10:21 / 24.04.2020
86290

Propiska bo‘yicha farmon. Asosiy yangiliklar

O‘zbekistonda propiska tizimi tubdan isloh qilinadi. Xususan, 1 apreldan Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishda fuqarodan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish talab etilmaydi, poytaxtda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 15 kunga uzaytiriladi. Ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘tiladi. Shuningdek, yagona «Manzil» avtomatlashtirilgan axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida hukumat 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozimligini ta'kidlagandi.

«Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud. Buning yechimi – ichki migratsiyani erkinlashtirishdir. Shu bois parlament va hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim», degandi prezident.

3 mart kuni prezidentning «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni e'lon qilindi. Unda 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk olishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartib joriy etilishi ma'lum bo‘lgandi.

Aprel oyi boshida propiska tizimini isloh qilishga doir O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Loyihalar yuzasidan muhokamalar «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan e'lon qilindi.

22 aprel kuni O‘zbekiston prezidentining «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Quyida prezident farmonida ko‘zda tutilgan asosiy o‘zgarishlar keltiriladi:

  • «doimiy propiska qilish» va «turgan joyi bo‘yicha hisobga olish» tushunchalari «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» hamda «vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchalariga o‘zgartirilmoqda;
  • Toshkentdan uy sotib olish uchun propiska talab qilinmaydi - propiskasiz ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishga ruxsat beriladi; 
  • propiskasiz fuqarolar mulk olganda to‘laydigan davlat bojlari stavkasi bekor qilinadi - shu vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahridan uy sotib olinganda olganda undiriladigan oshirilgan qiymatdagi davlat boji mulkning 5 foiziga teng edi; 
  • Propiska huquqiga ega tashkilot va idoralarning tavsiyasi bilan propiskaga ega bo‘lgan xodimlar o‘sha idora va tashkilotdagi lavozimidan ketgan taqdirda ham «propiska»si bekor bo‘lmaydi - ish joyidan doimiy ro‘yxatga olinganlar ishdan ketgandan keyin ham propiskasini yo‘qotmaydi;
  • Er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalar chiqarib tashlanadi - propiska olish uchun er (xotin) nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashashiga doir talab bekor bo‘ladi (qonun loyihasi kiritilmoqda); 
  • Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolar ma'lum muddat boshqa hududda yashab, Toshkent shahri va viloyatga qaytib kelganda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi (qonun loyihasi kiritilmoqda);
  • Toshkentda joylashgan davlat tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadigan bo‘ladi;
  • oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘ladi (qonun loyihasi kiritilmoqda);
  • birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarni nafaqat o‘zi doimiy ro‘yxatda bo‘lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi beriladi;
  • 1 sentyabrdan boshlab Toshkentda doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga o‘zgartiriladi;
  • pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga propiska uchun shtamp bosish amaliyotidan voz kechiladi va bu raqamlashtiriladi;
  • 2020 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda ham «Yagona darcha» tamoyili asosida DXA bo‘limlari tomonidan propiskaga qo‘yish tizimi joriy etiladi; 
  • Ro‘yxatga olish fuqaroning xohishiga ko‘ra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bir kun ichida amalga oshiriladi.
  • doimiy ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro‘yxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro‘yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo‘limlariga borish tartibi bekor qilinadi;
  • Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar FHDYo organining o‘zida tug‘ilish haqidagi guvohnoma berish jarayonida otasi yoki onasining yashash manzili bo‘yicha doimiy propiska ega bo‘ladi;
  • soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi taqdim etilganda vaqtincha ro‘yxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi;
  • Uy-joy sotib olmagan fuqarolar notarial idoralarga murojaat qilganda ulardan propiska talab qilinmaydi;
  • ro‘yxatga olish tartibini buzganlik O‘zbekiston fuqarolarini tegishli hudud va manzildan chiqarib yuborish uchun asos bo‘lib hisoblanmaydi.

Farmondagi vazifalar ijrosi borasidagi qonun loyihasi yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi. 

Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomni tasdiqlash vazifasi yuklatilgan. 

Mazkur nizom tasdiqlangandan so‘ng Prezident Farmonida belgilangan yangi tartibotlar rasmiylashtirilishi boshlanadi.

Top