18:12 / 22.04.2020
11144
Karantin davrida kontrakt to‘lashning uch xil usuli ma'lum qilindi

Kontrakt to‘lash niyatidagi talabalar yashash manziliga yaqin bankka borishi yoki bank mobil ilovasi yordamida to‘lov qilishi, bundan tashqari, o‘ziga yaqin bankka murojaat qilgan holda to‘lovni uyida amalga oshirishi mumkin.

Markaziy bank departamenti direktori o‘rinbosari Akmal Nazarov karantin davrida shartnoma asosidagi to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida ma'lumot berdi.

«Fuqaro yashash manziliga yaqin bo‘lgan bank muassasalariga borib, chakana kliring tizimi orqali naqd yoki naqdsiz shaklda budjet tashkilotlari, xususan, OTMlar uchun ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i va boshqa rekvizitlarni taqdim etish orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniga ega», – dedi Akmal Nazarov.

Uning qayd etishicha, banklarning mobil ilovalari yordamida ham bank kartasi orqali budjet to‘lovlari sifatida shartnoma pulini o‘tkazish mumkin.

«Talaba uyiga yaqin hududda joylashgan tijorat banki filialining koll-markaziga murojaat qilish usulini ham tanlashi mumkin. Murojaat asosida bank xodimi uning uyiga kelib, barcha sanitariya talablariga qat'iy rioya etgan holda, kontrakt pulini oliy o‘quv yurti hisob raqamiga o‘tkazib berish imkoniyati ham yaratilgan», – dedi Akmal Nazarov.

Qo‘shimcha qilinishicha, bank kartasini cash-in funksiyasi mavjud bankomatlar orqali naqd pul bilan to‘ldirib, keyinchalik bank kartasini mobil ilovaga biriktirish natijasida kontrakt to‘lovlarini amalga oshirsa ham bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top