13:44 / 24.04.2020
11187
Futbol tarixidan: Noodatiy chempionlar

Davraviy o‘ynash formati, ya'ni biz o‘rganib qolgan liga tizimi eng kuchli jamoalarni aniqlash uchun ideal hisoblansa-da, ba'zida qiziqarli holatlar ham uchrab turadi. Bunday turnirda g‘olib chiqish uchun, ba'zida eng yaxshi futbolni namoyish qilish, har tomonlama raqiblardan kuchli bo‘lish ham shart bo‘lmay qolar ekan. Quyida futbol tarixidagi mana shunday holatlar haqida hikoya qilinadi.

Shvetsiya mo‘jizasi

AIK – Shvetsiyaning eng sovrindor klublaridan biri, 13 marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. Eng g‘alati chempionlik esa 1998 yilda sodir bo‘lgandi. Stokholmliklar turnirda eng kam gol urgan jamoa bo‘lib turib ham, yakunda bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi. 26 o‘yinda 25 gol, har bir o‘yinga o‘rtacha 0.96 goldan to‘g‘ri keladi.

O‘sha mavsumdan oldingisida AIK atigi 8-o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Vaziyatni o‘nglash uchun shved futboli uchun begona bo‘lmagan, Yaponiyada ishlab yurgan Styuart Bakster jamoa bosh murabbiyligiga taklif qilinadi. So‘nggi besh yilini kunchiqar o‘lkada o‘tkazgach, ishini o‘zgartirish kerakligini anglab turgan murabbiy uchun bu ayni muddao edi.

«Men boshqa jamoalar kabi o‘ynamasligimiz kerakligini tushunib yetdim. Shvetsiyada hamma 4-4-2 sxemasida o‘ynar, himoyachilar oldindagi sheriklari harakat qilishi uchun shunchaki, to‘pni tepib yuborishni afzal ko‘rardilar. Hatto terma jamoa uslubi ham shunaqa, barcha shunga o‘rganib qolgan, odatlangandi. Agar biz ham shunday o‘ynasak, tabiiyki, omadliroq bo‘lgan yoki kuchliroq ijrochilarga ega bo‘lgan jamoa g‘alaba qozonadi. Shuning uchun biroz boshqacha yo‘ldan bordim.

AIK mavsumning ilk 10 o‘yinida atigi 2 marta g‘alaba qozondi. Mamlakatning o‘sha paytdagi eng kuchli klubi «Gyoterborg»ga qarshi uchrashuv esa o‘zgarish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi. Futbolchilarga uslublarim yoqar, ammo hali natija yo‘q edi. O‘yin oldidan ularga hech narsaga yon berish yo‘qligi, yo o‘ylaganimizdek harakat qilamiz yoki men ketishimni aytdim», deya eslaydi Bakster.

O‘yin davomida futbolchilardan biri qizil kartochka olib, jamoa bir kishi kam bo‘lib harakatlanganiga qaramasdan AIK 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Aynan shu hisob doim jamoaga hamroh bo‘ldi – keyingi 11 g‘alabaning 7tasi aynan shu minimal hisobda.

Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi tur oldidan AIKning imkoniyati juda past edi. Bir tur qolganda jamoa 0:0 o‘ynab qo‘ydi va «Helsinborg»ni oldinga o‘tkazib yubordi. So‘nggi turda AIK ligada jon saqlash uchun kurashayotgan «Ergryuge» bilan, «Helsinborg» esa allaqachon ligani tark etishi aniq bo‘lgan «Heken»ga qarshi to‘p surishi lozim edi.

«Men klubga kelgan birinchi kuni ofisim oldida bir yigitchani ko‘rgandim. U mendan jamoa bilan shug‘ullanish borasida ruxsat so‘radi. U Portugaliyaga ketmoqchi edi va o‘z sport formasini ushlab turmoqchi bo‘lgan. Bilishimcha, u jamoada o‘ynagan, lekin ba'zi muammolar tufayli shartnomasi uzaytirilmagan ekan.

Men unga qolishga ruxsat berdim. Hujumchilardan qiynalib qolganimizda esa, u bilan yangi shartnoma tuzishni so‘radim. Muammo shunda ediki, u gol urmasdi. Muxlislar va jurnalistlar meni tanqid qilishar, hujumchida gollar yo‘qligini aytishardi. Rostini aytganda, o‘zi hech kim gol urolmayotgandi-da», deydi murabbiy.

Shunday bo‘lsa-da, Bakster uni so‘nggi o‘yinda asosiy tarkibga kiritadi. Aynan uning goli jamoaga 1:0 hisobidagi g‘alaba olib keladi. Uning butsasiga oltin suvini yuritib, klub muzeyiga qo‘yildi. Bu yigitchaning ismi Aleksander Ostlund edi va u keyinchalik «Feyyenord», «Sauthempton» kabi klublarda o‘ynadi, terma jamoa bilan birga 2004 yilgi Yevropa chempionatiga bordi. 

Lekin bu yetarli emasdi. AIK chempion bo‘lishi uchun «Helsinborg» ham yutqazishi talab etilar edi. Umuman ochko kerak bo‘lmagan «Heken» esa mo‘jiza ko‘rsatib, 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi, Matias Larsson dubl qayd etadi. O‘sha o‘yindan keyin muxlislar Larssonni «AIK afsonasi» deb atay boshlashgan va hatto Gyoterborgdan Stokholmgacha chipta olib berib, g‘alaba bayramiga chaqirishgandi. Sahnaga olib chiqib, minnatdorchilik ham bildirishgan.

Shunga o‘xshash holatlar Yevropaning boshqa ligalarida ham bo‘lganmi?

Turkiya chempionatidagi 1979/80 yilgi mavsum ko‘p eslanadi. Mamlakat chempioni bo‘lgan «Trabzonspor» 30 turda atigi 25 gol urgandi. Ya'ni bir o‘yinda o‘rtacha 0.83 gol. Lekin o‘sha chempionatda «Trabzonspor»dan kamroq gol urgan boshqa jamoalar ham bor edi.

Ushbu chempionat faqat chempionning golsizligi bilangina eslanmaydi. Umuman, o‘sha mavsumdagi jamoalar o‘rtasidagi farq, kurashning qizg‘inligi bo‘yicha hech qaysi turnir bellasha olmasa kerak. Masalan, chempion jamoa 30 o‘yindan atigi 12tasida g‘olib chiqqan, 15 o‘yin durang bilan yakunlangan.

Undan ham qizig‘i, shu darajada tig‘iz jadval yuzaga kelgandiki, chempionatda 33 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni olgan «Zonguldakspor» klubi 14-o‘rinni olib, ligani tark etgan «Gyoztepe»dan atigi 6 ochko ko‘p jamg‘argandi, xolos. Ya'ni, atigi 2-3 g‘alaba bir jamoani autsayderdan sovrindorga aylantirib qo‘yishi ham mumkin edi. Quyida o‘sha mavsum jadvali:

Top chempionatlardachi?

Kuchli beshlikdan qidiradigan bo‘lsak, Fabio Kapelloning «Milan»i 1993/94 yilgi mavsumda 34 turda atigi 36 gol urib chempion bo‘lgan. To‘g‘ri, «Milan»dan kamroq urgan boshqa jamoalar ham bo‘lgan, lekin aytaylik, kumush medal sohibi «Yuventus» o‘shanda 58 gol urgan, «Sampdoriya» esa, deyarli ikki barobar ko‘p – 64 gol bilan mavsumni yakunlagan. «Milan» chempion bo‘lishiga Kapello tanlagan pragmatik futbol, himoyadagi bexato o‘yinlar sabab bo‘lgan. O‘shanda «Milan» mavsum davomida atigi 15 gol o‘tkazib yuborgandi, xolos.

Qizig‘i, «Milan» o‘sha mavsumda Chempionlar ligasida ham g‘olib chiqqan, lekin jamoa o‘yinida hujumkorlik joyida edi. «Milan» turnirda 12 o‘yinda maydonga tushib, 26 gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo himoyadagi ajoyib o‘yinlar yevrokuboklarda ham kuzatilgan – Sebastiyan Rossi o‘z darvozasidan atigi 3 marta gol qo‘yib yuborgandi, xolos.

Finalda esa o‘sha davrning «Orzular jamoasi» deb atalgan Kroyfning «Barselona»si 4:0 hisobida tor-mor etilgan.

Top