11:20 / 26.04.2020
5285
Boris Jonson ishga qaytmoqda

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 27 aprel kuni koronavirusdan keyingi tiklanish jarayonini tugallab, ishga qaytadi. Bu haqda CNN telekanali Dauning-stritdagi manbaga asoslanib xabar tarqatdi.

Foto: AFP

Qayd etilishicha, hukumatni Jonson yo‘qligida vaqtincha boshqarib turgan TIV rahbari Dominik Raab o‘z ishiga qaytgan.

Dauning-stritdagilar Jonson «jangga tayyorligi»ni aytib o‘tishgan.

So‘nggi kunlarda hukumat rahbarlarining Londondan tashqarida joylashgan Chekkersdagi qarorgohida sog‘ligini tiklash bilan band bo‘lgan bosh vazir qirolicha Yelizaveta II, Vazirlar Mahkamasi a'zolari hamda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan aloqada bo‘lib turgan.

Jonson 27 mart kuni tvitterdagi sahifasi orqali koronavirus yuqtirib olgani va shu tufayli ihotalanishi haqida xabar qilgandi. O‘shanda unda respirator kasallikning kuchsiz belgilari kuzatilgan va bosh vazir masofadan turib hukumatni boshqarishda davom etgandi.

5 aprelga o‘tar kechasi uni shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra Avliyo Foma shifoxonasiga olib borishdi, uning tana harorati ko‘tarilib ketib, quruq yo‘tal kuzatila boshlagandi. 6 aprel kuni Jonsonning ahvoli og‘irlashgan va uni intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazishgandi.

Shu kundan Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab hukumatni vaqtincha boshqarishga kirishgandi.

12 aprel kuni Jonsonga shifoxonadan javob berildi. Keyingi kuni koronavirus uchun o‘tkazilgan test salbiy natija ko‘rsatdi. Bosh vazir o‘zi davolangan klinika xodimlariga, xususan, u reanimatsiyaga yotqizilgan kunlarda navbatchilik qilgan hamshira Jyenni Makgi va tibbiy xodim Luis Pitarmaga alohida minnatdorchilik bildirgandi. 

Qayd etish kerakki, Jonsonning qaytishi hukumat koronavirusga qarshi kurashda sustkashlik qilgani uchun tanqidga uchrayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda.

Hukumatdagi manbalarning ma'lum qilishicha, Jonson endi mamlakatda karantin choralarini yumshatishga shoshilmaydi.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada koronavirusdan zararlanish holatlari soni 148,3 mingdan oshgan, 20 mingdan ortiq bemor vafot etgan.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top