09:00 / 25.04.2020
77901
Karantindan keyin – vaksina topilguncha. Shu oraliq davrda bizni qanday hayot kutmoqda?

Epidemiologiya, biostatistika va pediatriya fanlari bo‘yicha Kaliforniya universiteti professori Devid Kesler The New York Times nashrida e'lon qilingan maqolasida karantin tugagach, to koronavirusga qarshi vaksina topilmagunga qadar, ijtimoiy munosabatlar qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida so‘z yuritadi.

Foto: REUTERS/Aly Song

Hammasi eski holiga qaytishi mumkinmi?

Hamma hozir o‘z yurtida hayot iziga qaytishini va yana imkon qadar tezroq ishga, o‘qishga borishni xohlamoqda.

Ammo karantin bekor qilinganidan keyin ham, virus o‘zi tashuvchi ekanini bilmagan odamlar orqali boshqalarga yuqaveradi.

Biz bitta faktni tan olishimiz kerak: eski hayot tarziga qaytish o‘ta sekin va yoqimsiz bo‘lishi mumkin. Ehtimol, buning uchun ko‘p vaqt va katta sabr talab etilar.

Vaksinaga ega bo‘lmagunimizcha to‘liq erkin bo‘lmasligimiz aniq. Xo‘sh, shunday ekan, biz bu sharoitda qanday qilib xavfsiz harakatlanishimiz mumkin?

Jorjiya shtati universitetining Gerardo Kovel boshchiligidagi epidemiologlari fikricha, insonlar o‘zlarining ijtimoiy munosabatlarini koronavirus tarqalmasdan oldingi vaziyatga qaraganda 65 foizga qisqartirishlari zarur.

Mazkur universitet epidemiologlari shunday yo‘l tutilsa, virus har safar bitta kamroq odamga yuqishiga ishonishadi. Ularning hisoblashicha, ijtimoiy munosabatlarni qisqartirish – virus yuqishi ko‘rsatkichining pasayishiga, holatni nazoratda ushlab turishga yordam beradi.

Bunga erishish uchun jamiyatda umumqabul qilingan normalar ham o‘zgarishi, odamlar boshqalar bilan muloqot cheklanishiga va himoya vositalaridan foydalanishga ko‘nikishlari zarur. Ya'ni odamlar nafaqat o‘z atrofidagi oilasi, do‘stlari, hamkasblari uchun, balki butun jamiyat oldida mas'uliyatli ekanini ham sezishi kerak.

Qanday qilib?

Masalan, agar ish sharoitimiz imkon bersa, odamlar bilan aloqalarimizni uchdan ikki qismga qisqartirishimiz zarur. Bu qisqartirish uyda bajarish mumkin bo‘lgan vazifalarni ofisga bormasdan qilishni nazarda tutadi. Ayrimlarimiz esa uyda masofadan ishlashni davom ettirish orqali bundan-da ko‘proq ijtimoiy munosabatlarni qisqartirishga erishishimiz mumkin.

Bundan tashqari, ko‘chaga chiqqanda niqob taqish, masofani saqlash, jamoat transporti yoki do‘konlarga kirganda qo‘lqop taqish va qo‘lni tez-tez yuvish kabilarga e'tiborli bo‘lishimiz kerak. Odamlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladigan kasb egalari, misol uchun, hisobchilar himoya kiyimlarida bo‘lishi, shamollash alomatlari bor xodimlarning ishga chiqishi cheklanishi zarur.

Shuningdek, bundan buyog‘iga avtobus, metro, poyezd yoki samolyotlarda tiqilinch yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar yangi avtobus, poyezd yoki samolyot sotib olish uchun davlatdan subsidiya ajratishni so‘rashi, shu orqali bitta jamoat transportidagi yo‘lovchilar sonini kamaytirishga erishishi zarur bo‘ladi.

Har bir qatnovda transport vositasining tozaligi alohida nazoratda bo‘lishi, uchuvchi va haydovchilar niqoblarda bo‘lishi kerak.

Hammasi bosqichma-bosqich bo‘lishi kerak

Dunyoni ochish bosqichma-bosqich bo‘lishi kerak. Biznes egalari ish joyida turli yo‘llar bilan odamlarning o‘zaro aloqada bo‘lishini qisqartirish haqida o‘ylab ko‘rishi zarur. Uydan ishlash imkoni borlarning esa masofadan ishlashda davom etavergani ma'qul.

Ishchilar oraliq masofasi kengayishi, majlislar onlayn yoki cheklangan sonli odamlar bilan o‘tkazilishi kerak. Bundan tashqari, odamlarning bir joyga ko‘p to‘planishi va o‘ta muhim bo‘lmagan biznes safarlarga cheklov qo‘ygan ma'qul.

Agar hammasi muvaffaqiyatli borib, virus tarqalish tezligi pasaysa, yangi normal hayot tarzini kengaytirib borish mumkin. Ovqatlanish joylari ham agar xodimlari va mijozlariga ijtimoiy masofa saqlash imkoniyatini yaratib bera olsa, qayta ochilishi, yangi zararlanish holatlari qayd etilmasa, sport zallar, teatrlar, konsertlar masofa saqlash tamoyili asosida ishlashi mumkin.

Minglab emas, millionlab testlar kerak

Yangi dunyoga qadam qo‘yishdan oldin yangi test qilish sistemasi ham o‘z o‘rniga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Bunda hozirgidek kuniga yuz minglab emas, balki millionlab odamlarni test qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ko‘plab laboratoriya binolarining barcha kerakli jihozlari shay turishi hisobiga, bunga erishish imkoni bor.

Testlar natijalariga qarab, qaysi hududlarda yana ko‘proq test o‘tkazish kerakligini belgilab olish zarur.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasi infrustrukturasi yetarli darajada talabga javob bera olishi lozim. Xususiy sektor esa tibbiyot xodimlari va boshqa barcha zarurati bo‘lgan odamlarga shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarish uchun xuddi urush davridagidek yetarlicha qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

Gap shundaki, biz ko‘chaga chiqishdan oldin koronavirus tarqalishi nazorat ostida ekaniga, yetarli shifoxona, intensiv davolash tizimi, sun'iy nafas berish apparatlariga ega ekanimizga ishonishimiz zarur.

Va nihoyat, xavfsiz va samarali vaksina topilganida, bularning barchasidan qutulamiz. Ungacha esa barchasi o‘zimizni qanday tutishimizga bog‘liq.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top