12:52 / 23.04.2020
3517
Karantin sabab Nukusda barpo etilayotgan «Jasorat bog‘i»da qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan

Ayni vaqtga qadar bog‘ni barpo etish ishlari 80 foiz hajmda tugatilgan. Bog‘ni ko‘kalamzorlashtirish va yoritish tizimlarini o‘rnatish kabi ishlarni bajarilishi qolmoqda

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi “Motamsaro ona” haykali joylashgan maydonning orqa tomonida “Jasorat bog‘i” barpo etilmoqda.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi prezidiumining 2019 yil dekabr oyidagi qarori bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasiga asosan Nukus shahrida “Jasorat bog‘i”ni barpo etish boshlangan, – deydi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyor G‘oipov. – Mazkur bog‘ qurilishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma'muriy sektori tomonidan 3 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘i ajratilgan bo‘lib, ishlarni tezlashtirish maqsadida uchta pudratchi tashkilot yollangan. Koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida yurtimizda joriy etilgan karantin sabab ayni vaqtda qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilgan. Ayni vaqtga qadar bog‘ni barpo etish ishlari 80 foiz hajmda tugatilgan. Bog‘ni ko‘kalamzorlashtirish va yoritish tizimlarini o‘rnatish kabi ishlarni bajarilishi qolmoqda. 

“Jasorat bog‘i” “Motamsaro ona” haykali joylashgan maydonning orqa tomonida ilgari tashlandiq hududning deyarli 100 sotix maydonida bunyod etilyapti. Bog‘ni yaratish konsepsiyasiga asosan u yerdagi 153 kvadrat metr maydonida Ikkinchi jahon urushi yillari qoraqalpoq xalqi va qoraqalpog‘istonliklarning matonati, g‘alabaga qo‘shgan hissasi aks etgan bir qavatli xotira muzeyi, pnevmatik miltiqdan o‘q otish tiri, harbiy alpinizmni rivojlantirish maqsadida skalodrom, harbiy obektlarni qo‘riqlashda foydalaniladigan soqchilarning kuzatuv minorasi, janggohlarni aks ettiradigan okop, blindaj va yerto‘lalar hamda jangovar texnikalar o‘rin oladi. Urush yillarida yurtdoshlarimizning qahramonliklarini aks ettirish uchun Mudofaa vazirligi muzey fondiga yaqindan ko‘mak berib, hozirda jamlanayotgan eksponatlar hamda harbiy texnikalarni taqdim etishi belgilangan. Muzey fondi boshqa manbalardan ham to‘ldirib boriladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan bog‘da eksponat sifatida o‘rnatiladigan harbiy texnikalarni joylashtirish, okop, blindaj va yerto‘lalarni qazish ishlarida amaliy ko‘mak berilmoqda. 

Kelgusida “Jasorat bog‘i”ni kengaytirish, oldida joylashgan qo‘shni hududni qo‘shish rejasi ham bor. Ya'ni, kelajakda bog‘ hududi yanada kattarib, eksponatlar bilan boyitib boriladi.

Ayni vaqtda bog‘da jami 8 dona texnika: T-64 tanki, piyodalar jangovar mashinalari, zirhli transportyorlar hamda artilleriya va zenit qurilmalari o‘rnatilgan. Bog‘ eksponatlari uchun bir dona samolyot kelishi kutilmoqda, deyiladi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabarida. 

Top