18:52 / 21.04.2020
28775
Namangan va Toshkentda bemorlarning navbatdagi guruhi sog‘aydi. O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 344 nafarga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Namangan viloyatida koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 20 nafari, Toshkent shahrida esa 31 nafari sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 20 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalganlarning barchasi Namangan shahridan bo‘lib, 19 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan, bir nafari Turkiyadan kelgan. Bemorlarning 7 nafari erkak, 13 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 67 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularning xastalikni to‘liq yengib o‘tganligini ko‘rsatdi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 23 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 43 nafarga yetdi».

Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 21 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Shifo topganlarning 8 nafari Rossiyadan Toshkentga kelishgach, «Sokol» oromgohiga karantinga olingan, 1 nafari Fransiyadan, yana 1 nafari esa BAAning Dubay shahridan kelgan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Qolgan 11 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yutirib olgan. 

Bemorlardan 11 nafari erkak, 10 nafari ayol. Ulardan 13 nafari poytaxtimizdan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridan 2 nafardan, Navoiy, Xorazm va Toshkent viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 67 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 11 yoshda. So‘nggi tekshiruvlar ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. 

Ushbu klinikada shu paytga qadar 29 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 50 nafarga yetdi.

Shuningdek, bugun Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan ham koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 10 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 3 nafari Moskva – Toshkent, 1 nafari Istambul – Toshkent yo‘nalishida charter reysda kelishgan va karantinga olingan. Qolgan 6 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 5 nafari erkak, 5 nafari ayollardir. Ulardan 9 nafari Toshkentdan, 1 nafari Xorazm viloyatidan. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 11 yoshda. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida shu paytga qadar 32 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 42  nafarga yetdi.

«Ahamiyatli tomoni, nafaqat koronavirus infeksiyasiga chalinganlar, balki butun aholining umid ko‘zlari shifokorlarda. Shunday jiddiy mas'uliyatni zimmasiga olgan tibbiyot xodimlari esa jasorat va shiddat bilan qahramonlarcha koronavirus balosiga qarshi kurashishga kirishib, samarali natijalarga erishmoqdalar. Hozircha bugungi kun davomida  mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 344 nafarni tashkil etmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Bugunning o‘zida O‘zbekiston bo‘ylab 83 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘aydi va tuzalganlarning umumiy soni 344 nafarga yetdi.

Bundan oldinroq 14 aprel kuni Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan bemorlardan biri, 73 yoshli erkak yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani xabar qilingandi.

Top