08:13 / 24.04.2020
7810
Karantin sharoitida qurilish ishlari qanday olib borilishi tushuntirildi

Pandemiya davrida qurilish ishlari sifatini nazorat qilish qay tarzda amalga oshirilishi ochiqlandi

Foto: KUN.UZ

AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov karantin vaqtida qurilish ishlari qanday olib borilishi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, karantin sharoitida qurilish materiallarini internet orqali sotib olsa bo‘ladi.

“Hozirda barcha ishlab chiqaruvchilarga internetda o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali xaridorlar bilan aloqalar o‘rnatish va mahsulotlarni maxsus dezinfeksiya qilingan avtomobillarda qurilish joyiga yetkazib berish bo‘yicha ham vazifalar yuklangan. Bu bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, - dedi u.

Shuningdek, Qurilish vazirligi vakili pandemiya davrida qurilish ishlari sifatini nazorat qilish qay tarzda amalga oshirilishini ham ochiqladi.

“Sohadagi nazorat tizimi bir necha bosqichli bo‘lib, bularga texnik nazorat, mualliflik nazorati, ichki nazorat va inspeksiya nazorati kiradi.

Albatta, bu ishlar Respublika maxsus komissiyasi tavsiyalariga ko‘ra masofadan turib amalga oshirilishi, bunda video kuzatuv, axborot almashuvining elektron tizimi, kunlik foto va video hisobotlardan keng foydalaniladi. Ushbu hisobotlar "vaxta" uslubida ishlaydigan pudrat tashkilotlarning ichki nazorat xodimlari tomonidan tayyorlab boriladi.

Qurilish obektiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish holatlarida xodimlar himoya vositalari bilan to‘liq ta'minlanishi uchun tegishli tashkilotlar tomonidan choralar ko‘rilgan”, - dedi u.

Karantin vaqtida loyiha-smeta hujjatlarini ekspertiza qilish qanday amalga oshirilishi ham aytildi.

“Respublika miqyosida maxsus guruh tuzilgan bo‘lib, loyihalarning 90 foizi elektron shaklda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Aslida bu tizim joriy yilning avgust oyida ishga tushishi belgilangan edi, lekin bugungi karantin davrida ishlarning uzluksiz davom etishini ta'minlash va buyurtmachilarga qulaylik yaratish maqsadida vaqtliroq ishga tushirildi.

Bunda, bu tizim orqali inson faktori oldini olingan, ya'ni"buyurtmachi" va ekspertiza vakili bir-birini ko‘rmaydi”, - dedi Jamoliddin Qalandarov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top