16:00 / 23.04.2020
10598
«O‘zbekistonda virusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi jahonnikidan yaxshiroq» – Otabekov

O‘zbekistonda hozirgacha koronavirusdan tuzalish ko‘rsatkichi 26,3 foizni tashkil qilmoqda va bu jahondagi ko‘rsatkichdan yaxshiroq hisoblanadi. Bu haqda davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma'lum qildi.

«O‘zbekistonda virusni davolash uchun jahon tajribasida mavjud eng ilg‘or usullar qo‘llanmoqda. Jahondagi 24 foiz sog‘ayish ko‘rsatkichi bilan solishtirganda bizdagi 26,3 foiz tuzalish ko‘rsatkich ijobiy», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U O‘zbekistonda virus aniqlangan kundan beri 200 mingdan oshiq kishi testdan o‘tkazilgani, kuniga o‘rtacha 10 mingdan ortiq test tahlillari o‘rganilayotganini ma'lum qilgan.

Shuningdek, brifingda O‘zbekistonda laborator sharoitda virusga qarshi antitanalar o‘rganilmayotgani aytildi.

«Virusga qarshi antitanalar faqatgina kasallikni boshdan o‘tkazgan odamda tabiiy ravishda paydo bo‘ladi. Bizda kasallikni boshdan kechirganlar soni hali kam, shuning uchun respublikada antitanani aniqlash uchun laborator tekshiruvlar o‘tkazilmayapti», deya ta'kidladi Nurmat Otabekov.

23 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 1716ta holat qayd etilgan, bemorlarning 7 nafari vafot etgan, 455 kishi tuzalgan.

Dunyoda esa kasallanish holatlari soni 2 mln 657 mingga yaqinlashgan, 185 mingdan ortiq kishi vafot etgan, 730 mingga yaqin kishi sog‘aygan.

Top