10:31 / 25.04.2020
30829

«Menda shamollashdek o‘tib ketdi. Boshqalarda bunday bo‘lmasligi mumkin» - Samarqandda 4 kishi sog‘aydi

24 aprel kuni Samarqand viloyatida ham to‘rt nafar bemor koronavirus xastaligidan butunlay sog‘aydi. Ular viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan uylariga kuzatib qo‘yildi.

«Ochig‘i, bugun o‘zimni qayta tug‘ilgandek his qilyapman. Bu xastalik menda odatdagi shamollash qatori o‘tib ketdi. Ammo hammada ham bunday bo‘lmasligi mumkin.

Xastalik alomatlarini sezgan zahotim o‘zimni oilamdan, yaqinlarimdan izolyatsiya qilgandim. Xudoga shukr, ularning hech biriga kasallik yuqmadi.

Avvalo, davlatimiz rahbaridan minnatdorman, shifokorlarimizga rahmat aytaman. Ular bizga a'lo darajada qarashdi. Sog‘ayib chiqishimda ularning katta xizmatlarini his qildim», deydi uyiga javob berilganlardan biri.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, sog‘ayganlarning barchasi ushbu infeksiyaga chalinganlar bilan yaqin muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 2 nafari erkak, 2 nafari esa voyaga yetmagan bola. Barchasi – Samarqand viloyatidan.

24 aprel holatiga ko‘ra, viloyat bo‘yicha koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari soni 43tani tashkil etgan.

Pandemiya sababli Samarqand shahridan tashqari, Toyloq tumaniga ham kirish va chiqish cheklangan. 

Mavzuga oid
Top