 mingdan ortiq turdagi mahsulotni boj to‘lovisiz olib kirishi mumkin bo‘ladi. 

YeOIIga mahliyo parlament va mehnat migrantlari

Ayni chog‘da Oliy Majlis deputatlari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olishning salbiy va ijobiy jihatlarini o‘rganishi ham vaziyatni chigallashtiryapti. Bir tarafdan hukumat Rossiya yetakchiligidagi YeOIIga ma'nan yaqin turgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan yaqinlashayotgan inqirozda hamkorlikning eng yaxshi namunasini ko‘rsata olmayotgan G‘arb sokinlikni saqlab turibdi.

Shuningdek, karantin tufayli ommaviy ravishda vatanga qaytganlarni ish bilan ta'minlash ham hukumatni o‘ylantiradigan masala. Deputatlar o‘z chiqishlarida YeOIIda kuzatuvchi maqomini olish mehnat migrantlariga foyda berishini baralla aytmoqda. Tabiiyki, savol paydo bo‘ladi: nega shu o‘rnida YeI o‘zbek mehnat migrantlarini qabul qilish va kasbga qayta tayyorlash uchun ko‘mak berishga shoshilmayapti? Nega haligacha mehnat migrantlari uchun viza berish tartibi soddalashtirilmagan?

G‘arb uzoq yillar talab qilgan demokratik o‘zgarishlar va islohotlar hosila bermaydimi? Prezident Shavkat Mirziyoyev qat'iy va siyosiy irodasi bilan mamlakatda so‘z erkinligi mustahkamlandi. Turli nobop amaliyotlar bekor qilindi, xususan minglab kishilar «qora ro‘yxat»dan chiqarildi, Suriyadan vatandoshlarni qutqarish operatsiyalari amalga oshirildi. Aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga katta urg‘u qo‘yildi. Menimcha, so‘nggi 4 yil ichida O‘zbekiston to‘g‘ri va ijobiy yo‘ldan kelayotgandi. Ha, ayrim masalalarda hali ko‘zlangan manzilga yetib kelmaganmiz, balki ayrim masalalarda umuman nishonga ura bilmadik. Lekin insoniyat kutmagan pandemiya va inqiroz barcha rejalarni o‘zgartirdi. Biz allaqachon boshqa dunyo, boshqa tartiblar bilan yashashni boshladik. Nahot, bular inobatga olinmasa? 

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top