23:28 / 25.04.2020
75183

OAV: Kim Chen In operatsiyadan so‘ng og‘ir ahvolda qolmoqda

Yaponiya va Hongkong ommaviy axborot vositalari KXDR rahbari Kim Chen Inning yuragida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin «vegetativ holat»ga tushib qolganini yozmoqda.

Foto: KCNA

Shu haftada KXDR yetakchisi «kashandalik va semizlik» oqibatida kelib chiqqan xastalik tufayli, yuragidan operatsiya qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Kimning ahvoli og‘irlashgan. 

Shukan Jyenday («Shūkan Gendai») jurnalining Kim operatsiyasida qatnashgan jarrohga tayanib bergan ma'lumotiga ko‘ra, u aprel oyida qishloqlardan biriga sayohat qilgan paytida mazasi qochgan. Shundan so‘ng, Kimning yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shifokor o‘ta semiz bemorlarni operatsiya qilishga o‘rganmagani tufayli asabiylashganini aytgan. Natijada, jarrohlik amaliyotida nuqson yuz berib, bemor «vegetativ holat»ga tushib qolgan.

Vegetativ holat — miya yarimsharlarining lat yeyishi yoki funksiyasi buzilishi natijasida ruhiy faollikning yo‘qolishi, ammo vegetativ va harakatlanish reflekslarining saqlanib qolishidir.

Avvalroq Reuters agentligi Kimning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida turli xabarlar tarqalgandan keyin, Xitoy tibbiy ekspertlar guruhini Shimoliy Koreyaga jo‘natgani haqida xabar bergan edi.

Ayni paytda rasmiy Pxenyan Kim Chen Inning sog‘lig‘i yomonlashgani yoki uning «vegetativ holat»ga tushgani haqida hech qanday xabar bermadi.

Mavzuga oid
Top