19:39 / 21.04.2020
32155
O‘zbekistonda bir kunda qariyb 100 nafar bemor sog‘aydi

Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 13 nafari butkul sog‘aydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning telegram kanalida xabar qilindi.

«Avval ham aytganimizdek, darddan forig‘ bo‘layotgan insonlar quvonchi koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotgan shifokorlarga kuch-g‘ayrat bag‘ishlamoqda. Bu kabi xushxabarlar esa dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto, g‘olib bo‘lish imkoni borligini ko‘rsatmoqda. Qahramon shifokorlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan bajarishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 13 nafari butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Ulardan 11 nafari poytaxtimizdan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Bemorlardan 1 nafari charter reysda Turkiyadan Toshkentga kelgan. Qolgan 12 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 71 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi esa 2019 yilda tug‘ilgan. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Ilk koronavirus infeksiyasiga chalinganlarni qabul qilgan mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi bemorlarning sog‘ayishida hal qiluvchi rol o‘ynaganini alohida ta'kidlash lozim.

Quvonarli jihati, bugun mamlakatimizda ayni paytga qadar koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soniga nisbatan ushbu kasallikdan sog‘ayganlar ko‘rsatkichi keskin oshib, 96 nafarga yetdi.

Shunday qilib, ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar bugun, avvalgi kunlarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan holda, ularning soni shu kungacha 357 nafarni tashkil etmoqda», deyiladi xabarda.

Bugun kun davomida Andijon viloyatida 8, Farg‘ona viloyatida 5, Buxoro viloyatida 15, Xorazm viloyatida 4 nafar, Namangan viloyatida 20 nafar, Toshkent shahridagi  Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasi 21 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida esa 10 nafar sog‘aygani haqida xabarlar berilgandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1657taga yetgan, 6 bemor vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top