00:28 / 24.04.2020
107436
Dermatologlar COVID-19’ning navbatdagi alomatini aniqlashdi: «kovidli barmoqlar»

Yangi koronavirusning qamrov halqasi kengayib borar ekan, kundan kunga olimlar COVID-19ning yangi xususiyatlarini kashf qilib borishmoqda. Biroq hali uning yashirin sirlari juda ko‘pga o‘xshayapti, deb yozadi Republica.

Foto: pixabay.com

Amerikaning ABC News telekanali xabariga ko‘ra, mediklar g‘alati, biroq SARS-CoV-2 yuqtirganlikni ko‘rsatuvchi alomat — teridagi o‘zgarishlarga duch kelishgan.

Borgan sari yetakchi dermatologlarning katta qismi COVID-19 bilan kasallanganlikda gumonlanayotgan va tasdiqlangan tashxisga ega patsiyentlarda turli toshmalar va boshqa teri kasalliklari belgisiga e'tibor qaratishmoqda.

Ularning taxminicha, inson terisi kasallik chog‘ida organizmda nimalar ro‘y berishi haqida «so‘zlab» berishi mumkin.

Italiyalik vrachlar bu haqda mart oyidayoq bildirishgan edi. Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus yuqtirgan har beshinchi patsiyentda teri bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.

Eng ko‘p uchragan holat — to‘q qizil toshmalar.

Dematologlar hamjamiyatida norasmiy «kovidli barmoqlar» (oyoq barmoqlari nazarda tutilgan, COVID toes) termini muomalaga kirgan, bu bilan ular barmoqlarning alohida qismlarida rang o‘zgarishini tasvirlashgan (nafaqat oyoqda, qo‘lda ham).

Italiyaliklar amerikalik ekspertlarni ushbu alomatdan xabardor qilgach, ular AQShda bunday holatlarni tobora ko‘proq uchrata boshlashgan.

ABC News ko‘rsatuvidan skrinshot

Ko‘pincha qizil toshma (garchi «kovidli barmoqlar» holatida to‘q qirmizi, hattoki ko‘k ranglar haqida gap boradi) sovuqqa reaksiya sifatida baholashmoqda, deya ta'kidlaydi Pensilvaniya universiteti qoshidagi kasalxonaning dermatologiya professori Misha Rozenbax. Biroq teri rangining o‘zgarishi ob-havoga aslo bog‘liq emas.

«Biz sovuqdan bunday ko‘karishga qishda duch kelishimiz mumkin, lekin aslo bahorning avj pallasida emas, — degan ABC News’ga Shimoliy-g‘arbiy universitet dermatologiya kafedrasi mudiri Emi Poller. — Endi bu ham xuddi COVID-19 singari keng tarqalganidan, biz ularning o‘rtasida bog‘liqlik bor deb o‘ylashga majbur bo‘lmoqdamiz».

Bunday tusdagi toshmalar infeksionist ekspertlarni ham hayron qoldirmoqda.

«Bunday joylarga teginish og‘riq va achishish hissini tuyishga sabab bo‘ladi», – deb hikoya qiladi Pensilvaniya universiteti qoshidagi tibbiyot maktabi infeksionisti Ebbing Lautenbax.

Qizig‘i shundaki, bu alomat ko‘proq COVID-19 uchun an'anaviy bo‘lgan belgilar namoyon bo‘lmaydigan insonlarda, ayniqsa bolalar va yoshlarda ko‘proq uchraydi. Lekin bu alomatlar aynan qaysi yosh guruhlariga xosligini aniqlash uchun ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak, deyishmoqda barcha ekspertlar.

Bundan tashqari, toshma qizamiq va eshakemi kabi kasalliklarda uchraydigan ko‘rinishda ekani, aynan COVID-19 bilan bog‘liq bo‘lmasligi, dori-darmonlarga yoki boshqa virusli infeksiyalarga reaksiya bo‘lishi mumkinligi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Tadqiqotchilar hamon COVID-19ning alomatlarsiz holatlarini o‘rganishga urinishmoqda. Eslatib o‘tamiz, COVID-19ning an'anaviy alomatlariga ko‘pincha yuqori harorat, quruq yo‘tal, holsizlik kirar edi; ammo so‘nggi haftalarda ta'm va hid bilish sezgilarining yo‘qolishi, buyrak bilan bog‘liq muammolar va tromboz kabi g‘ayrioddiy ko‘rinishlar ham topilgan.

Nazariyalardan biriga ko‘ra, barcha kasalliklarda ham alomatlar bo‘ladi, lekin ularni vrachlar bir qarashda aniqlay olmaydi. Ehtimol, teri bilan bog‘liqlik ulardan biri bo‘lishi mumkin.

Ekspertlar «kovidli barmoqlar»ning ikkita ehtimolli sababini ilgari surishmoqda: doktor Lautenbaxga ko‘ra, birinchisi — oyoq sohasida to‘plangan shamollash reaksiyasi. Ikkinchisi — tromblar bo‘lishi mumkin.

«Qisqasini aytganda, hech kim anig‘ini bilmaydi», — deya xulosalaydi u.

Doktor Rozenbaxga ko‘ra, oyoq va qo‘l barmoqlaridani toshmalardan tashqari dermatologlar retikulyar asfiksiya (livedo reticularis, to‘rsimon livedo) ga e'tibor qaratishlari kerak — u ayrim COVID-19 patsiyentlarida uchragan, qon tomirlari zararlanganida paydo bo‘ladigan to‘q qirmizi tusdagi to‘rsimon chizgilarga o‘xshaydi.

Nyu-Yorkdagi Vayl Kornell nomidagi meditsina kolleji dermatologi Joanna Harp kritik holatdagi COVID-19 patsiyentlarida turli joylarda — qo‘llar, oyoqlar va sonlarda turli teri kasalliklari avj olganini kuzatgan — bunday toshmalar koronavirus yuqtirgan ba'zi insonlarda tromb hosil bo‘lish darajasi yuqoriligi bilan tushuntiriladi.

«Hozircha bu insonlarda tobora ko‘proq tromblar paydo bo‘lishiga aynan nima sabab bo‘lgani oxirigacha ravshan emas, lekin farazlardan biriga ko‘ra, virus ayrim patsiyentlarda immun tizimini haddan ziyod qo‘zg‘aydi. Keragidan ortiq faol bo‘lgan immunitet tromblar hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin», — deydi vrach.

Massachusets umumiy profildagi shifoxonasining reanimatsiya bo‘limi rahbari Syuzan Uilkoks ham o‘zining eng og‘ir kovid bemorlari tanasida to‘q qirmizi toshmalarga duch kelgan. U ularga shiddatli purpura (purpura fulminans) deb tashxis qo‘ygan. Uilkoksning so‘zlariga ko‘ra, bunday toshma virus yuqtirish natijasida qon tomirlar ichida qonning intensiv ivishi, qo‘l-oyoqlar barmoqlarida, shuningdek burunda mikrotromblar paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.

COVID-19ning yangi potensial alomatini tadqiq etishni tezlashtirish uchun Amerika dermatologlar akademiyasi ishchi guruhi butun jahondagi pasentlar ustidan kuzatuvlarni ro‘yxatga olish uchun onlayn reyestrni ishga tushirdi. Massachusets umumiy profildagi shifoxonasi dermatologi Ester Frimenning bergan ma'lumotiga ko‘ra, reyestrda allaqachon 130ta holat qayd etilgan.

Nima bo‘lganda ham, dermatologlar uchun COVID-19 va ularning kuzatuvlari o‘rtasida sabab-oqibat aloqalarini o‘rnatishda eng katta muammo — koronavirus uchun testlarning yetarli emasligi bo‘lib turibdi. Terisida toshmalar paydo bo‘lgan va boshqa alomatlarga ega insonlarni hozircha COVID-19ga qarshi tekshirishmayapti, deydi doktor Poller.

Ebbing Lautenbaxning fikricha, «kovidli barmoqlar»ga ega insonlarda test manfiy bo‘ladi, chunki hali virus boshlang‘ich rivojlanish bosqichida bo‘ladi. Lekin bunday insonlar o‘zlarini uyda izolyatsiya qilib, boshqa alomatlar rivojlanishi ustidan sinkovlik bilan kuzatuv olib borishlari kerak, deya tavsiya qiladi u.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top