20:40 / 23.04.2020
21778

Ertaga – Ramazonning ilk kuni. Qur'on va rahmat oyi jumla mo‘min-musulmonga muborak bo‘lsin!

24 apreldan dunyoning aksar mamlakatlari singari O‘zbekiston musulmonlari ham fazilatli oy – Ramazon ro‘zasini tutishni boshlaydi.

Foto: Shutterstock

Shu bilan birga, bu yilgi Ramazon oyi avvalgilaridan tubdan farq qilishi bilan tarixda qoladigan ko‘rinadi. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlariga kirib borgan COVID-19 pandemiyasi bois barcha davlatlarda karantin choralari ko‘rildi. Vaqtinchalik choralar sifatida jamoat va tarovih namozlarining masjidlarda o‘qilmasligi yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining fatvosi qabul qilindi.

Shunga qaramay, o‘zbekistonlik mo‘min-musulmonlar bu yilgi Ramazonni o‘zgacha tarovatda, oilada davrasida xursandchilik bilan o‘tkazishadi, deb umid qilamiz. Shu bois, o‘ylaymizki, bu yilgi Ramazonda insonlar bir-birlariga yanada ko‘proq mehr-muruvvatli bo‘lishadi.

Garchi masjidlarda xatmi Qur'onlar bo‘lmayotgan bo‘lsa-da, onlayn xatmlar tashkil etilishi e'lon qilindi. Shuningdek, Ramazon oyi ro‘zasi uchun ajr-mukofotni Allohdan boshqa hech kim bilmasligi haqidagi hadisi-sharifni yana bir bor eslab o‘tsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi-muborakda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

«Odam bolasining har bir yaxshi amaliga ortig‘i bilan mukofot beriladi. Bir yaxshilikka 10 barobardan to 700 barobargacha savob berilishi mumkin. Alloh aytadiki: illo, ro‘za bundan mustasnodir. Chunki ro‘za Men uchun va unga O‘zim ajr beraman. Ro‘zador Meni deb shahvati va taomidan voz kechadi. Ro‘zadorga ikki marta shodlik bor. Biri iftorlik chog‘ida, ikkinchisi Robbisiga yo‘liqqan chog‘da...», deb marhamat qilganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Azizlar, kirib kelayotgan mana shunday ulug‘ kunlar, ulug‘ daqiqalar barchamizga qutlug‘ bo‘lsin. KUN.UZ tahririyati barcha mo‘min-musulmonlarni muqaddas oy bo‘lmish Ramazoni sharif bilan muborakbod etadi.

Barchamizning har bir kunimiz xayr, fazilat va barokatlarga to‘la bo‘lsin! Dunyo ahliga kelgan koronavirus balosi tezroq daf bo‘lishini so‘rab qolamiz!

Mohi Ramazon oyida ado etilajak ibodatlar qabul bo‘lishini, qilingan duolar mustajob etilishini Alloh taboraka va taolodan so‘rab qolamiz.

Qalblarimizdagi iymon yanada ziyoda bo‘lsin, xonadonlarimizdan qut-baraka arimasin, vatanimiz yanada obod, xalqimizning turmushi yanada farovon bo‘lsin!

Mavzuga oid
Top