18:10 / 25.04.2020
19715
«Bemorlar bilan birinchi bo‘lib biz muloqotda bo‘lamiz» – Tez tibbiy yordam faoliyatidan reportaj

Shifokorlik – mashaqqatli va sharafli kasb. Hozirgi epidemiologik sharoitda ularning yelkasidagi mas'uliyat yana ham ortgan. Bu borada tez tibbiy yordam xodimlarining o‘rni bo‘lak. Kun.uz muxbiri Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limi bosh shoxobchasida bo‘lib, tez tibbiy yordam xodimlarining ish faoliyatidan reportaj tayyorladi.

Ish har doimgidan-da qizg‘in va ko‘proq mas'uliyatni talab qilyapti. Bu yerga tuman bo‘yicha barcha chaqiruvlar kelib tushadi va hududga qarab 10ta shoxobchaga tarqatiladi.

Nilufar Nazarova

Navbatchi dispetcher chaqiruv qo‘ng‘iroqlarini qabul qilib, uni shifokor, hamshiraga yo‘naltiradi. Chaqiruv bo‘lmagan vaqtda hamshira Nilufar Nazarovani suhbatga chorladik.

«Ish kunim soat 8:00dan 14:00gacha davom etadi – hozir kunduzgi navbatchilikda 6 soat ishlyapman. Tungi smena davomiyligi esa 18 soat. Har oyda navbatchilik vaqti almashadi.

Ish kunimiz dori qutisida belgilangan preparatlar borligini tekshirishdan boshlanadi. Dorilar jurnalida 34 xil dori vositalari bo‘ladi. Shundan so‘ng chaqiruv bo‘lsa, shifokor bilan manzilga yetib boramiz. Bir kunda 5-8ta chaqiruvga boraman. Karantin paytida chaqiruvlar soni ko‘paygan. Keksa fuqarolar mavsumiy kasalliklar bo‘yicha murojaat qilishmoqda», deydi Nilufar Safarova.

Jarayon haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lish uchun navbatchi shifokor, tez tibbiy yordam bo‘limi mudiri Sobir Usmonov va hamshira Nilufar Safarova hamrohligida bir necha chaqiruvlarga bordik. Asosan keksa yoshdagi fuqarolar murojaati ko‘payganini borgan chaqiruvlarimizdan ham bilib olish mumkin.

Sobir Usmonov

Sobir Usmonov 25 yillik ish tajribasiga ega, mutaxassisligi – reanimatolog. Bir vaqtning o‘zida tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam va reanimatsiya bo‘limida ishlaydi. Suhbatdoshimiz karantin davrida ish hajmi oshgani, bo‘layotgan chaqiruvlar turi va ish faoliyatiga oid boshqa ma'lumotlarni aytib o‘tdi.

«Tez tibbiy yordam bo‘limida 2 turdagi chaqiruvlar: o‘ta shoshilinch holatdagi, kechikib bo‘lmaydigan va surunkali, o‘ta shoshilinch bo‘lmaganlari ajratiladi. Tuman bo‘yicha bir kunda o‘rtacha 70-75ta chaqiruvlar bo‘ladi. Karantin davrida chaqiruvlar soni biroz ko‘paydi, ya'ni kuniga 75-80ta chaqiruvlar bo‘lyapti.

Pandemiya davrida tez tibbiy yordam xodimlarining mas'uliyati yanada ortgan. Biz kasallik bilan ilk marta to‘qnashamiz. Shuni anglagan holda, zarur ehtiyot choralarini ko‘ramiz. Aks holda, bilmagan holda kasallikka chalingan bemor bilan kontakt o‘rnatilishi mumkin. Koronavirus kasalligi belgilariga o‘xshash kasallikka chalingan bemorlarga alohida e'tibor qaratamiz. Vahimaga tushib qolgan bemorlar ham bor. Shunday vaqtda ularga to‘g‘ri tushuntirib, ortiqcha qo‘rquvga berilmasliklarini so‘raymiz.

Kasb taqozosi bilan turli vaziyatlarga tushamiz. Ulardan biri – bemor yaqinlari bilan bo‘ladigan munosabat. Ayrim hollarda fuqarolar manzilni to‘g‘ri tushuntirishmaydi, telefonda qo‘pollik bilan tezroq yetib kelishimizni talab qilishadi. Biz bor imkoniyatimiz bilan birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Ko‘rsatilgan manzil to‘g‘ri tushuntirilmasa, yetib borishimiz ham kechikadi. Ayniqsa, kechasi tog‘li hududlarga chaqiruvlar bo‘lsa, telefon aloqasi yaxshi ishlamasligi mumkin. Shunaqa holatda noqulay bo‘lsa ham qishloqdagi xonadonlardan kerakli manzilni topib boramiz. Fuqarolar shunaqa vaziyatlar bo‘lishini to‘g‘ri tushunishsa, ishimiz ham ancha yengillashgan bo‘lardi», deydi shifokor.

Abduvali Xolboyev

Tez tibbiy yordamda 5 yildan beri navbatchi-dispetcher bo‘lib ishlovchi Abduvali Xolboyev bilan ham suhbatda bo‘ldik.

«Bir kunda 80-100tacha chaqiruvlar bo‘ladi. Qabul qilingan chaqiruvni shifokorlarga yetkazish uchun 3 daqiqa, tez tibbiy yordam guruhining yetib manzilga yetib borishiga esa 15-20 daqiqa ketadi. Bundan uzoqroqqa cho‘zilib ketishi ham mumkin. Ob-havo, vaqt (ayniqsa, kechasi), telefon aloqasi ta'sir ko‘rsatadi. Telefon aloqasi ishlamay qolgan paytlarda hududga biriktirilgan tez tibbiy yordam shoxobchalari xodimlariga qo‘ng‘iroq qilamiz. Ular o‘sha yerdagi har bir fuqaroni taniydi va tez tibbiy yordam manzilga yetib borishiga ko‘maklashishadi», deydi u.

Shoxobchada xodimlar 2 smenada navbatchilik asosida faoliyat olib borishadi. Kunduzgi ish vaqti ertalab soat 8dan 17gacha, tungi ish vaqti esa 17dan ertalab 8gacha davom etadi. Kechasi chaqiruvlar soni ko‘payadi.

Shoxobchada shifokorlar dam olishi uchun maxsus xona ham ajratilgan. Chaqiruvlardan bo‘shagan vaqtlarida hordiq chiqarishlari mumkin, shu yerda tamaddi ham qilib olishadi.

Akbar Yolg‘oshev

Akbar Yolg‘oshev 7 yildan beri tez tibbiy yordam haydovchisi bo‘lib ishlaydi. U bilan qo‘pol muomalada bo‘luvchi bemorning yaqinlari va chaqiruv joyiga kechikish sabablari haqida gaplashdik.

«Ba'zi hollarda bemor yaqinlari shifokor yoki hamshiraga qo‘pollik qilishadi. Shunda ularni tinchlantirib, avval bemorga yordam berib, keyin masalani hal qilamiz, deymiz. Har qanday vaziyatda ham og‘ir-bosiqlik bilan munosabatga kirishishga harakat qilish lozim.

Qish-qirovli kunlarda tog‘li hududlarga avtomobilda chiqolmagan vaqtlarimizda guruh bilan piyoda borishga to‘g‘ri kelgan. Bemorni zambilda ko‘tarib qaytganmiz», deydi u.

Reportajni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Muhabbat Ma'mirova.
Tasvirchi – Jahongir Aliboyev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top