20:37 / 23.04.2020
14542
AQSh davlat qarzi rekord darajaga yetdi 

AQSh davlat qarzi koronavirus pandemiyasi ortida rekord darajaga – 24,5 trln dollarga yetdi. 

Foto: Mark Wilson / Getty Images

Bu haqda CBS telekanali xabar berdi.

Shu tariqa, AQSh davlat qarzi yil boshidan beri 1,5 trln dollarga ko‘paygan.

AQSh savdo vazirligi qoshidagi iqtisodiy tahlil byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh yalpi ichki mahsuloti 2019 yil oxirida 21,73 trln dollarni tashkil qilgan.

Xalqaro valuta jamg‘armasining baholashicha, 2020 yilda AQSh davlat qarzi YaIMning 131,1 foizigacha oshadi.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus oqibatlariga qarshi kurashga trillionlab dollar ajratilgani sababli davlat qarzi oshganidan tashvishlanmasligini aytgan.  

“Biz muammoni hal qilishimiz lozim, biz hujumga uchradik. Bu hujum edi. Hech kim hali bunaqasini ko‘rmagan”, deb aytgan Tramp Oq uydagi brifingda jurnalistlardan birining tegishli savoliga javoban.

“Bizda jahon tarixidagi eng buyuk iqtisodiyot bo‘lgandi. Biz uni oxirgi 3-3,5 yil ichida yaratdik. Keyin to‘satdan ular kelib, biz uni yopishimiz kerakligini aytishdi. Hozir biz uni yana ochmoqchimiz, biz avvalgidek qudratli yoki undan ham qudratliroq bo‘lmoqchimiz, biroq uni ochish uchun muayyan mablag‘lar sarflash lozim. Biz avialiniyalarimizni, ko‘plab kompaniyalarni qutqarib qoldik”, deya o‘z so‘zlarini davom ettirgan Tramp.

“Biz avvalgidan kattaroq, yaxshiroq va kuchliroq bo‘lamiz. Shu sababli, bu meni tashvishlantirmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan AQSh prezidenti.

Top