21:00 / 24.04.2020
52341

Koronavirusga doir so‘nggi statistik ma'lumotlarni Kun.uz'ning maxsus sahifasida kuzatib boring

Koronavirus bemorlari 100 mingdan oshgan davlatlar soni bugun 7taga yetdi. Jami zararlanish holatlari bir necha kun ichida 3 milliondan ortib ketishi kutilmoqda. Hozirgacha 750 ming kishi sog‘aygan bo‘lsa, virus 190 mingdan ortiq insonni hayotdan olib ketdi.

Pandemiya shiddat bilan tarqalib borayotgan bugungi kunda muhim yangiliklar bilan birga, dunyo miqyosidagi holatni aks ettiruvchi yaxlit statistik ma'lumotlarga ham ehtiyoj yuqori.

Shuni inobatga olgan holda, Kun.uz o‘z o‘quvchilariga qulaylik yaratish uchun COVID-19 pandemiyasiga oid maxsus sahifasini yangiladi. Endilikda kun.uz/covid19 manzili orqali onlayn rejimda yangilanib boruvchi so‘nggi statistik ma'lumotlar bilan tanishib borishingiz mumkin.

Mamlakatlar kesimida taqdim etilgan jadval ma'lumotlari AQShdagi Jons Hopkins universiteti va boshqa ishonchli manbalar asosida muntazam ravishda avtomatik yangilab boriladi.

Bundan tashqari, maxsus sahifa orqali infeksiyadan himoyalanishga oid eng asosiy tavsiyalar, eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar va O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyatga oid so‘nggi yangiliklar bilan ham tanishishingiz mumkin.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 koronavirusi 2019 yil dekabr oyida Xitoyning Xubey provinsiyasida joylashgan, 11 mln aholiga ega Uhan shahrida tarqala boshlagan edi. Xitoy o‘z hududida noma'lum virus tarqalayotgani haqida jahon hamjamiyatiga 31 dekabr kuni ma'lum qildi, shu kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga xabarnoma yuborilgan.

9 yanvar kuni yangi turdagi koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. 13 yanvarda Xitoydan tashqarida birinchi bemor aniqlandi; oradan bir oy o‘tib, Xitoydan tashqarida birinchi qurbon berildi.

Epidemiya 11 martga kelib, pandemiya deb e'lon qilindi. 2 aprelgacha dunyo miqyosida bemorlar soni million nafar, 15 aprelgacha 2 million nafarga yetdi. Xitoydan keyin dastlab Eron, so‘ng Italiya va Yevropa, shundan keyin AQSh virus eng avj olgan hududlarga aylandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top