14:57 / 25.04.2020
5743

Tanqidga munosabat - Andijonda 1197 call-markaz operatorlari soni ikki barobarga oshirildi  

Foto: KUN.UZ

Kun.uz saytida “1197 va xayriya markazlarining boshqa telefon raqamlari nega javob bermayapti? – Vodiy viloyatlaridagi holat” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Materialda Namangan, Farg‘ona va Andijon Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmalari huzurida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari call-markazlarining 1197 raqamiga ehtiyojmand oilalar bog‘lana olmayotgani yoritilgan.

Andijon viloyati hokimligi va call-markaz maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklarni hal etilgani haqida ma'lumot berdi 

Maqolada keltirilgan holatni o‘rganish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan tezkor ishchi guruhi tuzilgani aytiladi.

“Ishchi guruhi o‘rganish jarayonida Uztelecom mas'ul xodimlari bilan bog‘lanilganda 1197 va xayriya markazining har bir operatorida kutish rejimi 20 tadan 25 tagacha kuzatilayotganligi, bunga sabab fuqarolar murojaat vaqtida operatorlarni vaqtlarini ko‘p olayotganligi sababli ushbu holat yuzaga kelayotganligi aniqlangan.

1197 va xayriya markaziga shu kunga qadar jami 12 500 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning ayni damda bir kun davomida 600 tadan 800 tagacha murojaatlar kelib tushayotganligi aniqlandi.

Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruh tomonidan operatorlar soni ikki barobarga oshirildi hamda homiylar uchun alohida yagona (74 223-88-32, 91 485-97-47) telefon tarmog‘i o‘rnatildi.

Avval e'lon qilingan raqamlar mas'ullarning raqamlari bo‘lib, ular mahsulotlarni taqsimlash va tarqatish jarayoni bilan band bo‘lganligi sababli telefon murojaatlariga javob bera olmagan. Bartaraf etilgan kamchiliklardan so‘ng 1197 va xayriya markazi kuniga 1500 ga yaqin fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish qamroviga ega bo‘ladi.

1197 raqamiga javob beruvchi operatorlar ish olib borayotgan call-markaz va xayriya markazini faoliyatini Facebook’dagi sahifa orqali kun davomida 1 soat jonli efirda kuzatish mumkin bo‘ladi”, deyiladi ma'lumotda.

 

Top