19:29 / 23.04.2020
40409

«Kimligimni birov bilgani ham yo‘q» – Karantindan chiqqan hokim taassurotlarini so‘zlab berdi

Samarqand viloyati Payariq tumani hokimi Dilshod Musinov xorij safaridan qaytgach, ikki haftalik karantinda bo‘ldi.

Tuman hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Dilshod Musinov joriy yil mart oyida Turkiya davlatida xizmat safarida bo‘lgandi. O‘zbekistonda karantin e'lon qilingach, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qaroriga asosan, chet davlatlardan qaytgan fuqarolar 14 kun davomida uyda yoki maxsus belgilangan joyda izolyatsiya sharoitida bo‘lish belgilab qo‘yildi.

Shu tarzda xorijdan qaytgan fuqarolar bilan birgalikda D.Musinov ham karantinga olingan edi.

Bugun, 23 aprel kuni Payariq tuman hokimi karantindan chiqib, ish faoliyatini boshlagan. U Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali muloqotida karantindagi taassurotlarini aytib berdi.

«Qisqa vaqt ichida pandemiya avj olib ketishini, albatta, hech kim kutmagandi. Turkiyada ham kasallik shiddat bilan oshib bordi. Xizmat safarimiz tugagach, «O‘zbekistonning qayeriga bo‘lsa ham yetib olsam bo‘ldi», degan birgina o‘y bor edi menda.

Charter reys bilan bizni Buxoroga olib kelishganida barchamiz yengillik his qildik. Hamma qatori «Sitorai Mohi Xosa» sihatgohida karantinga joylashdim. Tuman hokimi ekanimni birov bilgani ham yo‘q. Chunki hammamizda bitta maqsad — sog‘-salomat, tinchgina karantin muddatini o‘tab, oilamiz va ishimizga qaytish edi.

Ikkinchi tomondan, yurtga kelib qat'iy karantin choralarini ko‘rib, xotirjamlik his qildim. Xorijda dastlab odamlarning e'tiborsizligiga guvoh bo‘lgandim. Masalan, Turkiyaning o‘zida kasallanganlar soni 90 mingdan oshib ketdi.

Kim bo‘lishidan qat'i nazar, faqatgina qattiq intizom, ehtiyotkorlik bilangina xalqimizni bu ofatdan saqlashimiz mumkin», deydi Dilshod Musinov.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top