15:20 / 22.04.2020
122288
O‘zbekistonda yana bir bemor koronavirusdan vafot etdi. Jami o‘limlar soni 7taga yetdi

Namanganda yana bir bemor koronavirusdan vafot etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Namangan viloyatida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi oqibatida vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Shu yilning 14 aprel kuni Namangan shahrida yashovchi G. og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Zudlik bilan amalga oshirilgan laborator tahlil natijasida unda koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan. 54 yoshli ushbu bemor (ayol) oldin ham gipertoniya va qandli diabet tashxisi bilan surunkali kasallanib kelgan. Ushbu kasalliklari hisobiga u 17 aprel kuni viloyat yuqumli kasalliklari shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga olingan.

Bemorning shu kungacha kunlik ahvoli mamlakatimizdagi mazkur sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassis shifokorlari nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar o‘tkazib kelingan.

Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Endilikda O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 7 nafarga yetdi, o‘limlarning 3tasi Namangan viloyatida qayd etilgan. Shuningdek, Toshkent shahridagi shifoxonalarda 3 nafar, Farg‘onada bir nafar bemor koronavirusdan zararlanish oqibatida vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top