23:38 / 23.04.2020
7540
OAV: AQShda koronavirus ilk kasallanish holatlari qayd etilishidan ancha avval tarqalgan

AQShning Shimoli-Sharqiy universiteti (Massachusets shtati) mutaxassislari yangi koronavirus AQSh shaharlarida undan kasallanish bo‘yicha ilk holatlar aniqlangandan ancha oldin keng tarqalgan, deb hisoblashmoqda. 

TASS axborot agentligining xabar berishicha, bu haqida The New York Times nashrining elektron versiyasidagi maqolada aytilgan.

Nashr jurnalistlari olimlar tomonidan ishlab chiqilgan kompyuter modeli bilan tanishib chiqishgan. Olimlarning ta'kidlashicha, 1 martda Nyu-York (Nyu-York shtati), San-Fransisko (Kaliforniya shtati), Sietl (Vashington shtati), Chikago (Illinoys shtati) va Bostonda (Massachusets shtati) 23 ta kasallanish holati qayd etilgan. Olimlar aslida bu vaqtgacha ushbu shaharlarda umumiy hisobda 28 mingga yaqin kishi koronavirusga chalinib bo‘lgan, degan xulosaga kelishgan. U vaqtda virusga chalinganlikni aniqlovchi testlar hali katta ko‘lamda o‘tkazilmagan.

Maqolada ta'kidlanishicha, modelni tuzishda odamlarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishining odatiy yo‘nalishlari hamda koronavirus chaqiruvchi kasallik ko‘pincha alomatlarsiz o‘tishi hisobga olingan. Olimlarning ushbu tadqiqotlari natijalari bilan mustaqil ekspertlar tanishib chiqib, ularni ishonchli deb topishgan. 

Fevralda AQShning ko‘plab shaharlari ma'muriyatlari virus tarqalishi sababli maktablar va boshqa muassasalarni yopish-yopmaslik ustida bosh qotirishgan.

“Bu orada virusning minglab odamlar o‘rtasida jimgina o‘tishi yuz bergan”, deb aytgan olimlarga rahbarlik qilgan Alessandro Vispiniani.

Uning ta'kidlashicha, u va uning qo‘l ostidagilar fevral o‘rtalarida hokimiyat vakillarini ularning ma'lumotlariga ko‘ra virus keng tarqalib bo‘lganidan ogohlantirishgan. Vispinianining aytishicha, o‘shanda olimlarning xulosalariga jiddiy e'tibor qaratishmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top