19:20 / 23.04.2020
9310
Samarqandda karantin vaqtida buzilayotgan uy egasiga kompensatsiya berilgan, yer uchastkasi ajratilgan - MIB

23 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Yordam beringlar, hovlimizni buzishyapti. Pulimizni ham bermasdan buzishyapti» sarlavhasi ostida videolavha e'lon qilingan.

Unda Samarqand tumanining «Qo‘shtamg‘ali» mahallasida istiqomat qiluvchi Q.Ahadov o‘ziga tegishli bo‘lgan hovli Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan karantin chog‘ida buzib tashlanayotganidan shikoyat qilgan.

Mazkur masala bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasining rasmiy munosabati e'lon qilindi.

Unda aytilishicha, Samarqand viloyat faollarining 2019 yil 26 iyulda o‘tkazilgan majlisida belgilangan vazifalarga muvofiq, Samarqand tumani xududidagi «Eshkak eshish kanali» va unga tutash hududda «Samarqand turistik majmuasi» tashkil etish, turistik marshrutdagi yo‘llarni ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, yo‘l atrofida infrastruktura qurilish ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan tumandagi «Qoziariq», «Jo‘yisoy» va «Qo‘shtamg‘ali» MFYlardagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bir qator turar hamda noturar binolarni qonunda belgilangan tartibda buzib, evaziga ularning egalariga tovon pullari to‘lab berish ishlari amalga oshirilgan.

Shular qatorida, Q.Ahadovga tegishli, «Qo‘shtamg‘ali» mahallasida joylashgan uy-joyining bir qismi uchun tovon puli berilishi va boshqa joydan yer maydoni ajratilishi belgilangan.

Biroq Q.Ahadov asossiz ravishda qonun talablarini bajarishdan bosh tortganligi sababli da'vogar — Samarqand tuman hokimligi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining 2020 yil 17 fevraldagi hal qiluv qarori bilan da'vo qanoatlantirilib, javobgar Ahadov Qodir Qudratovichga tegishli, Samarqand tumanining «Qo‘shtamg‘ali» mahallasida joylashgan hovlisining 49 foizi, ya'ni umumiy yer maydoni 571, 51 kv.m, qurilish osti maydonining 459,06 kv.m.dan iborat uy-joylarini buzish, javobgarni oila a'zolarini buzishga tushgan uy-joydan chiqarish, buzish ishlarini javobgar Q.Ahadov hisobidan amalga oshirish belgilangan.

Shuningdek, sud ajrimiga binoan, buzish ishlari Q.Ahadovga 618 mln. 80 ming 75 so‘m miqdordagi tovon pullari to‘langanidan so‘ng amalga oshirilishi, buzishdan chiqqan qurilish mollari da'vogarda qoldirilishi hamda Samarqand tuman hokimligi zimmasiga javobgarga shu hududdan 572 kv.m.dan kam bo‘lmagan yer maydoni ajratish majburiyati yuklatilgan.

Sudning mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Samarqand tuman bo‘limi ish yurituviga 2020 yil 2 aprelda kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Belgilangan tartibga ko‘ra, ijro hujjati nusxasi 2020 yil 6 aprelda «qarzdor» Q.Ahadovga tanishish uchun topshirilib, u sud qarori ijrosini qonunda ko‘zda tutilgan 15 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda ta'minlash lozimligi to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan.

Samarqand tuman hokimining 2020 yil 18 apreldagi 642-K-sonli qarori bilan, «qarzdor» Q.Ahadovga buzilishiga tushgan uy-joyining buzilishi ko‘zda tutilgan qismi evaziga, yakka tartibda uy-joy qurish uchun tovon tariqasida Samarqand tumanining «Konigilagrotexservis» agrofirmasi yer xaritasi 274 konturidan jami 600 kv.m maydondagi yer uchastkasi ajratib berilgan.

«Qarzdor» Q.Ahadovga tegishli uy-joyning buzilishga tushgan qismi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan 618 mln. 80 ming 75 so‘m miqdordagi tovon pullari 2020 yil 20 aprelda Samarqand tuman hokimligi tomonidan Byuroning Samarqand tuman bo‘limi depozit hisob raqamiga o‘tkazib berilgan va shu kundan «qarzdor» ushbu pullarni olib ketishi haqida bir necha marta ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, tovon pullarini olishdan bosh tortib kelgan.  

2020 yil 22 aprelda «qarzdor» Q.Ahadovning arizasiga asosan tovon puli tariqasida Byuroning depozit hisob raqamida saqlanib kelinayotgan 618 mln. 80 ming 75 so‘m miqdordagi mablag‘lar uning «Savdogarbank» Ulug‘bek filialida ochilgan shaxsiy hisob raqamiga to‘liq o‘tkazib berilgan. 

«Sud qarorida ko‘rsatilgan qarzdor oldidagi barcha majburiyatlar bajarilgandan so‘ng ham «qarzdor» Q.Ahadov tomonidan sud qarori berilgan ixtiyoriy muddatda ijro qilinmaganligi sababli, sud qarori ijrosi majburiy tartibda ta'minlanib, yuqorida ko‘rsatilgan uy-joy mutaxassislar ishtirokida buzilgan, — deyiladi MIB munosabatida. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top