01:36 / 21.04.2020
8926

JSST: Cheklovlarning yumshatilishi pandemiya tugaganini anglatmaydi

JSST bosh direktori mamlakatlarni "kasallik bilan bog‘liq har bir holatni aniqlash, tekshirish, izolyatsiya qilish va davolash hamda barcha muloqotlarni kuzatish"ni ta'minlashga chaqirdi.

Tedros Adanom Gebreyyesus Foto: AFP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus qator mamlakatlarda pandemiya sababli kiritilgan cheklovlarning bekor qilinayotganligiga qaramasdan koronavirusga qarshi kurashni davom ettirishga chaqirdi. U bu cheklovlarning yumshatilishi pandemiya tugaganini anglatmasligini ta'kidladi.

"Cheklovlarning yumshatilishi hech bir mamlakatda epidemiya yakunlanganini anglatmasligini ta'kidlamoqchimiz", - dedi u.

JSST bosh direktori mamlakatlarni "kasallik bilan bog‘liq har bir holatni aniqlash, tekshirish, izolyatsiya qilish va davolash hamda barcha muloqotlarni kuzatish"ni ta'minlashga chaqirdi.

Tedros Adanom Gebreyyesus JSST BMTning boshqa qator bo‘linmalari bilan hamkorlikda "yaqin to‘rt oy uchun 30 mln dona testga buyurtma joylashtirgan"ini aytdi. Uning ma'lumot berishicha, aprel va may oylarida "ehtiyoj yuqori bo‘lgan davlatlarga" 180 mln dona jarrohlik niqoblari va boshqa tibbiy himoya vositalari jo‘natish rejalashtirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 100dan ortiq mamlakat koronavirusga qarshi dori vositalarini sinash bo‘yicha xalqaro dasturga qo‘shilgan. JSST bosh direktori bu tadqiqotlar uchun dastlabki beshta davlatdan 1200 nafar kishi tanlab olinganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Top