13:23 / 24.04.2020
60584
Dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma'lum qilindi

Bugun O‘zbekiston hududining katta qismida ob-havo quruq va iliq bo‘ladi. Kunduzi harorat 28-30, janubda esa 32-34 darajagacha isiydi

Foto: KUN.UZ

Faqat respublikaning shimoliy tumanlariga g‘arbiy Qozog‘istondan kam nam va nisbatan salqin havo kirishi davom etadi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi, shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Harorat 17-20 darajagacha pasayadi.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, kechga yaqin respublikaning janubi-g‘arbiy tumanlariga Turkmanistondan nam oqim kirishni boshlaydi, shanba kuni esa nam havo oqimi deyarli butun mamlakatimiz hududiga tarqaladi. Barcha viloyatlarda havo bulutli bo‘ladi, bugun kechqurun va kechasi Buxoro, Navoiy viloyatlarida, ertaga kunduzi Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida, respublika shimoli va janubida asosan kuchsiz yomg‘ir yog‘adi. Momaqaldiroq bo‘lishi va shamolning tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi harorat 22-25 darajagacha pasayadi.

Har doim bahorda kuzatilganidek, ob-havoning bunday o‘zgarishi qisqa muddatli bo‘ladi, yakshanbada havo yana ochiladi, yog‘ingarchiliksiz va kam bulutli bo‘ladi. Harorat tez ko‘tarilib, kunduzgi soatlarda 27-30 darajaga yetadi.

Dushanbada ham respublika hududida ob-havo xuddi shunday kam bulutli va quruq bo‘ladi. Harorat ko‘tarilishi davom etadi, dushanba kuni kunduzi 32-34 darajani, janubda 35-37 darajani tashkil qiladi. Eslatamiz, eng issiq yillarda aprel oyida harorat 35-37, janubiy hududlarda esa 37-39 darajani tashkil qilgan.

Top