09:14 / 23.04.2020
3990
Karantin davrida poytaxtda jinoyatlar soni keskin kamaydi - IIBB

2019 yil aprel oyida 522 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, joriy yil aprel oyining 20 kuni davomida qayd etilgan jinoyatlar soni 196 tani tashkil etdi 

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Toshkent shahar IIBB xodimlari, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi xizmatchilari fuqarolar karantin qoidalariga rioya qilishlarini ta'minlab, tun-u kun xizmat olib borishmoqda, deb yozadi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shaharning har bir mahallasida huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili borligi, shuningdek o‘zini yakkalash tartibiga rioya qilayotgan hamyurtlarimizning mulohaza bilan ish tutishlari natijasida karantin joriy etilganidan buyon jinoyatlar soni sezilarli kamaydi.

Masalan, 2019 yil aprel oyida 522 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, joriy yil aprel oyining 20 kuni davomida qayd etilgan jinoyatlar soni 196 tani tashkil etdi.

Og‘ir jinoyatlarning (o‘tgan yili aprel oyida 111 ta, joriy yil aprel oyining 20 kuni davomida 37 ta) ham, o‘ta og‘ir (2019 yil aprel oyida 30 ta, joriy yil aprel oyida 4 ta) jinoyatlarning ham soni kamaymoqda.

Firibgarlik (2019 yil aprel oyida – 93 ta, joriy yil aprel oyining 20 kunida – 44 ta), og‘ir tan shikastlari (2019 yil aprel – 6 ta, 2020 yil aprel oyining 20 kuni davomida – 4 ta) va yengil darajadagi tan shikastlar yetkazish (2019 yil aprel – 13 ta, 2020 yil aprel oyining 20 kuni davomida – 5 ta), narkotik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar (2019 yil aprel – 49 ta, 2020 yil aprel oyining 20 kuni davomida – 13 ta) kabi jinoyatlar soni sezilarli darajada kamaydi.

Inson o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni joriy yil aprel oyining 20 kuni davomida 3 tani tashkil etdi, o‘tgan yilning aprel oyida esa ushbu raqam 10 tani tashkil etgan. 

Joriy oyda transport vositalari o‘g‘irligi umuman qayd etilmadi. O‘tgan yili aprel oyida esa 3 ta fakt qayd etilgan edi.

Joriy yil aprel oyining 20 kuni davomida birorta ham bosqinchilik faktlari sodir bo‘lmadi. O‘tgan yili aprel oyida esa 1 ta bosqinchilik sodir etilgan edi.

Talonchiliklar soni ham joriy oyda 3 tani tashkil etib, o‘tgan yili aprel oyiga nisbatan ikki baravar kamaygan.

“Hurmatli toshkentliklar va shahrimiz mehmonlari! Poytaxt IIBB xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Mudofaa vazirligi xizmatchilari sizga vaziyatni to‘g‘ri tushunganingiz va mulohaza bilan ish tutayotganingiz uchun minnatdorchilik bildiradi hamda barchangizga sabr va ko‘rinmas dushman ustidan g‘alaba tilaydi”, - deyiladi ma'lumotda.

Top