18:36 / 23.04.2020
5109
Vetnamda bir hafta davomida hech kim koronavirusga chalinmaganidan so‘ng karantin choralari bekor qilinmoqda

Mamlakatda 268 kishi koronavirusga chalingan bo‘lib, ulardan 216 nafari sog‘aygan, koronavirusdan o‘lim holatlari qayd etilmagan.

Foto: REUTERS/Kham

Vetnamda 23 apreldan boshlab koronavirus tarqalishi sababli joriy etilgan cheklovlar olib tashlanmoqda, deb xabar berdi mahalliy OAV mamlakat bosh vaziri Nguyen Suan Fukka tayanib.

Vetnamdagi aksariyat shaharlarda tadbirkorlik va boshqa faoliyatlarga nisbatan kiritilgan cheklovlar olib tashlanmoqda, do‘konlar, qahvaxona va restoranlar ochilmoqda. Ammo shu bilan birga, aholi infeksiya tarqalishining oldini olish choralariga amal qilishi lozim. 

Bosh vazir aholi jamoat joylarida niqobda yurishi, ijtimoiy masofa saqlashi va gavjum joylarda yurmasligi kerakligini aytdi.

Shuningdek, mamlakat ichidagi barcha mahalliy parvozlar tiklanadi. 

Poytaxt Xanoy, Baknin va Xazyang provinsiyalari hamda Xoshimin shahrida ayrim cheklovlar saqlanib qoladi. Xanoyning ayrim tumanlarida karantin cheklovlari 30 aprelgacha amal qiladi.

Vetnamda bir haftadan buyon koronavirusga chalinish bilan bog‘liq birorta ham holat qayd etilmadi.

Mamlakatda 268 kishi koronavirusga chalingan bo‘lib, ulardan 216 nafari sog‘aygan, koronavirusdan o‘lim holatlari qayd etilmagan.

Vetnamda 1 apreldan umumiy karantin joriy etilgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top