08:23 / 21.04.2020
37677
Uyda qolish yo ishga chiqish: qator davlatlar «ikki o‘t»dan birini tanlash arafasida

Qisqa vaqt ichida dunyoni egallagan yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun deyarli barcha davlatlar o‘z hududlarida qat'iy karantin choralarini qo‘llagan edi.

Foto: Jon Super/AP

Bugunga kelib koronavirus va inqiroz so‘zlari allaqachon yonma-yon kelmoqda — koronavirus inqirozi. Endilikda insoniyat virus bilan birga iqtisodiy qiyinchiliklarga qarshi kurashishiga ham to‘g‘ri kelmoqda. Va asta-sekinlik bilan karantin choralarini yengillatayotgan davlatlar soni oshib bormoqda. Garchi, kasallikning ikkinchi to‘lqini yuzaga kelish ehtimoli bo‘lsa ham.

Cheklovlarni qisqartirayotgan mamlakatlarning barchasida ehtiyotkorlik saqlanib qolishi aytilayotgan bo‘lsa-da mutaxassislar bu holatga qo‘polroq ibora o‘ylab topishdi: «yo iqtisod, yoki tibbiyot».

Dunyodagi eng boy davlatlardan biri, shu bilan birga hozirga kelib koronavirusdan eng ko‘p zararlanish holati kuzatilgan AQShda ham mazkur ikkilanish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Tramp ma'muriyati aholining bir qismi asta-sekin normal hayotga qaytishga tayyorligini aytmoqda, deb yozadi The Guardian.

Biroq ayrim shtatlar rahbarlari shusiz ham sinov vositalari yetishmasligini aytib, bunga qarshi chiqmoqda. Tramp esa aholining ishga chiqishi tarafdori. U «normal hayot» tarafdorlarini himoya qilarkan, «bu odamlar mamlakatimizni yaxshi ko‘radi. Ular yana ishga qaytishni istaydi», deb javob bergan.

Umuman olganda, cheklovlar nafaqat iqtisodiy, shu bilan birga ijtimoiy, madaniy va diniy hayotga ham jiddiy ta'sir qildi. Bu holat endi 1930 yillardagi buyuk inqirozdan beri kuzatilmagani aytilmoqda.

O‘z navbatida Xalqaro valuta jamg‘armasi dunyo iqtisodiyoti bu yil 3 foizga pasayishi kutilayotganini ma'lum qilarkan, 10 millionlab odamlarning ishsiz qolganiga e'tibor qaratgan.

Qator mamlakatlar cheklovlarni yengillatib, iqtisodiy faoliyatni qayta tiklashga harakatni boshladi. Boshqacha aytganda, vaziyat shundayki, ko‘plab mamlakatlar virus tarqalishi tugashini kutmoqchi emas. Deyarli barcha davlat buni bosqichma bosqich amalga oshirmoqchi.

Pandemiyaning ilk o‘chog‘i Xitoy allaqachon turizm va boshqa bir qator sohalardagi cheklovlarni olib tashladi. Niqob va haroratni o‘lchash esa hozircha majburiy. Qizig‘i, cheklovlar olib tashlangan bo‘lsa-da, mijozlar oqimi orqaga qaytishga shoshilmayapti. Aftidan, insoniyat ehtiyotkorlikka o‘rgandi.

Hindistonda ham ba'zi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga nisbatan cheklovlar olib tashlandi. Faqat bitta shart bilan — ish beruvchilar gigiyena standartlarini ta'minlab qo‘yishlari kerak.

Yevropada ham «uyda qoling» undovi yo‘qoladiganga o‘xshayapti. Germaniya ayrim ishlab chiqarish turlari va kichikroq bolalar do‘konlari faoliyatiga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Albaniya o‘zining yuzlab korxonalari bilan bir qatorda tog‘-kon va neft sanoatini qayta ochishni mo‘ljallayapti.

Yangi Zelandiyada karantin cheklovlari yana bir hafta davom etadigan bo‘ldi. Shundan so‘ng qurilish sohasi va ishlab chiqarishning qator tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatadiganlar ish joyiga qaytishadi. Bu davlatda kelasi hafta hatto maktablar ochilishi ham ko‘zda tutilmoqda. Avstraliyaliklar esa allaqachon Sidneydagi plyajga qaytib kelishdi.

Avvalroq kasallanganlar soni ko‘pligi jihatdan Yaqin Sharqdagi davlatlar ichida eng yuqorida turgan Eronda ham cheklovlar qisman bekor qilinayotgani xabar qilingan edi. Bu o‘sha vaqtda ko‘plab mutaxassislarning tanqidiga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da cheklovlarni yumshatayotgan davlatlar soni yuqorida aytilganidek, oshib bormoqda.

Afrikada vaziyat sal boshqacharoq. Garchi bu qit'ada ham deyarli barcha mamlakatda kasallik qayd etilgan bo‘lsa-da, mutaxassislar qora qit'a uchun «qora kunlar» endi kelishidan xavotir olmoqda. Qoloqlik va zaif tibbiyot bu hududda juda ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Shunga qaramay, hatto Afrika davlatlarida ham cheklovlar qisqarmoqda. Misol uchun, Gana poytaxtida uch haftalik cheklovlar qisman tugatildi. Mamlakat koronavirusga qarshi kurash strategiyasini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Endilikda Ganada ham ko‘pchilik o‘z ishiga qaytadi. Albatta, niqob bilan. Har qanday turdagi yig‘inlarga esa ruxsat yo‘q. Yakshanba kuni mamlakat prezidenti Nana Akufo-Addo televideniye orali chiqish qilib, «cheklovlarning bekor qilinishi ehtiyotkorlik pasayishi emas»ligini aytgan.

Aytish lozimki, qat'iy karantin cheklovlari davom etayotgan mamlakatlar ham yo‘q emas.

Yaponiyada har yili bu vaqtda o‘tkaziladigan yirik festivalning bir qismi lolalar namoyishi bilan bog‘liq edi. Shu maqsadda juda katta miqdorda yetishtirilgan gullarning katta qismi karantin sababli yo‘q qilindi. Chunki ayrim hududlarda gullarni tomosha qilish uchun odamlar yig‘ilayotgani aniqlangan.

«Bu vaziyat hozir inson hayoti bilan bog‘liq. Yurakka og‘riq beradigan qaror, ammo biz buni amalga oshirishimiz kerak edi», degan Tokiodagi festival ma'murlaridan biri Takahiro Kogo.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top