01:25 / 26.04.2020
49612
Dunyodagi vaziyat: Qurbonlar soni 200 mingdan oshdi, JSST ogohlantirdi

Butun dunyoda Covid-19’dan vafot etganlar soni o‘sishda davom etmoqda, ammo G‘arbiy Yevropaning ko‘plab davlatlarida epidemiya tarqalishi dinamikasi sezilarli darajada sekinlashgan. Ko‘plab davlatlar bosqchima-bosqich qat'iy karantin choralarini bekor qila boshladi.

Foto: GETTY IMAGES

Shanba kuni kechqurun butun dunyoda virusdan zararlanganlar soni 2,9 milliondan oshdi, vafot etganlar soni 202 mingdan oshiqni tashkil etmoqda, 830 mingdan oshiq kishi sog‘aygan.

BBC koronavirus pandemiyasi bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlarni keltiradi.

JSST ekspertlari koronavirusdan sog‘ayganlarning qonida antitanachalar paydo bo‘lsada, ular qayta kasallanishdan himoyalangan bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi. Shu bilan birgalikda, aholini antitelalarni aniqlash uchun test qilish qancha odam koronavirusga qayta chalinishi haqida umumiy kartina hosil qilish uchun muhimdir. Bunday ma'lumotlar qator karantin choralarini yumshatishga asos bo‘lishi, shuningdek ular virusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishda qo‘l kelishi mumkin.

Wizz Air loukosteri 1 may kunidan Venadan Yevropadagi qator yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshira boshlaydi, bu haqda kompaniya ijrochi direktori Yojyef Varadi ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyadagilar pandemiyagacha amalga oshirilgan reyslarning 30 foizini tiklashga umid qilishmoqda, ikki-uch oydan keyin esa 75-80 foiz reyslar odatiy grafikka qaytishini mo‘ljallashgan. Ammo Wizz Air samolyotlari uchadigan Yevropaning biror davlati bu bayonotga munosabat bildirmadi.

Yevropadagi vaziyat
Belgiya hukumati mamlakatni karantindan olib chiqishning yangi rejasini taqdim etdi. Maktab o‘quvchilari 11 maydan mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin, ammo sinfxonada bir vaqtning o‘zida 10dan ortiq kishi bo‘lishi mumkin emas. Hukumat bu hali dastlabki rejalar ekani va ular hali o‘zgarishi mumkinligini bildirgan.

Belgiyalik o‘quvchilar 11 maydan maktabga chiqishi mumkin / REUTERS

Mamlakatda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 45 mingdan oshgan, 7 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan - bu Yevropada aholi jon boshiga o‘lim darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Buyuk Britaniyada koronavirusdan vafot etganlar soni 20 mingdan oshdi. Britaniya sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, shanba kuni yana 813 o‘lim qayd etilgan va jami qurbonlar soni 20 319taga yetgan.

Bu muhim ko‘rsatkichdir, chunki britaniyalik olimlar bungacha o‘limlar soni 20 mingdan oshmasa buni epidemiyaga qashi kurashning «yaxshi natijasi» deb hisoblash mumkinligini aytishgandi.

Qolaversa, Britaniyada rasmiy raqamlar faqat shifoxonaga yotqizilganlar orasidagi o‘limlarni ifodalaydi, shuning uchun mamlakatda haqiqiy o‘lim darajasi butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin - qariyalar uylarida va fuqarolarning o‘z uylarida ham ko‘plab o‘limlar ro‘y bermoqda.

Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinganlar orasidagi ilk o‘lim 51 kun muqaddam qayd etilgandi.

Foto: GETTY IMAGES

BBC muxbiri Nik Trigglning xabar qilishicha, Britaniyada koronavirus avj olishining eng yuqori darajasidan o‘tilganiga ishora qiluvchi ko‘rsatkichlar bor. Ammo hozirda qariyalar uylarida ko‘plab o‘limlar ro‘y bermoqda va bu hukumat uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

Koronavirus qurbonlari soni 20 mingdan oshgan davlatlar bungacha to‘rtta edi: AQSh, Ispaniya, Italiya va Fransiya.

Germaniyada so‘nggi bir kunda 2055 kishida virus aniqlandi va jami zararlanish holatlari soni 155,7 mingdan oshdi. Epidemiya boshlanganidan buyon 5843 bemor vafot etgan.

Shanba kuni Belarus aholisi umummilliy hasharga chiqdi. Bu mamlakatda so‘nggi bir kunda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 817ta yangi holat qayd etildi va jami zararlanish holatlari soni 9590taga yetdi. Epidemiya davrida kasallikdan vafot etganlar soni 67 kishini tashkil etmoqda. Hukumat avvalboshdan hech qanday karantin choralari qo‘llamasligini bildirgan.

Fransiya hukumati nikotinga qarshi plastirni internet orqali va dorixonalarda sotishni taqiqladi, bunga tadqiqotchilar guruhi nikotin organizmni ma'lum darajada koronavirusdan zararlanishdan himoya qilishini aytishgani sabab bo‘ldi.

O‘tgan haftada Parijdagi shifoxonalardan biri ham kashandalar koronavirusga chalinganida ularning intensiv terapiyaga zarurat sezishi darajasi juda kam bo‘lishini ma'lum qilgandi.

Fransiya bu borada izlanishlarni davom ettirmoqchi. Ushbu mamlakat koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha Yevropadagi eng noxush ko‘rsatkichlardan birini qayd etmoqda: 22,6 mingdan ortiq qurbon, 161 mingdan ortiq zararlanish holati.

Jahonda nimalar bo‘lmoqda
AQShda Covid-19’dan vafot etganlar soni 53,4 mingga yetdi, 948 mingdan ortiq zararlanish holati qayd etilgan. Bu jahondagi eng yuqori ko‘rsatkichlardir.

Shu bilan birgalikda, Amerikadagi 3ta shtat - Jorjiya, Oklahoma va Alyaska - qat'iy karantin rejimini bekor qildi. Oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa do‘konlar ham faoliyatini tiklagan. Jorjiya va Oklahomada go‘zallik salonlari va SPA-komplekslar ham ochilgan, Alyaskada ko‘plab restoranlar ish boshladi.

Shanba kuni prezident Donald Tramp Oq uydagi doimiy brifingini odatdagidan erta yakunladi va jurnalistlarning savollariga javob berishdan bosh tortdi. Uni shtatlar gubernatorlarining qarorlarini aylanib o‘tgan holda butun mamlakatda karantin choralarini bekor qilishni maqsad qilgani tufayli tanqid qilishmoqda. Bundan tashqari, u payshanba kuni Covid-19 bemorlarini quyosh nuri va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan davolashni taklif qilib, ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Keyinroq uning vakillari jurnalistlar uning so‘zlaridagi sarkazmni tushunmaganini aytib chiqishdi.

Avstraliya va Yangi Zelandiyada shanba kuni Birinchi jahon urushida, xususan 1915 yilgi Dardanell operatsiyasi vaqtida halok bo‘lgan askarlarni xotirlash marosimi o‘tkazildi, o‘sha amaliyot muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanib, unda ittifoqchilar tarkibidan asosan avstraliyaliklar va yangi zelandiyaliklar juda ko‘p miqdorda halok bo‘lishgan.

Melburndagi memorial maydoni odatda odam bilan liq to‘lardi, 2020 yilning 25 aprelida esa sanoqli odam maydonga chiqdi AFP

Odatda bu kun ikki mamlakatda ham katta marosimlar bilan o‘tkaziladi, ammo bu yilgi tadbirlarni epidemiya tufayli bekor qilishga to‘g‘ri keldi. Buning o‘rniga odamlar kun botgan vaqtda ko‘chalarga chiqishdi va bir daqiqa sukut saqlashdi.

Avstraliyada epidemiya boshlanganidan buyon 6695 holat qayd etilgan, bemorlarning 80 nafari vafot etgan, Yangi Zelandiyada - 1461 holat va 8 o‘lim.

Hindiston hukumat ma'lum shartlar evaziga hududlardagi yirik bo‘lmagan do‘konlar faoliyatiga ruxsat berdi, xodimlarning faqat yarmi ishga qaytishi mumkin. Ular tibbiy niqob taqqan bo‘lishi va xaridorlar bilan munosabatlarda ijtimoiy masofa saqlashi kerak bo‘ladi.

Hindistonda karantin joriy etilganiga bir oydan oshdi, yuz minglab oilalarda yeyishga hech narsa qolmagan AFP

Mamlakatda mart oyi oxirida qat'iy karantin choralari joriy etilgandi. Mamlakat aholisining katta qismi kunbay ishlaydi va karantin tufayli yuz minglab oilalar ochlik yoqasida qoldi. Rasmiy Dehli iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yishning nisbatan xavfsiz yo‘llarini qidirmoqda.

Hindistonda shu vaqtgacha 26 mingdan ortiq kishida Covid-19 aniqlandi, bemorlarning 825 nafari vafot etdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top