08:24 / 24.04.2020
2950
O‘zbekistonda onlayn poliklinika sinov rejimida ishga tushirildi

Onlayn maslahatlar faqat tavsiya xarakteriga ega. Shifokor masofadan turib, tahlil olish, harorat, bosim va pulsni o‘lchash kabi harakatlarni amalga oshira olmaydi

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda ilk bor “Shifokordan so‘rang” onlayn poliklinikasi sinov tariqasida ishga tushirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Ushbu loyihadan foydalanish uchun www.askdoctor.uz veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish kerak. Buning uchun aloqa ma'lumotlarni kiritib, telefon raqam orqali tasdiqlash lozim bo‘ladi. So‘ngra tegishli yo‘nalish bo‘yicha shifokor va qulay bo‘lgan aloqa usullaridan (video) birini tanlash lozim.

“Oldindan yoki muloqot paytida anketalar, kasalxonadan chiqqanligi to‘g‘risidagi hujjatlar, ya'ni, shifokorga tavsiyalarni tayyorlashda yordam beradigan ma'lumotlar tasvirini yuklashingiz mumkin. Shifokor maslahatidan so‘ng telefoningizga tavsiya yozilgani to‘g‘risidagi xabar keladi. Uni saytning shaxsiy kabineti orqali yuklab olish mumkin. Ta'kidlash joizki, loyiha maqsadidan kelib chiqqan holda, onlayn maslahatlar faqat tavsiya xarakteriga ega. Chunki shifokor masofadan turib, tahlil olish, harorat, bosim va pulsni o‘lchash kabi harakatlarni amalga oshira olmaydi”, - deyiladi xabarda.

Ushbu onlayn xizmatdan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, karantin tadbirlari davrida bepul. Xizmatdan foydalanish uchun maxsus dasturlarni o‘rnatish talab etilmaydi va Internet brauzeriga ega har qanday qurilma (smartfon, planshet, noutbuk, kompyuter) orqali foydalanish mumkin. Brauzer sozlamalarida saytning mikrofon va veb-kamera qurilmalaridan foydalanishiga ruxsat berilishiga alohida ahamiyat berish kerak.

“Sifat va xavfsizlik borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, onlayn poliklinikaning barcha mutaxassislari Sog‘liqni saqlash vazirligida qo‘shimcha sinovdan o‘tgan yuqori malakali shifokorlar (shu jumladan, professorlar) hisoblanadi. Tez orada uyda bo‘lgan va tibbiy maslahatlarni taqdim etish uchun texnik imkoniyatga ega shifokorlarni ham jalb qilish funksiyasi ishga tushiriladi. 

Bundan tashqari, ushbu saytda maqolalar, tavsiyalar va tibbiy ensiklopediya ham mavjud bo‘lib, shifokor bilan onlayn maslahatlashuvdan oldin o‘zingizni qiziqtirgan savollaringizga javob topishingiz mumkin.

To‘satdan paydo bo‘lgan og‘riq va kasallik alomatlari paytida diqqatni jamlash juda qiyin bo‘lishini hisobga olgan holda, www.askdoctor.uz saytida oldindan ro‘yxatdan o‘tish tavsiya qilinadi.

Shuningdek, mamlakatimizdagi noqulay sanitariya-epidemiologik vaziyat davrida shifokorlar maslahati bepul ekanligini inobatga olib, shifokorlar bilan muloqot so‘zlashuv madaniyatiga rioya qilgan holda, haqorat va tahdidlarsiz o‘tishi lozim. Shuni bilingki, onlayn maslahat to‘liq davolanish hisoblanmaydi. Zarur holda shifokor-konsultant tez yordam chaqirishi yoki shifokor ko‘rigiga yo‘naltirishi mumkin”, - deyilgan ma'lumotda.

Top