08:41 / 25.04.2020
7711
«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun yangi modda bilan to‘ldirilmoqda

Unda pedagogik xodimlarning kasbiy sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasida ekanligini, shuningdek, pedagogik xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga hamda xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligini belgilash nazarda tutilmoqda.

Parlament quyi palatasida o‘tkazilgan navbatdagi majlisda deputatlar ta'lim-tarbiya sohasiga taalluqli qonun loyihasini ham muhokama qildilar.

Ta'kidlab o‘tilganidek, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi mazkur hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, shu bilan birga, soha, mutaxassislari, olimlar fikrlari, takliflari o‘rganildi.  

Ushbu qonun loyihasi bilan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida javobgarlik nazarda tutilmoqda. Xususan, mazkur moddaning birinchi qismida jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha, ikkinchi qismida — besh baravaridan o‘n baravarigacha, uchinchi qismida — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, to‘rtinchi qismda esa o‘n besh baravaridan — yigirma besh baravarigacha etib belgilanyapti.

Onlayn muhokamalarda so‘zga chiqqan deputatlar samarali ta'lim tizimini yaratish pedagogik kadrlarning jamiyatdagi o‘rniga bevosita bog‘liqligini ta'kidlashdi. O‘qituvchi maqomining yuqori nufuzga ega emasligi, uning huquqiy himoyalanmagani hamda faoliyatining daxlsizligi kafolatlanmagani ta'lim sifatini jahon standartlari darajasiga ko‘tarishga imkon bermayotgani aytib o‘tildi.

Shu bois, qonun loyihasida mazkur kodeksni yangi 197-5-modda bilan to‘ldirilgani maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Ahamiyatlisi, yangi modda bo‘yicha ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish masalasini ma'muriy sudlar vakolatiga kiritish taklif etilayotganidir.

Shuningdek, “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun 30-1-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unda pedagogik xodimlarning kasbiy sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasida ekanligini, shuningdek, pedagogik xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga hamda xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligini belgilash nazarda tutilmoqda.

Qayd etilganidek, hujjatni qabul qilish natijasida ota-onalarning bola tarbiyasi uchun mas'uliyatini kuchaytirishga, o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqei oshishiga hamda ularning huquqiy himoyasini ta'minlashga erishiladi.

Top