12:38 / 23.04.2020
5524
Karantinga yopilgan do‘kondan 50 mln so‘mlik buyumlarni o‘g‘irlab ketgan shaxs aniqlandi

Holat yuzasidan Navoiy shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 31 mart kunidan 4 aprel kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxs Navoiy shahrida joylashgan fuqaro Sh.I. (ayol)ga tegishli bo‘lgan do‘konga deraza oynasini sindirish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, bu shaxs u yerdan umumiy qiymati 50 755 000 so‘mlik turli xildagi atir-upalar va kumushdan ishlangan ayollar taqinchoqlarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib berilgan tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni muqaddam sudlangan 42 yoshli A.A. sodir etganligi aniqlanib, hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top