23:11 / 23.04.2020
5244

Eron Fors ko‘rfazidagi tahdidlar yuzasidan AQShga norozilik bildirdi

Eron tashqi ishlar vazirligi AQSh qo‘shinlari Fors ko‘rfazida bildirayotgan tahdidlar sababli Vashingtonga norozilik bildirdi.

Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Abbos Musaviy ma'lum qildi. 

Ta'kidlanishicha, Eron tashqi ishlar vazirligiga Eronda AQSh manfaatlarini bildiruvchi Shveytsariyaning Tehrondagi elchisi chaqirtirilgan. “Elchiga AQSh rasmiylari uchun Eronning AQSh kuchlari tahdidlariga, jumladan Fors ko‘rfazi shimolida va Eron sohillari yaqinida noqonuniy harakatlari, dengiz navigatsiyasini izdan chiqarishga urinishlariga qat'iy noroziligi bildirilgan nota topshirildi”, deyilgan Musaviy bayonotida.

AQShga topshirilgan notada Eron barcha tomonlarning xavfsiz va erkin kemachilik xalqaro qoidalariga rioya qilishi zarurligi, aks holda Tehron “Fors va Ummon ko‘rfazlaridagi har qanday tahdid yoki noqonuniy va tajovuzkor harakatlarga” tegishlicha javob berishi ko‘rsatilgan.

Musaviy AQSh prezidenti tomonidan tahdid qilishlarni qoralagan va unga “avantyurachilik” bilan shug‘ullanmay, o‘z flotini o‘z mamlakatida koronavirusga qarshi kurashga tashlashni maslahat qilgan. 

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh kemalariga to‘sqinlik qiluvchi Eron katerlarini yo‘q qilishni buyurganini ma'lum qilgandi. 

O‘z navbatida Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni bunga javoban Eron harbiy va fuqarolik kemalariga tahdid soluvchi AQSh harbiy kemalarini o‘qqa tutishni buyurganini ma'lum qilgan. 

Bunday o‘zaro tahdidlar ikki tomon bir-birini Fors ko‘rfazida xavfli harakatlar sodir etishda ayblagandan keyin bildirilgan.

Top