14:20 / 24.04.2020
75151
Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish: muhim tavsiyalar

Mana, oylarning shohi - ramazon oyi ham kirib keldi. So‘nggi yillardagi yashash sharoitlarimiz, taomlanishimiz tarzi ancha rivojlanib, o‘zgarib qolgani tayin. Ushbu maqolada ro‘za tutish mobaynida sog‘liqqa ta'sir ko‘rsatuvchi ayrim xatolar, xususan, noto‘g‘ri ovqatlanish haqida so‘z boradi.

Foto: Getty Images

Ramazon oyiga tayyorgarlik

Ramazongacha o‘n kun qolgan vaqtda 3-4 kun oralatib ro‘za tutib, organizmimizni shunga tayyorlab olishimiz lozim, shundagina ro‘zaning dastlabki kunlaridan qiynalmay o‘tib olamiz. Parhezshunoslar organizmni har qanday ochlik va parhezga tayyorlagani kabi, ramazongacha biz ham dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutib tayyorgarlik ko‘rib olishimiz lozim.

Ramazon ro‘zasini tutishdan 2-3 kun avval oshqozonda kislotaviylikni oshiruvchi mahsulotlarni cheklashimiz hamda to‘yib ovqatlanishdan o‘zimizni saqlashimiz lozim. Ayrimlar «ertadan ro‘za», deya bir-ikki kun haddan ziyod ko‘p va kuchli ovqatlanib olishadi va bu jarayon ro‘zaning ilk kunlarida qiynalishlariga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki ichki a'zolar yana shuncha ovqat yeyishingizni kutib, tayyor turadi.

Ro‘za tutaman degan odam, avvalo, ishonch bilan boshlashi kerak. Och yurishga chiday olishingizga ishonsangizgina butun ichki organlaringiz ertalabdan kechgacha yemaslik holatini tushunib, shu sharoitga mos faoliyat yuritadi. Sizning ishonchingiz butun ichki a'zolarga shomgacha och yurishga signaldir. Ishonchli kuchliligi esa niyatga bog‘liq.

Saharlik

Ertalab uyg‘onganimiz hamono dastlab iliq suvga imkon bo‘lsa bir qoshiq asal aralashtirib ichib olib, keyin saharlikka tayyorgarlik ko‘rilsa, 10–15 daqiqadan so‘ng yegan taomimiz suv bilan aralashmasdan noqulayliklardan qutulamiz.

Saharlikda bizni asosiy ichimligimiz suv bo‘lishi lozim, choy ichgan taqdirda ham imkon qadar uni achchiq qilib damlamasdan ichish lozim.

Quyidagi mahsulotlar bizni kun davomida chanqashimizga va ichgan suvimizning tezroq tanamizni tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin:

  • yog‘li mahsulotlar va yog‘li ovqatlar;
  • me'yoridan ortiq achchiq choy;
  • dudlangan go‘sht mahsulotlari (kolbasa, sosiska va hokazo);
  • sho‘r mahsulotlar;
  • tuzlama mahsulotlari;
  • kofe va kofeinga boy mahsulotlar;
  • shakarni haddan ziyod ko‘p iste'mol qilish;
  • barcha notabiiy kimyoviy moddalar aralashtirib tayyorlangan oziq-ovqatlar;
  • lavr (dafna) yaprog‘i, na'matak mevasi kabi siydik haydovchi damlamalar.

Endi esa saharlik qilish uchun to‘rt xil eng foydali mahsulotni keltirib o‘tamiz.

1. Saharlikda imkon qadar tez hazm bo‘lmaydigan va yuqori kaloriyaga ega donli mahsulotlarni iste'mol qilish lozim. Bular: suli bo‘tqasi, shirguruch, grechixali ovqat va shu kabilar.

2. Sut mahsulotlaridan tvorog, yogurt, qatiq, smetana, shirchoy ham foydali hamda bu mahsulotlar bilan kun davomida chanqamasdan yurishimiz kuzatilgan.

3. Asal, arab xurmosi, yong‘oq, mag‘iz, o‘rik turshagi, olcha qoqi va boshqa shu kabi quruq mevalar.

4. Banan, gilos, anjir, o‘rik, shaftoli, olma, olcha, nok va boshqa mevalar bilan saharlik qilib olish lozim.

Yuqoridagi mahsulotlarni saharlik paytida imkon qadar bir-biriga aralashtirmasdan, alohida iste'mol qilish tavsiya qilinadi. Bu kun davomida o‘zimizni yaxshi his qilishimizga zamin yaratadi.

Kun davomida

«Ro‘zadorman, kuni bo‘yi harakat qilsam, och qolaman, harakatdan qolib holsizlanaman», deb hech ham o‘ylamang. Ro‘zada odam doim ohista harakatda bo‘lishi kerak, harakat va ochlik sog‘ligimizni tiklashimizga va mustahkamlashimizga ikki karra hissa qo‘shadi. Harakat qilmasdan faqat yotib yashash esa sekin-asta yurakning kam urishi va organizmning shunga ko‘nikib qolishiga, holsizlanish holatlariga olib keladi, bu esa ibodatlarimizgayam o‘z ta'sirini o‘tkazishi mumkin.

Saharlikdan so‘ng 4–5 kilometr piyoda sayr qilib olish, iftorlikdan keyin esa taroveh namozlariga qoyim bo‘lish tavsiya qilinadi.

Sutkasiga kamida 7 soat uxlab olish kerak, lekin kunduzi och qorinda uxlashga sharoiti borlarga aytishim mumkinki, bu uyquni kamida ikkiga ko‘paytirib, hisob-kitobingizni olib boravering. Ya'ni kunduzgi 1,5–2 soatlik uyqu tungi 4–5 soatning o‘rnini bosadi, buning sababi bizni oshqozonimiz toza holatda ekanligidadir. Ko‘proq peshindan keyin uxlab olish tavsiya qilinadi.

Quyosh nuri garchi bizni issiqdan «qiynasa-da», lekin bir tarafdan bizni chiniqtirib, vitaminlarga to‘ydiradi, tana qurilishimizni mustahkamlaydi. Har kuni kunning birinchi yarmigacha 15–20 daqiqa quyosh va tashqi havo issiqligidan chiniqib olish lozim.

Iftorlik

Bu paytda oshqozonimiz va butun sezgi organlarimiz hazm qilish va ta'm sezishga shay turadi, shu sababdan bu paytda insonni ta'm sezish organlari karrasiga yaxshi ishlaydi.

Avval ikki dona xurmo va taxminan 300 ml.gacha iliq yoki uy haroratidagi suv bilan og‘iz ochib olamiz yoki suvni kamroq ichib, ho‘l mevalardan yeb olib, so‘ngra 10–15 daqiqadan keyin ovqatlanishimiz mumkin. Bu xuddi avtoulovni haydash uchun qizdirib tayyorlashdek, oshqozonimizni ovqat hazm qilishga shay qiladi.

Kechki ovqat imkon qadar tez hazm bo‘ladigan va yengil bo‘lishi lozim va albatta, barra salatlar, ko‘katlar bilan birga iste'mol qilinishi kerak.

Ovqatlanib bo‘lib, taxminan 1 soatdan so‘ng yaxna ichimliklar, shirinliklar va boshqa mevalardan iste'mol qilishimiz mumkin.

Kechasi yotishdan bir soat oldin, qatiq, tarvuz va boshqa tez hazm bo‘ladigan meva va sabzavotlardan yeb olib, so‘ngra uxlashimiz mumkin.

Zararli odatlar

Saharlikda me'yoridan ortiq va tartibsiz ovqatlanib bo‘kib olish o‘ta noto‘g‘riligini unutmang. Bu yomon odat, oshqozonda muammolar keltirishi bilan birgalikda aksincha kun davomida och va chanqab yurishingizga ham sabab bo‘lishi mumkin. Ortiqcha vaznga ega odamlar saharlikda nomiga mevalardan yeb olib, suvdan to‘yib olishsa, shuning o‘zi kun davomida yengil yurishlariga yetarli, deb o‘ylayman.

Saharlikda yaxshi ovqatlanib turib, shartta cho‘zilib yotish judayam zararli. Bu holat oshqozon-ichaklarimizning ish faoliyatini buzib, kun davomida behol yurish yoki shu bilan oshqozonda muammolar keltirib chiqarib, qiynalib qolishimizga sabab bo‘lishi mumkin.

Og‘iz ochganda yaxdek ichimlik bilan chanqoqni bosish zararli odat, deb bilaman. Kun davomida oshqozon va ichki a'zolar o‘zini o‘zi davolash bilan band bo‘ladi va ichki harorat issiq turgan paytda muzdek ichimlikni ichish bu xuddi qizib turgan yog‘ga suv sachratishdek gap. Bu naqafat ro‘zaning shifobaxshlik xususiyatini pasaytiradi, balki iftorlikda yegan ovqatimizning tez hazm bo‘lishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Og‘iz ochgan paytda juda ham ko‘p suv ichish odati ham ishtahani bo‘g‘ib qo‘yadi. Natijada, yaxshi ovqatlanolmay qolasiz yoki majburan ovqatlanish natijasida ertalabgacha oshqozon damlab, yegan narsangiz hazm bo‘lmasdan qiynalib yurasiz.

Ovqat payti meva, shirinliklar, tort, shokolad, gazlangan ichimliklar qo‘shib iste'mol qilish mumkin emas. Bular birga aralashsa, hazm jarayonini sekinlashtirib, bizni qiynab qo‘yadi.

Ro‘zaning yanada shifobaxsh bo‘lishini va Ramazonda tetik yurishni istasangiz, albatta, faqat tabiiy yeguliklar va ichimliklar bilan taomlanishni tavsiya qilaman. Faqat tabiiy! Bunda har xil turdagi mahsulotlarni qo‘shib iste'mol qilmaslikka e'tibor qaratish lozim. «100 yil ortga qaytamiz» tartibiga rioya qilib, oziq-ovqatlarni tanlash tavsiya qilinadi.

Non har doim dasturxonimizda bor va bo‘ladi, imkon qadar uning margarin va boshqa chetdan kelayotgan yog‘lardan tayyorlanganini iste'mol qilmaslikni tavsiya qilaman. Chunki u zararli non hisoblanadi. O‘zimizning saryog‘da tayyorlangan yoki parhezbop nonlar iste'mol qilish tavsiya qilinadi.

Yana bir zararli odat — konditsionerni juda ham salqin qilib olish hisoblanadi: shamollab qolish mumkin. Qolaversa, issiq havoda chiniqishni o‘zi inson organizmi uchun koni foydadir.

Xulosa

Yuqoridagi maslahatlar asosan o‘zimning tajribalarimdan kelib chiqib yozildi, albatta. Kun davomida sabr qilib yurgandan so‘ng kechqurungi ayrim cheklovlarga rioya qilish oson ish emas. Bu ham sabr talab qiladigan ish, agarda sabr bilan yuqoridagilarga rioya qilinsa, albatta, ro‘zamizning shifobaxshlilik xususiyati yanada ko‘proq bo‘ladi va Ramazon oyida yanada tetik va ibodatlarimizda mustahkam yurishimizga turtki beradi.

Shuni unutmangki, avvalgi vaqtlarda bobolarimizning muzlatgichlari to‘la bo‘lmagan, ular biz tuzatadigan dasturxonlarni tuzab iftorlik qilishmagan, ularning dasturxonlari faqat tabiiy ichimliklar va hech qanday kimyoviy qo‘shimchalar qo‘shilmagan mahsulotlarga boy bo‘lgan. Boz ustiga, ular quyosh nurida chiniqib, toza havodan nafas olishga harakat qilishgan. Albatta, ular ro‘zadan bizdan-da ko‘proq shifo topishgan. Shu sababdan avvalgi tabiiy yashash tarziga moslashtirib kun kechirishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Ramazon ro‘zasini tutishni boshlagandan 2–5-kunlar ayrimlarda bosh og‘rig‘i kuzatiladi, buni tabiblarimiz ularning tanasida zararli toksinlarning tark etishi sabab, deb ta'kidlab o‘tishgan. Yana qandaydir kasalligingiz bo‘lsa, holatga qarab shifokorga murojaat qilishni unutmang.

Har bir organizm, mizoj, iqlim va sharoit har xil, shunga qarab o‘zingizga mos foydali tadbirlarni qilib ramazon oyini foydali o‘tkazib oling.

Butun dunyo tibbiyot va tabobat olimlari ro‘zani ming dardga davo, deb ta'kidlashadi. Oshqozon kasalliklari, bo‘g‘inlardagi muammolar, tuzlar, toshlar, qon bosimi va boshqa kasalliklardan birvarakayiga xalos bo‘lishni istasangiz, albatta, imkoni boricha yuqoridagi maslahatlarga to‘liq rioya qiling. Shundagina ro‘zani 30 kun paydar-pay qiynalmay tutasiz, Alloh rizoligiga erishasiz, shifo ham topasiz.

Niyatimiz — faqat Alloh roziligi uchun bo‘lsin, salomatlikka e'tiborli bo‘lish va sog‘lom taomlanish esa sunnatga muvofiq tadbirlardir.

P.S. Har yili mehnat ta'tilini ramazon oyiga to‘g‘rilab oladigan yoki shaxsiy tijoratini vaqtincha to‘xtatib, ibodat va ilm olib muborak oyni o‘tkazadiganlarga ko‘pchiligimiz havas qilar edik, bu yil esa karantin munosabati bilan bu imkoniyat deyarli har birimizga mavjuddir. Bundan unumli foydalangan holda, har kuni, har soniyada ushbu baloni Yaratganning o‘zi bizdan daf qilishini so‘rab, duo qilishni kanda qilmasligimiz lozim.

Ramazon oyi barchaga muborak bo‘lsin!

Rashid Usmonov,
bloger, salomatlik va sport targ‘ibotchisi.

Top