15:39 / 23.04.2020
30992
MB raisi: tezkor kredit olish uchun garovning 75 foizini davlat kafolatlaydi

Markaziy bank rahbari pandemiyada aholi va bank munosabatlaridagi risklarga to‘xtalib o‘tdi. MB kreditlarning qaytishi bo‘yicha turli ssenariylar ishlab chiqqan. 

Markaziy bank boshqaruv raisi Mamarizo Nurmurodov pandemiyaga qadar hukumatning iqtisodiy-moliyaviy bloki rahbarlari kutilayotgan xavfga tayyorgarlik ko‘rganini bildirdi. 

"Biz ma'lum jihatdan tayyorgarlik boshlagandik. Bu balo boshqa davlat orqali bizga ta'sir qiladi, degan o‘y bilan davlat rahbari tashqi iqtisodiy faoliyatimiz va ichki ishlab chiqarish, bank faoliyatiga salbiy ta'sirini o‘rganish topshirig‘ini bergandi. Ularning salbiy ta'sirini turli stress test modellaridan o‘tkazish ishlari bajarilgan", - deydi u. 

Raisning aytishicha, iqtisodiyot kollapsga tushib qolmasligi bo‘yicha xo‘jalik sub'yektlar va  banklar bilan aloqada bo‘lgan aholiga pandemiya sharoitida ma'lum bir qarz yuklamasi ta'sirini kamaytirish masalasiga asosiy urg‘u  qo‘yildi. 

"Dastlabki hisobda, barcha qarzdor kredit oluvchilarning 55 foizi qamrab olingan holda, 20,5 trillion so‘m qaytarilishi kechiktirilishi belgilandi. Ushbu hisobda aholining 76 foizi oktyabrga qadar qarzini uzishi nazarda tutilgandi. Bevosita kredit muddati uzaytirilgan mablag‘lar 20,5 trillion so‘mni tashkil etdi", - dedi u.

Ikkinchi asosiy yo‘nalish esa iqtisodiyotdagi zanjirband ishlab chiqarishning talafotsiz shu davrdan o‘tishini ta'minlashdir. 

"Uzoq muddatli loyihalarni moliyalash masalasida ishlab chiqarishni uzluksiz davom etishini ta'minlash bilan qoplanishi, bu maqsadda 46 trillion so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ish haqi, xom-ashyo uchun revolver kredit berish rejalashtirilgan. Bu qisqa muddatli va kerakli mablag‘larni qarzga olishdir", - deya qo‘shimcha qildi u. 

Ta'kidlanishicha, 46 trillion so‘m hajmdagi ajratiladigan revolver kreditlar uchun garov yoki kafolat ta'minotining faqat 25 foizi qarz oluvchi tomonidan ko‘rsatiladi. Uning 75 foizi davlat tomonidan kafolatlanadi. Ya'ni revolver kredit qaytarilmagan taqdirda, summaning 75 foizi davlat tomonidan qoplanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top