18:18 / 23.04.2020
13330
Prezident maktabi o‘quvchisi va o‘zi kontrakt to‘layotgan talaba – #uydatalimolyapman loyihasiga maktublar

#uydatalimolyapman loyihasining navbatdagi ishtirokchilari – Toshkent shahrida joylashgan Prezident maktabining 9-sinf o‘quvchisi Maqsadbek Fayzullayev va Guliston davlat universiteti talabasi Ismoil Mamajdonov.

«Google classroom orqali dars o‘tyapmiz»

– Men – Maqsadbek Fayzullayev – Toshkent shahrida joylashgan Prezident maktabining 9-sinf o‘quvchisiman.

Maqsadbek Fayzullayev

Odatda, Prezident maktablari o‘quvchilari maktabning o‘zidagi yotoqxonada yashaydilar. Bu esa bizdan kun davomida ma'lum tartib-qoidalarga amal qilishni talab qiladi.

Maktabda har kuni erta turib, badantarbiya qilgan bo‘lsak, hozir uyda ham shu tartibga amal qilishga harakat qilyapman.

Hozir karantin bo‘lgani sababli ustozlarimiz darslarni onlayn –Google classroom orqali o‘tishyapti.

Maktabda dars boshlanish vaqtiga kompyuter yoniga o‘tiraman va Google classroom orqali odatiy dars jadvali asosida fanlarimiz o‘tiladi.

Sahifaga ustozlar o‘quvchilar uchun mavzuni tushuntirib beruvchi taqdimot, video va ma'lumotlar joylaydi. Dars vaqti so‘ngida uyga vazifa uchun topshiriqlar yuboriladi.

Bizda asosiy fanlar – biologiya, matematika, fizika, informatika kabi fanlar to‘liq ingliz tilida o‘tiladi. Bu menga ko‘proq izlanishim kerakligini ko‘rsatadi.

Darslar tugagach, ijtimoiy tarmoqlardagi turli intellektual sohaga yo‘nalgan guruhlarni, kanallarni ham kuzatyapman: savollarga javob topishda faol bo‘lishga harakat qilaman. «Zakovat» intellektual o‘yinlarida qatnashyapman.

Shundan so‘ng kitob o‘qish uchun alohida bir yarim soat vaqt ajrataman. Kechki payt esa, albatta, hujjatli film tomosha qilaman yoki o‘zim qiziqqan mavzularda videoqo‘llanmalardan kerakli bilimlarni olishga harakat qilaman.

Maktabda dars qilganda baribir ishtiyoq yuqori bo‘ladi, chunki o‘qituvchilar ham doim ko‘mak berib turishadi. Lekin mustaqil tarzda ham dars qilish va qat'iy kun tartibiga amal qilish ham mumkin.

Guliston davlat universiteti pedagogika-psixologiya yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Ismoil Mamadjonov:

Ismoil Mamadjonov

– Men ayni paytda talabaman. Boshqalar qatori masofaviy tarzda ta'lim olyapman. Menimcha, ayni vaziyat yoshlarning o‘z ustida ishlashi uchun qo‘shimcha vaqt yaratib berdi. Chunki biror narsa o‘rganishni xohlaganlarning hozir yetarlicha vaqti bor.

Men ham karantin boshlangandan beri o‘qilishi kerak bo‘lgan kitoblarimni birma-bir mutolaa qilishni boshladim. Ko‘proq jahon adabiyotiga qiziqaman. Hozirgacha Patrik Zyuskindning «Parfyumer», Doktor Oiz Qariniyning «Tabassum qiling», Rashod Nuri Gunteginning «Iztirob» va sevimli yozuvchim Den Braunning «Da Vinchi siri» asarlarini o‘qidim. Xullas, karantinni maroq bilan o‘tkazmoqdaman.

O‘z soham – psixologiyaga doir adabiyotlarni va ma'lumotlarni ham doimiy o‘qib boraman, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi platformasidagi videodarslarni ham ko‘rib boraman.

Kontrakt pulini o‘zim to‘layman

O‘qishdan keyin Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi diagnostika bo‘limida navbatchi tahlilchi lavozimida ham ishlayman. Asosan, shanba kunlari tungi navbatchilikda turaman.

O‘qishga shartnoma asosida qabul qilinganman. Lekin ota-onamga og‘irlik tushmasligiga harakat qilaman. Ular faqat eng birinchi to‘lovni qilib berishgan. O‘zim esa 20 yoshimdan beri ishlab, oylik maosh va stipendiyamni kontrakt uchun o‘tkazaman. To‘g‘ri, buning qiyin taraflari ham bor, lekin shu yo‘l bilan oilamning moddiy yukini kamaytirishim mumkin.

Masofaviy ta'lim talabalarning mablag‘ sarfini ham kamaytiryapti

Menimcha, masofadan ta'lim olishni bir qancha afzalliklari bor: bo‘sh vaqt ko‘p bo‘ladi, moliyaviy jihatdan ham kamroq mablag‘ sarflanadi va asosiysi hamma o‘z oilasi bag‘rida bo‘lishi mumkin.

Vaqtni esa keraksiz narsalarga sarflamasdan e'tiborni kerakli vazifalarga, foydali mashg‘ulotlarga qaratsak, karantin zerikarli bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Ayni damda sevimli mashg‘ulot, ilmiy izlanish bilan shug‘ullanish, o‘rganganlarimizda mavjud xatolarni tuzatish uchun ham bizda juda ko‘p vaqt mavjud. Shunchaki undan unumli foydalanish lozim.

Karantinda stressga tushmaslik uchun nima qilish kerak?

Koronavirus pandemiyasi sababli axborot oqimi pandemiyagacha bo‘lgan davrga nisbatan ancha ko‘payib ketdi. Bu xabarlarni o‘qigan sari insonning negativ energiyasi ko‘payib, stress holatini boshdan kechirishni boshlaydi. Bunday holatda vahimaga tushgan inson oddiy isitma yoki yo‘taldan ham koronavirus belgilarini qidirishni boshlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy, norasmiy ahborotlardan, qo‘ni-qo‘shnilarning har xil gaplari, videoroliklar, blogerlarning postlari orqali juda katta miqdordagi informatsiya oqimini har kuni o‘zimiz hoxlamagan holatda qabul qilib olamiz.

Axborot ortidan unga qo‘shimcha ravishda organizm vahima, stress, depressiyani ham qabul qiladi. Aytaylik, siz bugungi yangiliklardan Italiyada koronavirus pandemiyasi sababli qancha fuqaro vafot etgani yoki AQShda koronavirusdan zararlanish eng yuqori nuqtaga chiqib olgani, yurtimizda koronavirusni yuqtirganlar 1700ga yaqinlashgani haqida bir qator xabarlarni eshitdingiz va vahimangiz yanada ortdi.

Ko‘p axborot oldingiz, lekin hech nima o‘zgarmaydi. Faqatgina keyingi vaqt mobaynida ko‘tarilgan qon bosimi va stressni o‘zingizga hamroh qilganingiz qoladi. Doimiy stress, depressiyaning organizmga yuklamasi ortib borishi natijasida qandli diabet kasalligiga chalinish ehtimoli yuzaga kela boshlaydi.

Bunday vaziyatda bizga ortiqcha axborot emas, sog‘lom hayot muhimroq. Shuning uchun «Axborot ro‘zasi»ni tutishni tavsiya qilaman. Shunchaki axborot oqimini keskin kamaytiring.

Uyda gigiyena, sog‘lom turmush tarziga rioya qilgan holda siz koronavirus yuqish havfini kamaytirishingiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlardagi koronavirus haqida xabar keladigan kanallar, guruhlardan voz keching. Ma'lumot olish uchun bitta rasmiysi qolsa ham, yetarli bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, #uydatalimolyapman loyihasida turli resurslar orqali mustaqil ta'lim olayotgan o‘quvchi va talabalar haqida hikoya qilib boriladi.

Agar siz ham karantin davri uchun o‘z dars tartibingizni ishlab chiqqan bo‘lsangiz, bu haqda bizga Telegram'dagi @uydatalimolbot manzili orqali ma'lumot yuborishingiz (imkon bo‘lsa, rasmlar va videolar bilan) mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top