12:22 / 23.04.2020
1952
O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlik muhokama qilindi

Aviatsiya, elektr va gaz sohalarini isloh qilish, 2020-2025 uchun bank tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik doirasidagi chora-tadbirlar rejalashtirib olindi

Foto: AP Photos/Susan Walsh

Joriy yilning 21 aprel kuni O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti S.Myuller, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi vitse-prezidenti A. Berde va bankning O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mas'ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston hukumatining koronavirus infeksiyasi tarqalishi va uning iqtisodiy oqibatlari bilan kurashishga qaratilgan chora-tadbirlari va sa'y-harakatlarini Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirishning amaldagi holati muhokama qilindi.

Bank rahbariyatining ma'lum qilishicha, “Koronavirus infeksiyasiga shoshilinch javob" loyihasi uchun 95 mln. dollar miqdorida va "O‘zbekistonda bozor islohotlarining barqarorligini ta'minlash" loyihasini qo‘shimcha moliyalashtirish uchun 200 mln. dollar miqdorida qarz bitimlari bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan va ushbu tashabbuslarni moliyalashtirishni tasdiqlash yaqin kunlarda kutilmoqda.

Muloqot chog‘ida S. Myuller "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi qaror uchun O‘zbekiston prezidentiga alohida minnatdorchilik bildirib, ushbu orden O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan Jahon banki jamoasining muvaffaqiyatli ishini tan olishini bildirishini, va o‘zaro munosabatlarning sifat jihatidan yangi ko‘lami va hamkorlikka alohida ishonch darajasini anglatishini ta'kidladi.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi vitse-prezidenti, joriy yilning 1 may oyidan o‘z faoliyatini boshlashi kutilayotgan, A. Berde iqtisodiy islohotlarning ijobiy dinamikasi va mamlakatni jadal rivojlantirish uchun keng istiqbollar mavjudligini inobatga olgan holda O‘zbekiston bilan bevosita hamkorlik qilish imkoniga ega bo‘lganidan xursand ekanligini aytib o‘tdi.

Videokonferensiya yakuniga ko‘ra aviatsiya, elektr va gaz sohalarini isloh qilish, 2020-2025 uchun bank tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi, oliy ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi, shuningdek, soliq islohotlariga ko‘maklashish va soliq ma'murchiligini yanada takomillashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik doirasidagi chora-tadbirlar rejalashtirib olindi.

Jahon banki rahbariyati bilan joriy loyihalarni jadal amalga oshirishni, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini qamrab olgan holda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishni nazarda tutib O‘zbekiston bilan ishlashning uzluksizligini ta'minlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top