00:34 / 23.04.2020
20764
«Davlat idoralari axborot qonunchiligini hurmat qilishi shart» – Axborot sohasi rasmiylari Uchko‘prikdagi voqeaga munosabat bildirdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi «Ma'rifat» gazetasining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Sharifaxon Madrahimovaning jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq ravishda ro‘y bergan holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Voqea 21 aprel kuni ro‘y bergan bo‘lib, muxbir, o‘zining aytishicha, narxlar va tovarlar sifatini o‘rganish uchun Uchko‘prik tumanida tashkil etilgan arzon oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasiga borganida tuman hokimligi va IIB vakillari tomonidan to‘siqqa uchragan, shundan so‘ng IIBga olib ketilib, 2,5 soat ushlab turilgan.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Dilshod Saidjonov bu masalada Bosh prokuraturaga murojaat qilinganini aytib, davlat idoralarini qonunchilikni hurmat qilishga chaqirgan.

«Kecha Agentligimizga «Ma'rifat» gazetasi jurnalisti Sharifa Madrahimovadan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimligi tomonidan huquqlari buzilganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.

AOKA voqelikni diqqat bilan o‘rganib chiqdi va yakunda tuman hokimlik vakillari hamda tuman IIB xodimlari tomonidan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida» va «Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi normalari buzilishi ehtimoli yuzasidan vaziyatga huquqiy baho berishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qildi.

Hozirgi vaqtda Bosh prokuratura masalani o‘rganmoqda va natijalari bo‘yicha o‘z qarorini bildirishni rejalashtirmoqda.

Prezident Sh.Mirziyoyevning ochiqlik siyosati davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berishni talab qiladi. Ushbu muloqotni olib borishda ommaviy axborot vositalari va blogerlar beqiyos rol o‘ynaydi, ular xalqimizga axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko‘rsatmoqda. Ular, shuningdek, davlat idoralari matbuot xizmatining tayanchi hisoblanadi.

Agentlik barcha davlat idoralari axborot sohasida mamlakat qonunchiligini hurmat qilishlari va konstruktiv tanqidni to‘g‘ri qabul qilishlari shart deb hisoblaydi, chunki OAV va blogerlar idoralarning obro‘si va harakatlariga putur yetkazish maqsadida tanqid qilishmaydi, balki shu orqali ularga fuqarolarning ma'lum muammolarini ko‘rishlariga imkon berish uchun, davlat organlari faoliyatidagi, xususan jamiyatni xabardor qilishdagi xatolar, kamchiliklar va ularni xalqimiz manfaatlariga mos ravishda tezda bartaraf etish uchun mehnat qilishadi», – deyiladi AOKA rahbari Dilshod Saidjonovning munosabatida.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham o‘z bayonotida huquq idoralariga murojaat yo‘llanganini bildirib, axborot olish va tarqatish Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquq ekanini barcha mas'ullarga eslatib o‘tgan.

«21 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi jurnalist, «Ma'rifat» gazetasining viloyatdagi maxsus muxbiri Sharifaxon Madrahimovaga Uchko‘prik tuman hokimligi va tuman IIB xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Fond ushbu masala bo‘yicha holatni qonun doirasida batafsil o‘rganib chiqishni hamda jurnalistga nisbatan bosim o‘tkazish holati aniqlangan taqdirda mutasaddilarga tegishli tartibda chora ko‘rilishini so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga murojaat yo‘lladi.

Shuni alohida ta'kidlamoqchimizki, Mass-media fondi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida matbuot va so‘z erkinligini ta'minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda barcha bo‘g‘inlardagi mutasaddilarni jurnalist va blogerlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan axborot olish va tarqatish huquqini hurmat qilishga chaqirib qoladi», – deyiladi fond bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist Sharifaxon Madrahimova Kun.uz bilan suhbatda ma'lum qilgandiki, Uchko‘prik hokimligi tashkil etgan yarmarkada 500 so‘mlik tuxumni xarid qilmoqchi bo‘lganida sotuvchi bir kishiga ko‘pi bilan 5 dona sotilishini aytgan.

«42 ming so‘mdan bo‘lgan go‘sht o‘ta sifatsiz bo‘lib, sarg‘ayib uch-to‘rt kun turdi, birov olmadi. Chirishga kelgan kartoshkaning kilosi 2500 so‘m bo‘lib, foydalanishga yaraydigan emas edi», – deydi Madrahimova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yarmarkadagi holatni tasvirga olayotganida o‘zini «tuman hokimligi vakili» deb tanishtirgan shaxs undan telefonini tortib olgan va IIB xodimini chaqirgan. Ichki ishlar xodimi esa uni shaxsini aniqlash uchun IIBga borish kerakligini aytgan.

Muxbirning aytishicha, IIBdagilar «gazetada ishlovchi xodimning videotasvirga olishga haqqi yo‘q»ligi, muxbir yarmarkani s'yomka qilayotganidan «hokim bexabar»ligini aytgan; jurnalistni qo‘yib yuborish uchun hokimning telefon qilishini kutishgan.

Uchko‘prik tumani hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Kun.uz bilan suhbatda voqea bo‘yicha brifing tashkil etilishini bildirdi. «Barchasiga o‘sha brifingda batafsil oydinlik kiritiladi», deya va'da qilgan tuman rahbari tadbirga IIB xodimlari ham chaqirilishini qo‘shimcha qildi.

Kun.uz Bosh prokuraturadan olgan ma'lumotga ko‘ra, holatni Farg‘ona viloyat prokuraturasi tekshirmoqda.

Top